Prezident davlat xavfsizlik xizmati sobiq mulozimi Shuhrat Rasulov 23 yilga qamaldi

O‘zbekiston 14:20 18861

Prezident davlat xavfsizlik xizmati o‘z xavfsizligi boshqarmasi sobiq boshlig‘i Shuhrat Rasulov 23 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

U Komil Allamjonovga suiqasdning asosiy buyurtmachisi sifatida qo‘lga olingandi.

Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, suiqasd ijrochilari sifatida Shohrux Ahmedov va Ismoil Jahongirov ham 23 yil muddatga qamalgan.

Shohrux Ahmedov va Ismoil Jahongirov

Ular o‘z videomurojaatida Komil Allamjonovga suiqasd ishi bo‘yicha ijrochi ekanini tan olgandi.

Buyurtmachi va ijrochilar o‘rtasida vositachilik qilgan Javlon Yunusovga 18 yil berilgan.

Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining sobiq birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayevga 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. U jinoyatni yashirishga urinish va tergov jarayoniga xalaqit qilishda gumonlangandi.

Yana 5 nafar sudlanuvchiga qilmishiga muvofiq ravishda turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.

Shov-shuvli suiqasd

26 oktyabr kuni soat 01:40 atrofida Komil Allamjonov haydovchisi bilan birga Range Rover rusumli avtomobilida uyiga ketayotganda Qibray tumanidagi Ifor ko‘chasida ikki noma’lum shaxs ulovni o‘qqa tutadi. Suiqasd natijasida hech kim jabrlanmaydi.

Bosh prokuratura ertasi kuniyoq bu borada rasmiy ma’lumot berib, ikki gumondor qo‘lga olinganini xabar qilgandi. Shundan keyin ish bo‘yicha hech qanday tafsilotlar ma’lum qilinmayotgandi.

Komil Allamjonov O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi, prezidenti ma’muriyatida axborot siyosatiga mas’ul shaxs sifatida ishlagan. Shavkat Mirziyoyev ma’muriyatida yuqori martabali mulozimlardan biri edi. Suiqasddan oldinroq Allamjonov ishdan ketgan va xususiy sektorda faoliyatini davom ettirishini aytgandi.

Unga uyushtirilgan suiqasd zamonaviy O‘zbekiston siyosatida kuzatilmagan holat bo‘lib, hozirgacha biror amaldagi yoki sobiq mulozimni o‘ldirishga urinish haqida rasmiy xabar berilmagan.

27 oktyabr kuni birinchi gumonlanuvchi ushlangani ma’lum qilindi. Bosh prokuratura 25 noyabr kungi bayonotida qo‘lga olinganlar soni 7 kishi ekanini ma’lum qildi, ulardan faqat bir nafarining shaxsini ochiqladi: bu – Janubiy Koreyadan ekstraditsiya qilingan Javlon Yunusov. Bayonotda yana bir gumondor Qozog‘istonda qo‘lga olingani ma’lum qilingan.

Noyabr oyida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi tizimida bir qator yuqori lavozimli amaldorlar, xususan DXX rahbari Abdusalom Azizov hamda Toshkent shahri IIBB boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev ishdan olindi. Manbalarga ko‘ra, bu iste’folar Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd ishi doirasida o‘tkazilayotgan tekshiruvlar bilan bog‘liq bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: