«Qat’iy belgilangan AOS korrupsiyaning oyog‘iga bolta urgandi, endi uni bekor qilishmoqchi» – soliq maslahatchisi
2026 yil 1 yanvardan qat’iy belgilangan summadagi aylanmadan olinadigan soliq bekor qilinadi. Soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonovga ko‘ra, bu yangi biznes boshlamoqchi bo‘lganlar uchun qulay soliq turi edi, kichik tadbirkorlarning yelkasidan ko‘p majburiyatlarni aritgandi. Uni bekor qilishda jamoatchilik kengashining fikri inobatga olinmagan.

Murod Muhammadjonov / Foto: Kun.uz
O‘zbekistonda 2023 yilda joriy etilgan, aylanmadan olinadigan soliqni qat’iy belgilangan summada to‘lash tartibi 2026 yil 1 yanvardan e’tiboran bekor qilinadi.
Soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov Kun.uz bilan suhbatda kichik tadbirkorlarga yengillik yaratgan ushbu tartibning bekor qilinishi nima uchun kichik tadbirkorlar zarariga ishlashini tushuntirdi.
«Tadbirkorlikni boshlashga qo‘rqadiganlar uchun qat’iy belgilangan AOS qulay zona edi»
— Qat’iy belgilangan summadagi aylanmadan olinadigan soliq (AOS)ni saqlab qolish tarafdorimiz, lekin soliq organi bu narsaga qat’iy qarshi chiqyapti. Lekin budjet darajasida katta ta’sir qiladigan asos ko‘rsatib bera olgani yo‘q.
O‘zi, umuman, O‘zbekiston bo‘yicha 300 mingga yaqin qat’iy belgilangan summadagi aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilarning jami to‘lagan soliqlarini hisobga olsak, budjetning 1,5 foizini ham tashkil qilmaydi. Bu soliq turining joriy etilishi – tadbirkorlikka kirishga, hisobot topshirishga qo‘rqaman deydigan ko‘plab odamlardagi tadbirkorlikka kirishi uchun birinchi yuzaga keladigan qo‘rquvini olib tashlagandi. Unda birlamchi hujjatlar yuritish, kirim-chiqim hujjatlarini qilish shartmas edi.
O‘zbekistonda hali ko‘pchilik yuqori darajadagi biznesga o‘ta olmagani, tadbirkorlikka kiruvchilar sonining ko‘pligini inobatga olsak, qat’iy aylanmadan olinadigan soliq ular uchun juda qulay maydon edi. Nega? Chunki yakka tartibda faoliyat yurituvchi tadbirkorlikda faoliyat turlari cheklangan, MChJ qiladigan bo‘lsa yuritadigan faoliyat turlari cheklanmagan. Deylik, yakka tartibdagi tadbirkor qurilish mollarini sota olmaydi, AOS to‘lovchilar MChJ shaklida firma qilsa, sotishga haqli.
Amalda faqat hamma narsani Toshkent shahrining saviyasi bilan o‘lchash salbiy oqibatlarga olib keladi, ozgina chetroqqa chiqsa, Toshkent viloyatining qishloq va shaharchalarida odamlar hujjat nimaligini bilmaydi hali. Hujjatsiz ishlab, ochiqchasiga korrupsiyada o‘tirganlar juda ko‘p. Tegishli uchastka noziriga, xoh militsiya noziri bo‘lsin, xoh soliqchi bo‘lsin, har oylik badalini to‘lab turadi, unga indamaydi. Shunaqa narsaning oldini olish uchun hujjatlashtirishdan qo‘rqadigan, alohida buxgalteriya yollab unga oylik to‘lash kerak degan narsadan qo‘rqadigan darajadagi tadbirkorlik sub’yektlariga qat’iy aylanmadan olinadigan soliq juda qulay zona edi.
Bunga kirganda odamlar hech bo‘lmaganda “perechisleniye” bilan ishlash mumkinligini, firma bilan ishlash ancha qulayligini, ikkinchi zinaga o‘tish imkoni borligini ko‘rardi. Bu narsaning bekor qilinishi bilan tadbirkorlar uchun komfort zona olib tashlanyapti.
«Fikrimiz inobatga olinmadi»
— Qat’iy belgilangan summadagi AOSni bekor qilmoqchi bo‘lganlar bunga yetarlicha sabab ham keltirib bera olmayapti. Misol uchun, ertaga raqamlarda keltirib berishi mumkin, 10 ming, 100 mingta tadbirkor hech qanaqa hujjatsiz tovar sotishga o‘tib ketdi deyishi mumkin. Bularning hammasining to‘lagan soliqlari budjetning 1,5 foizini ham tashkil qilmaydi, ammo bu soliq turining bekor bo‘lishi odamlarda qanchalik negativ uyg‘otadi.
Prezident huzuridagi tadbirkorlik kengashi “odamlar tadbirkorlikka bosqichma-bosqich o‘tishida yaxshi imkoniyat” ekanini aytib, qat’iy belgilangan AOS saqlab qolinishi tarafdori bo‘ldi. Lekin bizning fikrimiz inobatga olinmadi.
«Qat’iy belgilangan AOS korrupsion mexanizmning oyog‘iga bolta urgandi»
— Aslida bu reja 2025 yil 1 yanvarda amalga oshirilishi kerak edi, lekin soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlariga oid qonunda qat’iy belgilangan AOS 2026 yil 1 yanvardan bekor bo‘lishi haqida band bor. Kengash qarshilik bildirganidan keyin muddat o‘zgartirildi.
Nimaga qilinyapti o‘zi bu? Kichik tadbirkorlar hamma narsani “perechisleniye”ga olishi shart emas, kirim-chiqim hujjatlarini qilishi shart emas, buxgalteriya yuritish shart emas bo‘lganidan keyin juda ko‘p majburiyatlar yelkasidan tushib ketdi. Bu kimga yoqmay qoldi? Nazorat qiluvchi organlar aynan kirim-chiqim hujjatlari yo‘qligi uchun tadbirkorlarni tekshirib, jarima qilib, jazolardi. Tadbirkorlar bundan qo‘rqqanidan oyiga falon so‘m berib tura qolay degan narsaga o‘tardi. Qat’iy belgilangan AOS esa korrupsion mexanizmning oyog‘iga bolta urib qo‘ydi. Kelib, «ostatkang qani, hujjatlaring qani» desa hujjat ko‘rsatib bera olmasa, jarimaga tortardi. Tadbirkor jarima to‘lamaslik uchun pora berishi kerak. Qat’iy aylanma to‘laydiganlarga hujjating qani desa, «hujjat yuritishim shart emas, kassaga ursam bo‘ldi» deyishga o‘tdi va ular pora bermay qo‘ydi.
«Budjetga soliqlarni kam to‘lash holatining oldini olish uchun» — Soliq qo‘mitasi izohi
Kun.uz Soliq qo‘mitasiga qat’iy belgilangan summadagi AOS nima sababdan bekor qilinayotganiga oid savol yo‘lladi. Qo‘mitaning tushuntirishicha, AOS to‘lovchilarda soliq yuki qat’iy belgilangan AOS to‘lovchilardan og‘ir bo‘lgani uchun shartlarni tenglashtirish va har xil sxemalar orqali kam soliq to‘lashga urinish holatlarining oldini olish uchun shunday qarorga kelingan.
Hozirda jami yillik tovar aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlar aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashning ikki xil, ya’ni foizli (1–4 foiz) va qat’iy (tovar aylanmasi 500 mln so‘mgacha bo‘lganda 25 mln so‘m, 500 mln so‘mdan 1 mlrd so‘mgacha bo‘lganda 34 mln so‘m) stavkadagi tartiblaridan birini tanlashlari mumkin.
“Mazkur tartiblar bo‘yicha soliq yuki ham noteng taqsimlangan, ya’ni qat’iy stavkadagi tartibda 3,4 foiz bo‘lsa, foizli tartibda 4 foiz. Qat’iy stavkada to‘lovchi soliq to‘lovchilar uchun amaldagi tartib umumbelgilangan aylanmadan foiz ko‘rinishida soliq to‘lovchilarga nisbatan yengil hisoblanadi. Xususan, qat’iy stavkadagi tartibda soliq to‘laydigan tadbirkorlar dividend solig‘idan hamda ushbu soliq bo‘yicha hisobot topshirishdan ozod etilgan.
Misol uchun, 2023 yilda jami aylanmasi 905 mln so‘m bo‘lgan "XXX” MChJ tomonidan qat’iy stavkadagi tartibda 30 mln so‘m soliq to‘langan. Xuddi shunday aylanmasi 905 mln so‘m bo‘lgan "YYY" oilaviy korxonasi esa foizli tartibda 36 mln so‘m aylanmadan soliq va 7,7 mln so‘m miqdorida dividenddan soliq to‘lagan”, – deyiladi qo‘mita izohida.
Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, yuqoridagi tahlillardan kelib chiqib, «tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida teng shart-sharoitlarni yaratish maqsadida», 2025 yil 1 yanvardan boshlab aylanmadan olinadigan soliqning qat’iy stavkalarini tovar aylanmasi yiliga 500 mln so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlar uchun (amaldagi 25 mln so‘m) 30 mln so‘m, tovar aylanmasi 500 mln so‘mdan 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlar uchun (amalda 34 mln so‘m) 40 mln so‘m miqdorida belgilangan.
Qo‘mita izohida ayrim tadbirkorlar qat’iy belgilangan AOSdan foydalanib har xil sxemalar bilan kam soliq to‘lashga urinayotgani iddao qilinadi.
«Aylanmadan olinadigan soliqni qat’iy stavkadagi tartibda to‘lovchilar aylanmasidan qat’i nazar, oyma-oy qat’iy miqdordagi soliq to‘laydi. Misol uchun, 2023 yil mart-iyun oylarida Sergeli tumanidagi “XXX” MChJ aylanmadan olinadigan soliqni qat’iy stavka bo‘yicha to‘lashga o‘tgan holda 1,2 mlrd so‘m tovar aylanmasini amalga oshirgan. Mazkur korxona 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan aylanmasi uchun 30 mln so‘m soliq to‘lash o‘rniga, to‘rt oylik faoliyati uchun oyiga 2,5 mln so‘mdan 10 mln so‘m soliq to‘lagan (2023 yilda qat’iy stavka 30 mln so‘m yoki oyiga 2,5 mln so‘m) va beshinchi oyda faoliyatini ixtiyoriy tugatishga ariza bergan. Natijada mazkur korxona tovar aylanmasiga nisbatan 20 mln so‘m kam soliq to‘lagan.
Yuqoridagi salbiy holatlarni bartaraf etish va soliqlarni to‘lashda har sxemalardan foydalanib budjetga soliqlarni kam to‘lash holatining oldini olish maqsadida 2026 yil 1 yanvardan boshlab mazkur soliq rejimini bekor qilish nazarda tutilgan”, – deyiladi qo‘mita izohida.
Soliq qo‘mitasi, shuningdek, bu masala xalqaro ekspertlar bilan muhokama qilinganda, ular tomonidan ushbu soliq rejimini bekor qilish bo‘yicha tavsiya berilganini bildirdi.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Mavzuga oid

15:01 / 06.03.2025
O‘zbekistonda Wildberries'dan qo‘shimcha 4 mln dollar soliq undirildi

23:00 / 05.03.2025
Qator kompaniyalarga to‘lovlarni elektron shaklda ham qabul qilish majburiy deb belgilandi

18:51 / 05.03.2025
Ko‘chmas mulkning bozor narxiga yaqin qiymatini aniqlash maqsadida ommaviy baholash o‘tkaziladi

19:45 / 04.03.2025