Qisilgan elektromobil bozori, yer ajratish va qurilishda yangi tartiblar - hafta dayjesti

O‘zbekiston 00:22 358

Avtomonopoliya yana o‘z qudratini ko‘z-ko‘z qildi: elektromobil importiga bahaybat to‘siq qo‘yilmoqda. Beshta hududda fermerlarga mustaqillik e’lon qilindi: ular o‘zlari xohlagan narsani ekishi mumkin bo‘ladi. Uy-joy qurilishida yangiliklar: eskrou tizimining tafsilotlari ma’lum. Ortda qolayotgan muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Elektromobillarga utilizatsiya yig‘imi 4 barobarga oshirildi

Oxirgi yillarning eng salbiy kutilmalaridan biri baribir amalga oshdi. Jizzaxda elektromobil yig‘ish boshlanganidan bir yil o‘tar-o‘tmay, importga navbatdagi ulkan to‘siq kiritilmoqda.

O‘zbekiston bosh vaziri 31 yanvarda imzolagan, 4 fevral kuni e’lon qilingan qarorga binoan, 1 maydan boshlab ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi BHMning 30 baravaridan 120 baravarigacha, ya’ni amaldagi 11 mln so‘mdan 45 mln so‘mgacha oshiriladi. Bu esa BYD'ning dilerlik tarmog‘idan tashqaridagi import elektrokarlar narxi kamida 2600 dollarga qimmatlashishini anglatadi.

Yaqindagina qonunosti hujjatlar keng jamoatchilik bilan muhokama qilinmayotganiga eng yuqori darajada e’tiroz bildirilganiga qaramay, qaror jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmasdan qabul qilindi. Qaror nomida “akkumulyator” so‘zi xato yozilgani esa hujjatning hatto zaruriy ekspertizalardan ham o‘tganiga savollar tug‘dirmoqda. Utilizatsiya yig‘imi karrasiga oshirilgani yuzasidan hukumat rahbari ham, tashabbus mualliflari deb ko‘rsatilgan vazirlar ham izoh bermadi. Yangi saylangan deputatlar shov-shuvli qaror bo‘yicha hech kimni parlamentga chaqirmadi.

Aholining elektromobillardan foydalanishini rag‘batlantirish haqida bot-bot yangrayotgan bayonotlar fonida paydo bo‘lgan bu qaror, kelib-kelib yashil iqtisodiyot yilida qabul qilingani, taklif mualliflari qatorida Ekologiya vazirligi ham ko‘rsatilgani, yig‘imni oshirishdan maqsad “yashil texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish” deb e’lon qilingani, qaror ijrosini ta’minlash Jahon savdo tashkilotiga kirish jarayonlariga mas’ul Jamshid Xo‘jayevga topshirilgani – tarmoqlarda turli kinoya va kesatiqlarga sabab bo‘lmoqda.

Qaror talablari gibrid avtomobillarga taalluqli emas. Gibrid modellar uchun yig‘im stavkasi hozircha o‘zgarishsiz qolyapti. Shunday bo‘lsa-da, bitta segmentda narxlar oshishi tabiiy ravishda bozorning barcha segmentlariga ta’sir qilmasdan qolmaydi. Ma’lumot uchun, o‘tgan yili elektrodvigatelga ega 41,5 mingta yengil avtomobil import qilingan bo‘lsa, shundan 17,5 mingtasini gibrid modellar tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, mahalliy ishlab chiqaruvchilarda utilizatsiya yig‘imini to‘lamaslik bo‘yicha imtiyoz bor. Kun.uz'ning ochiq ma’lumotlar asosidagi hisob-kitoblariga ko‘ra, birgina UzAuto Motors'ga berilgan imtiyoz sabab kompaniya 2024 yilda to‘lamagan utilizatsiya yig‘imining jami miqdori 10 trillion so‘mdan oshadi. Imtiyozi yo‘q xususiy importyorlar va jismoniy shaxslardan esa o‘tgan yili 2 trillion so‘mga yaqin yig‘im undirilgan bo‘lishi mumkin, lekin bu trillionlar qayerga ketayotgani haqida shu paytgacha biror marta ma’lumot berilmagan.

Sug‘oriladigan yerlar yangi tartib asosida ijaraga beriladi

O‘zbekistonda ilk marta fermerlarga o‘z yerida nima ekishni o‘zi belgilash huquqi berilmoqda. Bunday huquqni olish uchun fermerlar 5 ta hududda yangi tartib asosida auksionga qo‘yiladigan yerlarni yutib olishi kerak bo‘ladi. 3 fevral kuni davlat rahbari tegishli farmonni imzoladi.

Farmonga asosan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Farg‘ona, Jizzax va Toshkent viloyatlarida joylashgan, tuman hokimliklari tasarrufida turgan, paxta va g‘alla ekilmaydigan 3300 gektardan ortiq ekin maydonlari 2025 yil bahorgi ekish mavsumigacha yangi tartib asosida auksionga chiqariladi. Bunda, E-auksion platformasiga joylanadigan lotlar 3 gektardan 50 gektargacha o‘lchamda bo‘ladi, konturlarning yaxlitligi va sug‘orish tizimi buzilmaydi.

Auksionlarda yashash joyi yoki yuridik manzilidan qat’i nazar barcha jismoniy va yuridik shaxslar (rezidentlar) ishtirok etishi mumkin. Hozirda o‘z yeriga ega fermer va dehqonlar, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ham shular jumlasidan. G‘oliblar yerni keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 49 yilga ijaraga oladi va u yerda qanaqa ekin ekishni davlat bilan kelishmasdan, o‘zi mustaqil belgilaydi.

Qarorda izohtalab bandlar ham yo‘q emas. Hujjatning 4-bandiga ko‘ra, oltita tuman – Pop, O‘rta Chirchiq, Yozyovon, Qo‘shtepa, Quva va Farg‘ona tumanlarida sug‘oriladigan yerlarning aksariyati hokimliklar balansiga qaytarib olinadi. Qarorda yozilishicha, bu tumanlardagi fermerlar hozir foydalanayotgan jami yer maydonining o‘rtacha 80 foiz qismiga nisbatan ijara huquqidan ixtiyoriy ravishda voz kechishi kerak. Qolgan 20 foiz yer maydoni ularga 49 yilga qayta rasmiylashtirib beriladi va bu vaqt davomida qanaqa ekin ekishni o‘zi mustaqil belgilash huquqiga ega bo‘ladi.

Fermer o‘z yerining 80 foizlik qismidan ixtiyoriy ravishda voz kechishni rad etsa, nima bo‘ladi, qarorda bunga aniqlik kiritilmagan. Olib qo‘yilgan yerlar yangi tartib asosida auksionga chiqariladi, shu tariqa, Pop, O‘rta Chirchiq, Yozyovon, Qo‘shtepa, Quva va Farg‘ona tumanlari to‘liqligicha yangi tizimga o‘tishi, bu tumanlardagi barcha ekinzorlarda yer egalari nima xohlasa, shuni ekishi aytilmoqda. Kuzgi ekindan oldin yangi tartibni boshqa hududlarga ham tatbiq qilish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Ulush kiritish asosidagi qurilishlar tartibga solinadi

Qurilish sohasida ham yangi tartib joriy etilyapti. Prezident farmoni bilan, hali bitmagan uydan kvartira sotib olayotgan xaridorlarning aldanib qolishi holatlariga qarshi choralar belgilandi. 1 iyuldan boshlab, quruvchilar va xaridorlar o‘rtasidagi ulush kiritish to‘g‘risidagi shartnomalarni notarial tasdiqlash talab etiladi. Notarial tasdiqlangan shartnomalar kadastr ro‘yxatidan o‘tkaziladi va xaridorda o‘zi kiritgan ulushga nisbatan mulk huquqi paydo bo‘ladi. Mulk huquqini esa boshqa birovga sotish yoki meros qilib qoldirish mumkin.

Buning natijasida, hali kadastri chiqmagan uylarning ham ikkilamchi bozori paydo bo‘ladi. Ya’ni, xonadonni kotlovan bosqichida sotib olgan bo‘lsangiz, uni sotish uchun uy bitib, kadastri chiqishini kutish shart bo‘lmaydi.

Eskrou tizimini yo‘lga qo‘yish ham 2025 yil 1 iyuldan boshlanadi. 2026 yil 1 yanvardan boshlab, yangi tizim barcha uchun majburiy bo‘ladi, quruvchilarga mablag‘larni faqat eskrou orqali jalb qilishga ruxsat beriladi. Bunda, quruvchi kompaniya qurilish ishlarining kamida 30 foizini o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirishi kerak. Qolgan 70 foizgacha bo‘lgan mablag‘ni eskrou hisobvarag‘i ochilgan bank kredit sifatida ajratadi. Ulushdorlar pulni quruvchining o‘ziga ega emas, bankka – eskrou hisobvarag‘iga to‘laydi. Eskrou hisobida pul turgani uchun, bank quruvchiga arzonroq kredit beradi. Ulushdorlar to‘lagan, eskrou-hisobda saqlab kelingan pullar uy bitmaguncha quruvchiga berilmaydi.

1 iyuldan, shuningdek, yangi qurilayotgan uy-joylar bo‘yicha ochiq platforma ishga tushishi kerak. Quruvchilar bu platformaga loyihaga oid muhim hujjatlar va ma’lumotlarni joylaydi. Xaridorlar platformaga kirib, quruvchining reytingi va hujjatlari, bundan avval qanaqa loyihalarni amalga oshirgani, avvalgi loyihalarni o‘z vaqtida topshirganmi yoki yo‘q – tekshirishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, platformada qurilayotgan obektning joylashuvi, unda nechta qavat, nechta kvartira bo‘lishi, kvartiralarning nechtasi sotilgani, uylar qachon foydalanishga topshirilishi kabi ma’lumotlar ham bo‘ladi. Obekt platformaga kiritilmagan bo‘lsa, notariuslar va kadastr organlari bu obektga ulush kiritish to‘g‘risidagi shartnomalarni qabul qilmaydi. Platformaga ma’lumot kiritmagan quruvchilar javobgarlikka tortilishi aytilmoqda.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi yangilandi. Endilikda kishi boshiga bir oylik xarajatlar 669 ming so‘mga yetmaydigan oilalar rasman kambag‘al hisoblanadi. E’tiborlisi, 669 ming so‘m – bir yil oldingidan atigi 7,7 foizga yuqori. Vaholanki, 2024 yilgi rasmiy inflatsiya 9,8 foiz deb e’lon qilingan edi. Ma’lumot uchun, rasmiy raqamlarga ko‘ra, o‘tgan yili kambag‘allik darajasi 11 foizdan 8,9 foizga tushgan: kambag‘allar soni 719 ming nafarga kamayib, 2024 yil yakunida 3,3 mln kishini tashkil etgan.

Xorijdan O‘zbekistonga kurerlik jo‘natmalari uchun yig‘im belgilandi. Endilikda xalqaro kurerlik jo‘natmalarida 1 kg yuk uchun BHMning 2 foizi (7500 so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi. Shu bilan birga, bir qator bojxona yig‘imlarining stavkalari Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiq pasaytirilyapti. Xususan, bojxona qiymati 100 ming dollardan yuqori bo‘lgan importdagi bojxona yig‘imlari ancha arzonlashgan.

Shveytsariya Gulnora Karimova ishi doirasida musodara qilingan mablag‘larning 182 mln dollarlik navbatdagi paketini O‘zbekistonga qaytarmoqda. 6 fevral kuni O‘zbekiston hukumati va Shveytsariya federal kengashi tegishli bitimni imzoladi. 182 mln dollar BMT shafeligidagi trast fondiga topshiriladi va xalq manfaatlariga ishlatilishi nazorat qilib turiladi. Eslatib o‘tamiz, Shveytsariya tomoni 2022 yilda 131 mln dollarlik birinchi paketni qaytargan.

O‘zbekistonda 1 maydan boshlab mahsulot va xizmatlarni “Halol” belgisi bilan tamg‘alash yo‘lga qo‘yiladi. Hukumat qaroriga ko‘ra, “Halol” sertifikati 3 yilga beriladi va belgilangan talablarga rioya etilishi davriy baholab boriladi. Bu jarayonda Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti (SMIIC) tasdiqlagan mezonlarga ustuvorlik beriladi. Sertifikat olish uchun tegishli tartibda akkreditatsiyadan o‘tgan tashkilotga murojaat qilish kerak bo‘ladi. Sertifikatlovchi tashkilotga 6 oy ichida akkreditatsiya berish vazifasi qo‘yilgan.

Ko‘proq yangiliklar: