Korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekiston to‘plagan ball pasaydi

O‘zbekiston 21:48 / 11.02.2025 2778

Transparency International xalqaro nodavlat tashkiloti 2024 yil uchun Korrupsiyani qabul qilish indeksini (Corruption Perception Index) e’lon qildi.

O‘zbekiston yangi reytingda 180 ta davlat orasida 121-o‘rinni egalladi. 100 balli indeks bo‘yicha (0 — korrupsiya darajasi o‘ta yuqori, 100 — o‘ta past) O‘zbekiston 32 ball to‘pladi (bir yil avval — 33 ball). Angola, Ekvador, Keniya, Shri-Lanka va Togoda ham shuncha ball bor.

Bir yil ichida mamlakatning bahosi 1 ballga pasaydi — bu ko‘rsatkich kamida 2012 yildan buyon birinchi marta yomonlashdi. Natijada, O‘zbekiston so‘nggi o‘n yil davomida korrupsiyani sezish ko‘rsatkichini yaxshilash sur’atlari bo‘yicha jahon (ammo mintaqaviy emas) yetakchilari ro‘yxatidan chiqib qoldi.

Avvalgi yillarda O‘zbekistonning o‘rni:

  • 2023 yilda 121-o‘rin;
  • 2022 yilda 126-o‘rin;
  • 2021 yilda 140-o‘rin;
  • 2020 yilda 146-o‘rin;
  • 2019 yilda 153-o‘rin;
  • 2018 yilda 158-o‘rin.

Reytingda ketma-ket yettinchi yil Daniya yetakchilik qilmoqda — 90 ball. Undan keyingi o‘rinlarni Finlandiya (88 ball) va Singapur (84 ball) egallagan.

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 2024 yil uchun indeksdagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib qolmoqda va 100 balldan 35 ballni tashkil etgan.

Mintaqada eng yaxshi natijani 53 ball bilan Gurjiston, Armaniston (47 ball) va Chernogoriya (46 ball) ko‘rsatdi. Yakuniy to‘rtlikda Rossiya (22), Ozarbayjon (22), Tojikiston (19) va Turkmaniston (17) bor. Qozog‘iston — 40, Qirg‘iziston — 25 ball to‘plagan.

Ko‘proq yangiliklar: