Hukumat qarori bilan «Ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Ma’rifiy faoliyat – insonni shaxsiy, intellektual va ma’naviy rivojlantirish, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirish, intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon etish, individual salohiyati, imkoniyatlari, kommunikativ qobiliyatlarini yaxshilash uchun zarur ko‘nikma va malakani shakllantirishga qaratilgan hamda davlat ta’lim standartlari bilan qamrab olinmaydigan faoliyat turi hisoblandi.
Nizom ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi va shakllarini belgilaydi hamda quyidagilarni nazarda tutadi:
- ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy shakllari hamda ushbu faoliyatni amalga oshiruvchilarga nisbatan qo‘yiladigan talablar;
- ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish shakllari (ma’ruza, taqdimot, seminar, mahorat darsi, kurs, leksiya, marafon, davra suhbatlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa shakllarda, bevosita yoki onlayn, yakka tartibda yoki guruhlarda, pulli yoki bepul);
- ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi, shu jumladan, ushbu faoliyat tinglovchilari orasida voyaga yetmagan shaxs mavjud bo‘lsa, majburiy tartibda ma’rifiy faoliyat dasturini ishlab chiqish talabi;
- ma’rifiy faoliyat ishtirokchilarining huquqlari, majburiyatlari va ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishda taqiqlanadigan xatti-harakatlar.
Ma’rifiy faoliyat bilan yuridik shaxs tashkil etib yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib shug‘ullanish mumkin.
Ma’rifiy faoliyat bilan yozma yoki elektron shaklda tuziladigan shartnomaga muvofiq pulli asosda shug‘ullaniladi.
14 yoshdan kichik shaxslarning ma’rifiy faoliyat tadbirlarida tinglovchi sifatida ishtirok etishlariga ularning ota-onasi (qonuniy vakillari) yozma roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.