Niderlandiyada muzeydan namoyishga qo‘yilgan Ruminiya xazinalari o‘g‘irlab ketildi
Niderlandiya huquq-tartibot organlari yordam so‘rab Interpolga murojaat qilgan. Ayni vaqtda holat yuzasidan tergov olib borilib, qolgan eksponatlar inventarizatsiyadan o‘tkazilmoqda.

Foto: Reuters
Noma’lum shaxslar Niderlandiyaning Assen shahrida joylashgan Drente muzeyiga bostirib kirib, Ruminiyaning «Dakiya! Oltin va kumush qirolligi» ko‘rgazmasiga tegishli qator eksponatlarni o‘g‘irlab ketdi. Bu haqda Ruminiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, 25 yanvar kuni muzeyda portlash sodir bo‘lgan, taxminlarga ko‘ra, bu binoga kirish uchun uyushtirilgan. Natijada, Dakiya xazinasiga tegishli artefaktlar o‘g‘irlab ketilgan.
«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash Ruminiyaga tegishli Dakiya xazinasi eksponatlari namoyishga qo‘yilgan muzey binosiga bostirib kirish maqsadida uyushtirilgan», — deyiladi xabarda.
Politsiyaning hisoblashicha, jinoyatchilar bir necha kishi bo‘lgan va ular uyushqoqlik bilan harakat qilgan. O‘g‘irlangan buyumlar orasida deyarli sof oltindan ishlangan dubulg‘a ham bor. Shuningdek, uchta oltin bilaguzuk ham olib ketilgan.
Ruminiya tashqi ishlar vaziri Emil Xurezyanu niderlandiyalik hamkasbi Kaspar Veldkamp bilan telefon orqali bog‘lanib, o‘g‘irlangan eksponatlarning madaniy-tarixiy ahamiyati naqadar ulkan ekanini ta’kidlagan va Ruminiya sodir bo‘lgan voqeadan tashvishda ekanini bildirgan.
Niderlandiya huquq-tartibot organlari yordam so‘rab Interpolga murojaat qilgan. Ayni vaqtda holat yuzasidan tergov olib borilib, qolgan eksponatlar inventarizatsiyadan o‘tkazilmoqda.
Mavzuga oid

11:05
Niderlandiyada Ikkinchi jahon urushi davrida qurbon bo‘lgan o‘zbeklar xotirasiga bag‘ishlangan muzey ochildi

00:31 / 30.04.2025
Niderlandiyadagi muzeyda bola 50 mln yevrolik kartinaga shikast yetkazdi

00:22 / 25.04.2025
Niderlandiya qiroli mamlakatni «tish-tirnog‘igacha qurollantirishga» chaqirdi

14:03 / 15.03.2025