Kellog: Trampning Ukraina bo‘yicha rejasi Myunxenda taqdim etilmaydi

Jahon 10:59 969

AQSh prezidentining Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus elchisi Kit Kellog, OAV xabarlaridan farqli o‘laroq, kelasi hafta Myunxen xalqaro xavfsizlik konferensiyasida Donald Trampning Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatish rejasini taqdim etmasligini aytdi. General Kellogning so‘zlariga ko‘ra, rejani Trampning o‘zi taqdim etadi. «Biz unga tayyorlanishiga yordam beramiz, ammo bu keyingi hafta bo‘lmaydi», dedi Kellog 6 fevral, payshanba kuni Nesmax.tv saytiga bergan intervyusida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, u Yevropa yetakchilari bilan muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirgan, shundan so‘ng bu suhbatlar mazmuni haqida AQSh prezidentini xabardor qiladi va Tramp jamoasi bu ma’lumotlardan kelib chiqadi.

Bir kun avval Bloomberg manbalariga tayanib, AQSh ittifoqchilari Kellog Trampning Ukrainadagi urushni tugatish rejasini 14-16 fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan Myunxen xavfsizlik konferensiyasida taqdim etishini kutayotgani haqida xabar berdi.

Kellogning o‘zi o‘sha paytda Myunxen konferensiyasida ishtirok etishini va Trampning Ukrainadagi «qonli va qimmat» urushni tugatish maqsadi haqida gapirish uchun «imkoniyatni sabrsizlik bilan kutishini» aytdi.

Mojaroni muzlatish

Bloomberg yozganidek, Trampning rejasi mojaroning potensial muzlatilishini va Rossiya qo‘shinlari tomonidan ishg‘ol qilingan Ukraina hududini Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari bilan «mavhum holatda» ushlab turishni nazarda tutadi. Bu kafolatlar aynan qanday bo‘lishi aniqlanmagan.

Kellogning o‘zi avvalroq X ijtimoiy tarmog‘ida Myunxen konferensiyasida ishtirok etishi va Trampning Ukrainadagi «qonli va qimmat» urushni tugatish maqsadi haqida gapirish imkoniyatini «intiqlik bilan» kutayotgani haqida yozgan edi. «Amerikaning biz bilan ishlashga tayyor ittifoqchilari bilan uchrashaman», deb yozgan maxsus vakil.

Avvalroq Amerikaning NBC News telekanali o‘z manbalariga tayanib, AQSh prezidenti ma’muriyati Ukrainadagi mojaroni qanday hal qilish borasida ikkiga bo‘lingani haqida xabar bergan edi. Tramp jamoasining bir qismi Moskvaga Rossiyaning olg‘a siljishini to‘xtatish uchun bosim o‘tkazish tarafdori, bu g‘oyani Kellog va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uolts qo‘llab-quvvatlaydi. Ammo Ukrainaga yordamni qisqartirishni yoqlayotganlar ham bor. NBC Tramp jamoasidan kim bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlashiga aniqlik kiritmadi.

Ko‘proq yangiliklar: