Kun.uz muxbiri Toshkent shahar IIBB bilan birga tungi reydga chiqdi. Tasvirga olish guruhi tezkor tadbirlar davomida 58 ta to‘lanmagan qoidabuzarlik sabab qidiruvga berilgan Lacetti, yaqin insonini “giyohvand moddalarga qaramlikdan qutqarmoqchi” bo‘lgan ayol, kech tavba qilgan yigit iqrorlariga guvoh bo‘lishdi.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan navbatdagi reyd tadbirlari davomida, giyohvand modda “tashuvchilari” va qoidabuzar haydovchilarga qonuniy choralar ko‘rildi.
Xususan, yo‘l-patrul inspektorlari tomonidan to‘xtatilgan Lacetti avtomashinasidagi yo‘lovchi ayol shubha uyg‘otgani sabab Yunusobod tumani ichki ishlar bo‘limiga olib borildi. Xolislar ishtirokidagi tekshiruv jarayonida ayol yonida bo‘lgan o‘tkir hidli moddani o‘z xohishiga ko‘ra ichki ishlar xodimlariga taqdim etdi.
Yana bir holatda esa, yo‘l chetida guruh bo‘lib to‘planib, jamoat joyida tamaki chekib turgan bir guruh yoshlar bilan profilaktik suhbat o‘tkazish jarayonida, ulardan biriga tegishli bo‘lgan Lacetti avtoulovining hujjatlari tekshirilganida, avtomashinaning 58 ta to‘lanmagan qoidabuzarligi borligi, tegishli tashkilotlar tomonidan taqiq o‘rnatilib, qidiruvga berilgani ma’lum bo‘ldi.
Kamiga “avtomashina meniki emas” deb ta’kidlagan yigit hech qanday hujjatsiz avtomobil boshqargani, yon oynalarni qoraytirish uchun tegishli ruxsatnomasi yo‘qligi ayon bo‘ldi. Holat yuzasidan har bir holat bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirib, avtomashina vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga olib borildi.
Reyd davomida yana 3 ta holatda 3 nafar shaxsning yonida giyohvand moddalar borligi ma’lum bo‘ldi. Barcha daliliy ashyolar xolislar ishtirokida tegishli tartibda rasmiylashtirilib olindi.