12 fevral kuni O‘zbekiston Harbiy sudida prezident administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdga oid jinoyat ishi doirasida 10 nafar shaxsga nisbatan sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.
Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Shuhrat Rasulov 23 yil, Javlon Yunusov 18 yil-u 6 oy, Shohrux Ahmedov 23 yil, Ismoil Jahongirov 23 yil va Doniyor Toshxo‘jayev 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Yana 5 nafar sudlanuvchiga qilmishiga muvofiq ravishda turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.
Xabarda qo‘shimcha tafsilotlar keltirilmagan.
Javlon Yunusov — ish bo‘yicha ismi ochiq e’lon qilingan yagona ayblanuvchi bo‘lgandi. OAV ma’lumotiga ko‘ra,
u suiqasd buyurtmachisi va ijrochilar o‘rtasida vositachilik qilgan bo‘lishi mumkin.Komil Allamjonovga suiqasd
2024 yil 30 sentabrgacha O‘zbekiston prezidenti administratsiyasida Axborot siyosati departamentini boshqarib kelgan Komil Allamjonov 26 oktyabrga o‘tar kechasi Qibraydagi o‘z uyi yaqinida hujumga uchradi: u o‘tirgan mashinaga bir necha bor o‘q uzilgan. Hodisada Allamjonovning o‘ziga shikast yetmagan. Shu kuni hodisa bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ertasiga, 27 oktyabr kuni birinchi gumonlanuvchi ushlangani ma’lum qilindi. Bosh prokuratura 25 noyabr kungi bayonotida qo‘lga olinganlar soni 7 kishi ekanini ma’lum qildi, ulardan faqat bir nafarining shaxsini ochiqladi: bu – Janubiy Koreyadan ekstraditsiya qilingan Javlon Yunusov. Bayonotda yana bir gumondor Qozog‘istonda qo‘lga olingani ma’lum qilingan.
Noyabr oyida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi tizimida bir qator yuqori lavozimli amaldorlar, xususan DXX rahbari Abdusalom Azizov hamda Toshkent shahri IIBB boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev ishdan olindi. Manbalarga ko‘ra, bu iste’folar Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd ishi doirasida o‘tkazilayotgan tekshiruvlar bilan bog‘liq bo‘lgan.
Chechen izi
Dekabr oyida O‘zbekiston chechenistonlik ekani aytilayotgan Bislan Rasayev va Shamil Temirxanov ismli Rossiya fuqarolarini Interpol orqali xalqaro qidiruvga berdi. Bosh prokuraturaga ko‘ra, bu – Allamjonovga nisbatan suiqasd ishi bilan bog‘liq bo‘lib, qidiruvdagilar qonunga xilof ravishda O‘zbekistonga kirish va chiqish, jinoyat haqida xabar bermaslik hamda o‘qotar qurolning qonunga xilof muomalasida ayblanmoqda.
Matbuotda tarqalgan tasdiqlanmagan xabarlarda, Rasayev va Temirxanovga O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbarining sobiq o‘rinbosari Komil Allamjonov hamda Istiqbolli loyihalar agentligi direktori Dmitriy Lini o‘ldirish buyurtmasi berilgani, bu ikki qotillik uchun buyurtmachi tomonidan ularga 1,5 mln dollar mukofot va’da qilingani aytiladi.
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 26 dekabr kungi bayonotida Qibraydagi jinoyatda «chechen izi» borligini yana bir bor rad etdi, shu bilan birga, Komil Allamjonov va Dmitriy Liga tahdid qilib, ular «qilmishlari» uchun javob berishini ta’kidladi. Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev bu tahdidni O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashish, sobiq deputat Rasul Kusherbayev esa terrorizm deb baholadi. Tojiyev, shuningdek, Rossiya Bosh prokuraturasidan Checheniston rahbarining tahdidiga huquqiy baho berishni so‘radi, Qodirovdan esa O‘zbekiston xalqi oldida uzr so‘rashni talab qildi.