Navoiyda Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan xalqaro simpozium bo‘lib o‘tmoqda

O‘zbekiston 14:12 682

Navoiyda “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” IV xalqaro simpoziumi o‘z ishini boshladi. Unda dunyoning 20 ga yaqin mamlakatidan navoiyshunos olimlar va respublikaning taniqli akademiklari, professor-o‘qituvchilari hamda ijodkorlari ishtirok etmoqda.

Shavkat Mirziyoyev xalqaro simpozium qatnashchilariga tabrik yo‘lladi. Prezident o‘z tabrigida anjumanga puxta tayyorgarlik ko‘rgan, Alisher Navoiyning tavallud ayyomini katta shod-xurramlik va bunyodkorlik ishlari bilan kutib olayotgan Navoiy shahri va viloyati ahliga, mutasaddi rahbarlariga tashakkur izhor qildi.

“Jahon adabiyoti va tafakkuri tarixida o‘chmas iz qoldirgan Alisher Navoiyning serqirra ijtimoiy-siyosiy, ijodiy, ilmiy-ma’rifiy faoliyati, boy adabiy-badiiy merosi asrlar davomida yuksak insonparvarlik, vatanga sadoqat, adolat va ezgulik timsoli sifatida hamisha jahon ahli e’tiborini tortib kelmoqda.

Hazrat Mir Alisher Navoiy o‘ta murakkab sharoitda milliy va umuminsoniy g‘oyalarni baland ko‘tarib maydonga chiqqani, o‘zbek adabiy tiliga asos solib, uning o‘lmas ruhi, qudrati va latofatini har tomonlama isbotlab bergani chinakam ma’naviy jasorat namunasi desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Bu mumtoz siymo jahon adabiyoti mezonlariga, zamon va tarix sinovlariga to‘la javob beradigan durdona asarlar yaratib, nafaqat o‘zbek, balki barcha turkiy adabiyotlar rivojiga beqiyos hissa qo‘shgani ham yuksak hayrat va tahsinga munosibdir.

Alisher Navoiyning bebaho ijodiy merosi haqli ravishda jahon adabiyoti daholarining buyuk asarlari bilan bir qatorda turishi bizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Ayniqsa, mutafakkir ajdodimizning turli xalqlar o‘rtasida tinchlik va do‘stlikni mustahkamlash, bashariyatning yorug‘ kelajagini birgalikda qurishga chorlaydigan g‘oya va qarashlarining ahamiyati hozirgi tahlikali davrda tobora ortib bormoqda.

Bugungi kunda biz Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessansni barpo etish jarayonlarida Alisher Navoiy asarlarini o‘zimiz uchun bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat va ilhom manbai deb bilamiz. Shu bois bu noyob ma’naviy boylikni chuqur o‘rganish va targ‘ib etish doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Fursatdan foydalanib, shu borada yurtimiz olimlari bilan faol hamkorlik qilib kelayotgan siz azizlarga, barcha ilm-fan namoyandalariga chuqur minnatdorlik bildiraman.

Sizlarni yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga mustahkam sog‘liq, ilmiy va ijodiy faoliyatingizda ulkan yutuq va omadlar, anjuman ishiga esa muvaffaqiyat tilayman”, deyiladi tabrik so‘zida.

Simpozium ikki kun davom etadi. Tadbir doirasida yalpi majlis, shu’ba yig‘ilishlari, viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari, mahalla va ishlab chiqarish korxonalarida taniqli olimlar, ijodkorlar ishtirokida navoiyxonlik, adabiyot va kitobxonlik kechalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: