Iordaniya qiroli Abdulla II AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvda yana bir bor G‘azo sektori va G‘arbiy Sohildan falastinliklarning Iordaniya va qo‘shni arab mamlakatlariga ko‘chirilishiga qarshi chiqdi. Bu haqda 11 fevral, seshanba kuni X mikroblogida monarxning o‘zi ma’lum qildi. «Bu arab davlatlarining yagona pozitsiyasidir», — dedi u.
«Biz Iordaniyaning Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan uzoq yillik hamkorligini muhokama qildik. Bu barqarorlik, tinchlik va umumiy xavfsizlik uchun hamkorlik bo‘lib qolmoqda», — dedi Abdulla II Donald Tramp bilan muzokaralari mazmuniga to‘xtalib.
AQSh prezidentining Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘yicha rejalarini sharhlar ekan, Iordaniya qiroli mintaqada barqarorlikni ta’minlashning yagona yo‘li, uning fikricha, «ikki davlat qaroriga asoslangan adolatli tinchlik» ekanini ta’kidladi. «Buning uchun AQSh rahbariyati kerak. Prezident Tramp tinchlikparvar odam. U G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejimini ta’minlashda muhim rol o‘ynadi. Biz AQSh va barcha manfaatdor tomonlar unga rioya etilishini ta’minlashga umid qilamiz», — deya qo‘shimcha qildi Abdulla II.
BMT Trampning falastinliklarni ko‘chirish rejasini noqonuniy deb topdi
AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azo sektorida yashovchi falastinliklarni ko‘chirish rejasi xalqaro qonunlarga ziddir. Bu fikrni BMT Inson huquqlari kengashi tomonidan tuzilgan Falastin hududi bo‘yicha mustaqil komissiya raisi Navi Pilley 9 fevral kuni chop etilgan Politico nashriga bergan intervyusida bildirdi.
«Tramp xalqaro huquq masalalarini nihoyatda yomon tushunadi. Bosib olingan hududda yashovchi bir guruh odamlarni majburan ko‘chirish xalqaro huquq normalarini buzish hisoblanadi va etnik tozalash bilan barobardir», — deydi u. Pilleyning fikricha, Trampning G‘azo sektoridan falastinliklarni ko‘chirish va uni AQShga topshirish g‘oyasini amalga oshirishning «qonuniy yo‘li» yo‘q.
Ruandadagi genotsid ishini ko‘rgan sobiq Xalqaro jinoiy sud (XJC) va maxsus sud sudyasi Pilley Trampning Amerika fuqarolari va AQShning Isroil kabi ittifoqchilariga nisbatan tergov harakatlari tufayli XJS rasmiylariga nisbatan sanksiyalarini qoraladi. «Xalqaro huquq ikki tomonlama standartlarsiz, davlatning do‘stlariga nisbatan bir xilda amal qiladi», dedi Pilley.