2025 yil yanvar oyi nisbatan iliq keldi, deb xabar berdi «O‘zgidromet». Bu oy 2023 yil yanvar oyidagi kabi sovuq va 2024 yil yanvar oyidagi kabi iliq bo‘lmadi, bu meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng iliq yanvar oylari uchligiga kirdi.
Qayd qilinishicha, o‘rtacha oylik havo harorati iqlim me’yoridan 0,5-1 darajaga, shimolda 2-3 darajaga, Ustyurtda 4 darajaga yuqori bo‘ldi.
Yanvar oyining birinchi va uchinchi o‘n kunliklarida respublika hududi bo‘yicha sovuq to‘lqinlar kuzatildi, bunda harorat me’yordan 2-3 darajaga, 23-24 yanvar kunlarida esa 4-5 darajaga past bo‘lishi qayd etildi. Yanvar oyining ikkinchi o‘n kunligi iliq bo‘ldi, hududning katta qismida me’yordan 1-3 darajaga yuqori bo‘lishi qayd etildi.
Eng sovuq kechalarda havo harorati -3-8 daraja, shimolda -9-14 darajaga pasaydi. Hududning katta qismida eng iliq kunlarda havo +11+16 darajagacha, janubda ba’zi joylarda +17+19 darajagacha isidi.
Bu yil yanvar oyi qish mavsumining eng sovuq oyi sifatida o‘z nomini oqlay olmadi. 2024 yil dekabr oyining o‘rtacha oylik harorati 2025 yil yanvar oyiga nisbatan 1-2 daraja past bo‘lib, dekabrdagi sovuqlar esa yanvar oyi sovuqlariga nisbatan kuchliroq bo‘lgan.
Yanvar oyi juda quruq keldi. Respublika hududining katta qismida oy davomida yog‘ingarchilik me’yordan 50% kam bo‘ldi. Xorazm viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasining janubi, Farg‘ona vodiysi va Buxoro, Navoiy viloyatlari hududlarining katta qismi eng qurg‘oqchil hududlar bo‘lib, ularda oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yordan 20% kam bo‘ldi.
Faqat Surxondaryo viloyatida va Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy hududlarida ba’zi joylarda yog‘ingarchilik me’yor atrofida va undan ko‘p bo‘ldi.
Tekislik hududlarda yog‘ingarchilik asosan yomg‘ir ko‘rinishida yog‘di. Ayrim kunlarda ba’zi joylarda yomg‘ir qorga aylanishi kuzatildi, ammo hududning katta qismida qor qoplami hosil bo‘lmadi. Qisqa muddatga (1-2 kun) balandligi 0,5 sm dan 3 sm gacha bo‘lgan qor qoplami faqat respublikaning markaziy va janubi-sharqiy hududlarining ba’zi joylarida kuzatildi.
O‘zbekistonning tog‘li hududlarida oy davomida qor qoplamining ko‘payishi qayd etildi, biroq tog‘li hududlarning katta qismida qor o‘rtacha ko‘p yillik va o‘tgan yilgi qiymatlardan kam bo‘ldi.
Oy oxirida tog‘larda qor zaxiralari me’yordan 50-70%, Qamchiq dovoni hududida 40% ni tashkil etdi. Faqat Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining o‘rta tog‘ hududlarida (Chimyon meteostansiyasi ma’lumotlari bo‘yicha) qor balandligi o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘ldi.
Yanvar oyida tez-tez tuman hodisalari kuzatildi, ko‘rinuvchanlik esa 50-500 metrgacha yomonlashdi.