Toshkentdagi 1 asrlik eng katta muzeylardan biri – Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi. Unda Navoiydan tortib zamonaviy o‘zbek adabiyoti namoyandalarining ijod mahsuli, arxivlari saqlanadi. Binoning eskirgani tashqi tomondan uncha sezilmasa ham, ichkariga kirgan kishi buni darhol payqaydi. Devorlardagi bo‘yoqlar ko‘chib tushgan, xonalar sovuq, yorug‘lik juda past. Kun.uz muxbiri 9 fevral Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan muzey binosidan reportaj tayyorladi.
Toshkent shahri Shayxontohur tumani Navoiy ko‘chasi 69-bino oldida bir qo‘lida kitob va bir qo‘lini iyagiga qo‘ygancha o‘ychan turgan qiyofadagi haykal bor. Bu Alisher Navoiy haykali. Uning ortida esa sariq va oq aralash 4 qavatli bino – Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi turibdi.
Muzeyga kirishingiz bilan sovuq haroratni darrov sezasiz. Navoiy tug‘ilgan kun 9 fevral, qishda ekani inobatda olinsa, muzeyga qalinroq kiyinib borganingiz ma’qul. Chunki 4 qavatli 40 xonadan iborat bu muzeyni birma-bir aylanib chiqish uchun kamida 2 soat vaqtingiz ketadi. Muzeyda esa ayni kunlarda isitish tizimi ishlamayapti. Muzey xodimlari ham xonasida qo‘shimcha isitish qurilmalarini ulab qo‘yishgan. Muzeyning o‘zi esa ancha eskirib qolgani bir qarashda ko‘zga tashlanadi.
Muzey binosi 1933-1936 yillarda klassik usulda qurilgan. Bu yerda 70 mingga yaqin ashyo saqlanadi. Unda faqat Navoiy emas, butun o‘zbek adabiyoti namoyandalari bilan tanishasiz. Ular orasida ko‘pchilikka tanish bo‘lmagan adib, shoirlar ham talaygina. Muzey quyidagi bo‘limlarga ajratilgan: «Temuriylar davri o‘zbek madaniyati va adabiyoti tarixi»; «Alisher Navoiy hayoti va ijodi»; «Bobur va boburiylar davri o‘zbek adabiyoti tarixi»; «17–19-asrlar o‘zbek adabiyoti tarixi»; «20-asr o‘zbek adabiyoti tarixi». «Qardosh xalqlar adabiyoti», «O‘zbek xalq og‘zaki ijodi» xonalari.
Alisher Navoiy ko‘p qirrali ijodkor – shoir, mutafakkir, jahon adabiyotining yetuk siymolaridan biri, davlat arbobi, faylasuf bo‘lgan. U 1441 yil 9 fevral kuni Xuroson davlatining poytaxti — hozirgi Afg‘oniston hududidagi Hirot shahrining Bog‘i Davlatxona mavzesida tug‘ilgan. Navoiy hayoti va ijodi haqida batafsil bu yerda tanishishingiz mumkin.
Muzeyning birinchi qavatida qo‘lida kitob tutib turgan oq rangdagi Navoiy haykali turibdi. Haykal yonidan o‘tib, shoir uchun ajratilgan zallarni aylanib chiqishingiz mumkin.
Zallarda dastlab temuriy shahzodalar rasmlari va ular qurgan saltanatga oid ma’lumotlar, eksponatlar joylashtirilgan. Keyin Navoiy ustozlari, zamondoshlari, hukmdor Husayn Boyqaro hukmronlik yillariga oid ma’lumotlar berib borilgan.
Birinchi qavatning o‘zida Navoiy uchun 7-8 xona ajratilgan. Xonalar juda keng. U yerda shoir asarlarining ilk qo‘lyozmalaridan tortib, 21-asrda nashr etilgan bir necha tomli kitoblarigacha joylashtirilgan. Xonalarda ijodkor asarlari qahramonlarini eslatuvchi rasmlar chizilgan. Bu tashrif buyuruvchini zeriktirib qo‘ymaydi.
Ikkinchi qavatdan ham Navoiy ijodiga oid eksponatlar joy olgan. Muzeyda yig‘ilgan 2 mingdan ortiq qo‘lyozma 20-asrning 70-yillarida xalq orasiga uyushtirilgan ekspeditsiyalar natijasida jamlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, muzeyga Parij milliy kutubxonasi, Istanbul To‘pqopi saroyi kutubxonasi, Oksforddagi Bodli kutubxonasi va Hindistondagi fondlarda saqlanayotgan qo‘lyozmalarning mikrofilmlari, kitobat san’ati va Sharq miniatyuralari noyob namunalarining rangli slaydlari olib kelingan.
Muzey qo‘lyozmalar fondida umumiy soni 1000 dan ortiq qo‘lyozmalar, 2000 ga yaqin bosma kitoblar saqlanadi. Bu, asosan, o‘zbek mumtoz adabiyoti namunalaridan iborat (Mahmud Zamahshariyning «Muqaddamat ul-adab» asarining dunyoda yagona to‘rt tilli qo‘lyozmasi, Boburning «Mubayyin» asari, Abdurahmon Jomiyning «Kulliyoti» va b.). 2001 yil muzey qo‘lyozmalar fondi yana bir noyob manba bilan boyidi. O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov Alisher Navoiyning «Xazoyin ul-maoniy» asarining 17-asrda ko‘chirilgan nodir nusxasini muzeyga hadya qilgan.
Qavatning bir burchagida ramziy ma’nodagi Navoiy ijodxonasi yasalgan. Zal bo‘ylab yuraversangiz, uning Afg‘onistonda qolgan maqbarasi maketiga ko‘zingiz tushadi.
Uchinchi qavatga ko‘tarilishingiz bilan, sizni Bobur haykali kutib oladi. Bu yerda Bobur ijodi bilan yaqindan tanishasiz. Kuzatuvchi bu qavatda, Bobur zamoni va undan keyin 19 asrgacha ijod qilgan adiblar, shoir va yozuvchilar bilan tanishadi. Ular orasida Avaz O‘tar, Mashrablardan tortib, Uvaysiy Nodiralar hayoti va ijodi bilan tanishish mumkin. Shuningdek, xonalarda o‘z davriga oid kiyimlar va turli buyumlarni uchratasiz.
To‘rtinchi qavat esa jadidlar davr namoyandalari bilan boshlanib, baxshilar-u, zamonaviy o‘zbek adabiyoti namoyandalari eksponatlaridan tashkil topgan. O‘zbek adiblarining arxivini tavsiflash bo‘limida milliy uyg‘onish davrining yetuk siymolari – Behbudiy, Fitrat, So‘fizoda, Haziniy, Hamza, Cho‘lpon va boshqalar hayoti va ijodi haqida ma’lumot beruvchi materiallar (kartina, turli inshootlar maketi, kitob, qo‘lyozma nusxalari, dastxatlar va boshqalar) bor. Keyingi zallarda esa Abdulla Qodiriy, Ayniy, G‘afur G‘ulom, Oybek, Shayxzoda va kabi ulkan adabiyot namoyandalari haqida ko‘rgazma materiallari joylashgan.
Rasmlardan ham sezgan bo‘lsangiz kerak, muzey ancha ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Xonalarda devor bo‘yoqlari ko‘chib tushgan, xonalarning o‘zi esa yaxshiga sovuq. Muzeyga imkon qadar quyosh yaxshi nur sochib turgan paytda borish kerak, chunki xonalardagi chiroqlar eksponatlarni yaxshi yoritmaydi. Bu tashrif buyuruvchiga noqulaylik tug‘dirishi mumkin.
Zuhra Abduhalimova, Kun.uz muxbiri