RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 5 fevral kuni Oq uy ma’muriyati bilan aloqalar so‘nggi vaqtlarda intensiv tus olganini ma’lum qildi.
«Men bu o‘rinda quyidagilarni aytishim mumkin: alohida idoralar o‘rtasida chindan ham kontaktlar bor. So‘nggi vaqtlarda bu aloqalar kuchaygan. Boshqa qandaydir detallarni ayta olmayman», — degan Peskov.
Peskov bu bilan Donald Trampning AQSh ma’muriyati Moskva bilan Ukrainadagi urushni hal qilish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqidagi bayonotini bilvosita tasdiqladi.
Bu Tramp Oq uyga qaytganidan keyin Moskva Amerika tomoni bilan muloqotni aniq tasdiqlagan ilk rasmmiy izoh bo‘ldi. Tramp esa bir necha marta — inauguratsiyasidan ham oldinroq — uning jamoasi RF hukumati bilan aloqada bo‘lib turganini aytgandi, ammo Kremldagilar buni rad etayotgandi.
Moskva va Vashington o‘rtasida «jamoalar darajasidagi» muloqot 2024 yilning noyabrida, Putin va Tramp o‘rtasida go‘yoki birinchi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa bo‘lib o‘tgan paytda boshlangan, deb yozadi The Moscow Times ikki rossiyalik rasmiyga tayanib. Ularning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar bu faktni ataylab oshkor etmagan va «Amerika isteblishmenti tomonidan bo‘lajak AQSh prezidentiga bosim o‘tkazmaslik» uchun muloqot boshlanishini har tomonlama rad etgan. Shu bilan birga, nashrning Rossiya TIVdagi manbasi aniqlik kiritishicha, ayni paytda Kreml AQShning yangi ma’muriyati bilan bosh muzokarachi lavozimiga nomzod qidira boshlagan va bu funksiya katta ehtimol bilan Putinga eng yaqin kishiga ishonib topshiriladi.
Peskov: Rossiya Zelenskiy bilan muzokaradan bosh tortmaydi, biroq shart bor
Shu bilan birga, Dmitriy Peskov Kreml Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muzokaradan bosh tortmasligini aytdi, garchi Vladimir Putin uni «noqonuniy» davlat rahbari deb hisoblab keladi. «Janob Zelenskiyning qonuniyligi borasida de-yure katta muammolar bor, biroq shunga qaramay, Rossiya tomoni muzokaralar uchun ochiqligicha qolmoqda», — deya Peskov so‘zlarini keltiradi «Interfaks».
Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, Ukraina rahbariyati bundan «manfaatdorligini namoyon etishi» va Putin bilan aloqaga qo‘yilgan qonunchilik taqiqini bekor qilishi kerak. Aks holda Kreml Zelenskiyning Rossiya prezidenti bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga tayyor ekani haqidagi bayonotini jiddiy qabul qilmaydi. «Tayyorlik nimagadir asoslanishi kerak… Shuning uchun hozircha buni quruq gapdan boshqa narsa sifatida qabul qilib bo‘lmaydi», — deydi Peskov.
Bir kun avval britaniyalik jurnalist Pirs Morganga bergan intervyusida Zelenskiy boshqa variantlar bo‘lmasa, Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borishga tayyorligini aytdi. «Agar bu biz ukrainaliklar uchun tinchlikka erisha oladigan va odamlarni yo‘qotmaydigan yagona konfiguratsiya bo‘lsa, albatta, bunga boramiz», dedi Ukraina prezidenti. Yo‘l-yo‘lakay u bu ishda uning Putinga nisbatan shaxsiy munosabati ahamiyatsiz ekanini ta’kidladi.
Tramp 4 fevral kuni navbatdagi marta AQSh hozirning o‘zidayoq Kiyev bilan ham, Moskva bilan ham «Ukraina bo‘yicha juda yaxshi muzokaralar» olib borayotganini aytgandi. U hozirda Ukrainadagi ko‘plab shaharlar bombardimonlar tufayli «G‘azodagi kabi, hatto undan ham yomonroq» ko‘rinishga kelganini aytib, halok bo‘layotgan harbiylar soni haqida har hafta hisobot olib turgani va bu ma’lumotlar «hayratga solishi»ni qayd etgandi. «Men bu to‘xtashini istayman», — degan AQSh prezidenti.
Shu kuni Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uols bilan telefon orqali muloqot qildi. «Yevropeyskaya pravda» qayd etishicha, bu Kiyev vakilining Oq uydagi yangi ma’muriyat bilan ilk ochiq kontakti bo‘ldi.
Tramp avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan ham, RF prezidenti Vladimir Putin bilan ham uchrashishga tayyorligini bildirgandi. Bu uchrashuvlar qachon bo‘lib o‘tishi hozircha noma’lum. Zelenskiy fevral oyi boshida uning Tramp bilan uchrashuvi Rossiya-Ukraina muzokaralari formatini belgilashdan oldinroq o‘tkazilishi kerakligini aytgandi.