Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer avtomobil tutun chiqargichlarida qurilish ko‘pigi qo‘llangan qo‘poruvchilik ortida Rossiya turgan bo‘lishi mumkinligini inkor etmadi. Bu haqda u 6 fevral, payshanba kuni dpa agentligiga ma’lum qildi.
«Biz bu Rossiyaning diversiyasi bo‘lishi mumkinligi haqidagi shubhalarni jiddiy qabul qilamiz. Hozirda tergov qizg‘in davom etmoqda va biz vaziyat to‘liq oydinlashguncha kutishimiz kerak», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi jurnalistlar. Biroq, vazirning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiya ta’siri operatsiyasini» inkor etib bo‘lmaydi.
Fezerning ta’kidlashicha, Kreml ko‘pincha razvedka xizmatlari nomidan harakat qiladigan, aslida ularga tegishli bo‘lmagan maxsus vositachilardan foydalanadi. Bundan tashqari, Moskva, deb hisoblaydi siyosatchi, «Bundestagga saylovlarga ta’sir o‘tkazishdan manfaatdor».
Germaniya rasmiylari Rossiyani yuzlab mashinalarga zarar yetkazganlikda gumon qilmoqda
Germaniya politsiyasi bir vaqtning o‘zida bir nechta federal yerlarda avtomobillarga ataylab zarar yetkazish orqali sodir etilgan bir qator qo‘poruvchilik harakatlarini tekshirmoqda. Shu bilan birga, Rossiya maxsus xizmatlaridan birining ushbu seriyaga aloqador ekanligiga shubhalar tekshirilmoqda, deb xabar berdi dpa agentligi 5 fevral kuni Germaniya xavfsizlik xizmatidagi manbalarga tayanib. Agentlik suhbatdoshiga ko‘ra, dastlabki tergov ma’lumotlariga qaraganda, diversantlar o‘z harakatlari uchun rossiyalik buyurtmachidan pul olgan.
Avvalroq Der Spiegel haftaligi Berlin, Baden-Vyurtemberg, Bavariya va Brandenburgdagi 270 dan ortiq avtomobilning tutun chiqargichlari poliuretan ko‘pik bilan to‘ldirilganiga bog‘liq hodisalar yuzasidan o‘tkazilgan tergovning birinchi natijalarini e’lon qilgan edi. O‘tgan yilning dekabr oyida Shyonefeld Brandenburg jamoatida politsiyachilar furgonni tekshirish chog‘ida bir nechta qurilish ko‘pigi bo‘lgan kanistrlarni aniqladilar, unda Germaniya janubida yashovchi uch yigit – serbiyalik, bosniyalik va germaniyalik shaxs bo‘lgan. Oradan ko‘p o‘tmay, 43 ta avtomobil egalari tutun chiqargichlarida shunday ko‘pik paydo bo‘lganini aniqlab, politsiyaga murojaat qilgan.