“Oziqovqatsanoat” uyushmasi faoliyati tiklanishi mumkin

O‘zbekiston 22:23 / 11.02.2025 947

O‘zbekistonda “Oziqovqatsanoat” uyushmasi tuzilishi mumkin. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan qaror loyihasida keltirib o‘tilgan.

Loyihaga ko‘ra, yangi uyushma “O‘zyog‘moysanoat” negizida, uning huquqiy vorisi sifatida tashkil etiladi. Uyushmaning tarkibi unga ixtiyoriy a’zo bo‘lgan yog‘-moy, un-yorma, non-makaron, go‘sht-sut va konserva sanoati, qandolat mahsulotlari, salqinlatuvchi va alkogolsiz ichimliklar hamda boshqa oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi va ko‘makdosh-ta’minotchi korxonalardan tashkil topadi.

Loyihada bojxona bojidan imtiyozlarni 2027 yil 1 yanvarga qadar “Oziqovqatsanoat”ga a’zo korxonalarga tatbiq etish nazarda tutilgan.

Shuningdek, uyushmaga talab va narxlar konyunkturasidan kelib chiqqan holda ayrim turdagi yog‘-moy mahsulotlari eksportiga vaqtinchalik muddatli cheklovlar joriy qilish, korxonalarning ishlab chiqarishga mos uskuna va jihozlar bilan ta’minlangani yuzasidan mavsumiy texnologik audit o‘tkazib borish vakolati berilishi ham ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan sut laboratoriyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, laboratoriyalarning vakolatlari belgilanishi, yog‘-moy mahsulotlari uchun ham majburiy raqamli markirovka tizimini joriy qilinishi taklif etilmoqda.

“Xalaqit bermanglar”

Iqtisodchi Otabek Bakirov agar yuqoridagi uyushma tashkil etiladigan bo‘lsa, vakolatlar va ma’muriy resurslarga ega “vazirlik”ka aylanib qolishidan xavotir bildirdi.

Yangi O‘zbekistonda eng tez rivojlangan va rivojlanayotgan sohalar bu – umumiy ovqatlanish, chakana savdo va oziq-ovqat sanoati.

Chunki bu sohalarda vazirlik yo‘q, davlatning aralashuvi yo‘q, zararkunanda chinovnik yo‘q, parazit imtiyozlar yo‘q. Lekin erkin bozor bor, kuchli raqobat bor, teng imkoniyatlar bor, texnologik yangilanish bor, ko‘lamning o‘sishi bor, oshayotgan ish o‘rni va soliq tushumlari bor. Ha, qiyinchiliklar ham bor.

Shunday ekan, xalaqit bermanglar. Bozorbuzuqilik qilmanglar. Yordamingiz shu bo‘ladi”, deya yozdi iqtisodchi.

“Restoran vazirligi tuzilsa, restoranlarning sifati tushib ketadi”

Iqtisodchi Behzod Hoshimov ham avvalroq iqtisodiyot tarmoqlarida davlat aralashuvining ortishi foydadan ko‘ra ko‘proq zararga ishlashi haqida fikr bildirgandi.

Toshkentda restoranlar zo‘rligi haqida ko‘p gapiriladi. Lekin Restoran vazirligi yo‘q. Men o‘ylaymanki, agar shunday vazirlik bo‘lib qolsa, restoranlarning sifati tushib ketadi. SSSR paytida savdo va restoran tresti bo‘lgan. Shuning uchun odamlar na narsa sotib olgan, na normal ovqatlangan. Hozir Kiyim vazirligi bo‘lsa, kiyimsiz qolib ketamiz”, degandi u.

Muqobil uyushma besh yil oldin tugatilgan edi

O‘zbekistonda 2003 yilgacha xuddi shu nomdagi tashkilot – “Oziqovqatsanoat” uyushmasi mavjud bo‘lgan. O‘sha yili tashkilot “Yog‘moytamakisanoat” uyushmasi bilan birlashtirilib, Yog‘-moy va oziq-ovqat sanoati uyushmasi tashkil etilgan. Keyinchalik bu ikki soha yana bir-biridan ajratilib, Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi tashkil etilgan.

Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi 2016 yil fevralida tugatilib, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi tashkil etilgan. 2020 yil sentabr oyiga kelib, “O‘zbekoziqovqatholding” tugatilgan edi.

Prezident qarorida bunga asosiy sabab sifatida esa tashkilotning takrorlanuvchi funksiyalarni bajarishi, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar bilan tizimli ish olib borilmasligi keltirilgan. Holdingning vazifalari Qishloq xo‘jaligi vazirligining Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bosh boshqarmasi zimmasiga yuklatilgan.

Ma’lumot uchun, 2020 yil sentabrida, “O‘zbekoziqovqatholding” kompaniyasi tugatilganidan bir oy o‘tib, oktyabr oyida Oziq-ovqat sanoati uyushmasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Uyushma saytida a’zolari soni 144 ta ekani ko‘rsatilgan. Ta’sischilar – Class-Food-Servis, Murot Chokolate, Obid Fayz-BM va Sladus Produce hisoblanadi (har biri 25 foizdan).

Ko‘proq yangiliklar: