Janiyndagi vayronkor hujumlar, Trampning kutilayotgan tinchlik rejasi va Yevroittifoqdan Putin uchun tribunal - kun dayjesti

Jahon 14:16 2553

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Falastindagi vaziyat

Isroil armiyasi G‘arbiy sohildagi Janiyn qochqinlar lagerini vayron qilishda davom etmoqda. O‘tgan kunlar ichida qator mahallalar yo‘q qilindi, minglab falastinliklar boshpanasiz qoldi. Janiyn meri buni so‘nggi 20 yildagi eng katta fojia deb atadi.

Janiynda Isroil ikki hafta avval maxsus operatsiya boshlagan va uni Eronga aloqador guruhlarga qarshi kurash deb atamoqda. Biroq Tel-Aviv bu borada hech qanday dalil taqdim etganicha yo‘q. Hujumlarda 30 dan ortiq kishi, asosan ayollar va bolalar halok bo‘lgan.

Isroilning tank va buldozerlari ko‘chalarni vayron qildi, uylar portlatildi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Janiyndagi 3490 ta oiladan atigi 100 tasi qolgan. Tashkilot bu holat G‘azodagi muvaqqat to‘xtash jarayoniga xavf solishini va yangi keskinlikka sabab bo‘lishi mumkinligini ogohlantirmoqda.

Isroil harbiylari Tubas va Tulkarmda ham reydlar o‘tkazmoqda. Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon G‘arbiy sohilda 70 kishi halok bo‘lgan, shulardan 38 nafari Janiynda o‘ldirilgan.

Falastinliklar buni yangi Naqba — 1948 yildagi katta qochqinlik fojiasining takrori, deb baholamoqda.

Trampning G‘azo bo‘yicha rejasi tanqid ostida

AQSh prezidenti Donald Tramp Falastin aholisini ko‘chirib yuborish va G‘azoni nazoratga olish niyati borligini bildirdi. Bu esa xalqaro maydonda qattiq tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Ar-Riyod Falastin davlatini tuzmasdan Isroil bilan munosabatlar normallashtirilmasligini yana bir bor ta’kidladi. Falastinliklarni majburan ko‘chirish mumkin emasligini qayd etdi.

Rasmiy Moskva Tramp rejasini «kollektiv jazo» deb baholab, G‘azo va G‘arbiy sohilni bosib olish xalqaro huquqni buzishini ta’kidladi.

Pekin falastinliklarni majburan ko‘chirishga qarshi ekanini bildirdi va ikki davlat prinsipiga asoslangan muzokaralarni qayta boshlashga chaqirdi.

Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan rejani «noqonuniy» deb atadi va Anqara Isroilga qarshi choralarni qayta ko‘rib chiqishini bildirdi.

London «ikki davlat yechimi» tarafdori ekanini va Falastin xalqining o‘z tuprog‘ida yashash huquqini himoya qilishini bildirdi.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk ham Donald Trampning G‘azoni «egallab olish» va u yerda yashovchi falastinliklarni ko‘chirish rejasini tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, «okkupatsiya qilingan hududlarda insonlarni majburiy ko‘chirish yoki ularni u yerdan deportatsiya qilish qat’iy taqiqlangan».

Amnesty International tashkilot rahbari falastinliklarni ko‘chirish «etnik tozalash»ga teng ekanini va bu jinoyat sifatida baholanishini ta’kidladi.

Suriya va Turkiya strategik sheriklik ostonasida

Anqarada Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvdan so‘ng ular matbuot anjumanida chiqish qildi.

Ash-Shar’a Turkiyaning mehmondo‘stligi uchun minnatdorlik bildirdi va turk xalqi tomonidan millionlab suriyalik qochqinlarni qabul qilish tarixiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Suriya va Turkiya qon to‘kilishini to‘xtatish va mintaqa xavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashda davom etadi.

Suriya rahbari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar endi chuqur strategik sheriklik darajasiga o‘tishi kerakligini ta’kidladi. Ularning hamkorligi hozircha humanitar, iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy sohalarni qamrab olgan bo‘lsa-da, kelgusida xavfsizlik va siyosiy yo‘nalishda ham uzoq muddatli sheriklikka aylanishi kutilmoqda.

Ash-Shar’a Suriyaning hududiy yaxlitligiga tahdid solayotgan muammolar va bu borada xalqaro bosimni kuchaytirish kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, u Isroilning Suriya janubidagi bufer hududdan chiqishi uchun 1974 yilgi kelishuvni bajarishini talab qildi.

Trampning Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasi

AQSh prezidenti Donald Tramp jamoasi 14–16 fevral kunlari Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasini taqdim etadi. Bu haqda Bloomberg manbalari xabar berdi.

Rejani Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog taqdim etadi. Tafsilotlar hozircha noma’lum, ammo manbalarga ko‘ra, reja «zo‘ravonlik orqali tinchlik» tamoyiliga asoslangan. Rossiya bosib olgan hududlarning maqomi aniqlashtirilmay qolishi mumkin, ammo Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari taklif etilishi kutilyapti.

Bu kafolatlarning qanday shaklda bo‘lishi hozircha noaniq. Shuningdek, Rossiyaning tinchlik shartlariga qo‘yadigan talablari haqida ma’lumot yo‘q.

Zelenskiy muzokaralarga tayyorligini bildirdi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Vladimir Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga tayyorligini e’lon qildi. Uning aytishicha, agar bu urushni tugatish va ukrainaliklarning hayotini saqlab qolishning yagona yo‘li bo‘lsa, Kiyev bu qadamga boradi. Biroq muzokaralar AQSh va Yevropa Ittifoqi ishtirokida o‘tishi lozim.

Zelenskiy Donald Tramp mojaroni hal etishi mumkinligini va Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari taklif qila olishini ta’kidladi. U, shuningdek, harbiy yo‘l bilan barcha bosib olingan hududlarni qaytarish imkoniyati yo‘qligini, diplomatik usullar samaraliroq bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.

Ukraina rahbari urush tugaganidan so‘ng saylov o‘tkazish niyatida ekanini tasdiqladi. U frontdagi harbiylar, bosib olingan hududlar aholisi va chet eldagi ukrainaliklarning ovoz berish imkoniyati hal etilishi kerakligini aytdi.

Zelenskiy Rossiya va Ukraina yo‘qotishlari haqida ham raqamlarni keltirdi. Unga ko‘ra, Ukraina 45 ming harbiy yo‘qotgan, 390 ming kishi yaralangan. Rossiyaning yo‘qotishlari esa 350 ming o‘ldirilgan, 50-70 ming bedarak yo‘qolgan va 600-700 ming yaralangan askarlardan iborat, deb baholanmoqda.

G‘arb manbalariga ko‘ra, Rossiyada halok bo‘lganlar soni 115-200 ming atrofida, yaradorlar esa 400-500 mingni tashkil etadi.

Kreml ham Zelenskiy bilan muzokaralarga rozi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Volodimir Zelenskiyni «nolegitim» deb hisoblasa-da, Kreml u bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishga tayyor. Bu haqda matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

Peskovga ko‘ra, muzokaralar uchun Ukraina rahbariyati bu borada «manfaatdorligini namoyon etishi» va Rossiya bilan aloqalarni cheklovchi qonunlarni bekor qilishi kerak. Aks holda Kreml Zelenskiyning Rossiya prezidenti bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga tayyor ekani haqidagi bayonotini jiddiy qabul qilmaydi.

«Tayyorlik nimagadir asoslanishi kerak… Shuning uchun hozircha buni quruq gapdan boshqa narsa sifatida qabul qilib bo‘lmaydi», — dedi Peskov.

YeI Putin uchun tribunal tashkil etadi

Yevropa kengashi Ukrainaga qarshi bosqinchilik jinoyati bo‘yicha Maxsus tribunal tashkil etishning huquqiy asoslarini kelishib oldi. Agar tribunal tashkil etilsa, u Xalqaro jinoiy suddan mustaqil faoliyat yuritadi.

Yevropa Ittifoqi vakillariga ko‘ra, bosqinchilik jinoyati uchun javobgarlik hujum haqida qaror qabul qilgan mamlakat rahbariyati zimmasiga yuklanadi. Bu Putinga nisbatan sud ishi ochilishiga yo‘l ochishi mumkin.

Yevropa Ittifoqining oliy vakili Kaya Kallas Putinning «bosqinchilik jinoyati» sodir etganiga shubha yo‘qligini aytdi. Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen ham Rossiyaning Ukrainaga hujumi xalqaro huquqni qo‘pol buzishini ta’kidladi.

Tribunal tashkil etish bo‘yicha 41 ta davlat vakilining ishchi guruhi 14-uchrashuvni aprelda o‘tkazadi. Unda rasmiy qaror qabul qilinishi kutilmoqda.

MRB xodimlari ishdan bo‘shatilmoqda

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi barcha xodimlariga ixtiyoriy ravishda ishdan ketishni taklif qildi. Wall Street Journal nashriga ko‘ra, bu qaror Donald Tramp ma’muriyatining milliy xavfsizlik ustuvorliklariga moslashish maqsadida qabul qilingan.

Ishdan bo‘shatilganlarga 8 oylik maosh va imtiyozlar saqlab qolinadi. Ammo bu taklifdan kimlar foydalana olishi hozircha aniq emas. Shuningdek, MRB yangi xodimlar qabul qilishni ham vaqtincha to‘xtatgan.

Tramp MRB uchun uchta asosiy vazifa belgilagan: narkokartellarga qarshi kurash, Xitoy bilan savdo urushini kuchaytirish va Pekin ta’sirini kamaytirish.

Mavjud o‘zgarishlar keng ko‘lamli davlat tozalash jarayonining bir qismi bo‘lib, Tramp hokimiyatga sodiq kadrlarni joylashtirishni maqsad qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: