AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azo sektoridan falastinliklarni ko‘chirish va qirg‘oq chizig‘ini Amerika nazorati ostiga olish taklifi ko‘plab mamlakatlarda tanqid qilindi. Xususan, u Germaniya Bundestagidagi hukmron koalitsiya va muxolifat tomonidan tanqid qilindi. 5 fevral, chorshanba kuni Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP)ning tashqi siyosat bo‘yicha eksperti Nils Shmidning aytishicha, Trampning G‘azo sektori haqidagi g‘oyasini «mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi».
Bunday harakat «xalqaro huquqni qo‘pol ravishda buzish va ikki million falastinlikni o‘z vatanidan mahrum qilishdir», dedi u Reuters agentligiga. Sotsial-demokrat Isroilning xavfsizligi hamda falastinliklarning erkinlik va qadr-qimmatda yashash huquqi faqat ikki davlatning tinch-totuv yashashi asosidagi mojaroni hal qilish orqali kafolatlanishi mumkinligini ta’kidladi. «Biz yevropaliklar, arab dunyosidagi hamkorlarimiz bilan birgalikda ushbu tamoyilga amal qilishimiz kerak», — deya qo‘shimcha qildi u hamda Germaniya, Fransiya, Iordaniya va Misr tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvini o‘tkazishga chaqirdi.
O‘z navbatida, Xristian-demokratik ittifoq (XDI) va Xristian-sotsial ittifoq (XSI) muxolifatdagi fraksiyasi raisi o‘rinbosari Yoxann Vadeful «Trampning Yaqin Sharq siyosatidagi kutilayotgan buzg‘unchi unsurlar» haqida gapirdi. U AQShning G‘azo sektori kelajagi va uni qayta qurish uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olish majburiyatini olqishladi. Shu bilan birga, mojaroni xalqaro huquq asosida hal etishning haqiqiy siyosiy yechimiga erishish muhim, dedi u.
Xitoy va Turkiya hukumati Trampning taklifini rad etdi
Ayni paytda, Xitoy G‘azo sektoridan falastinliklarni majburan ko‘chirishga qarshi chiqdi. Pekindagi Tashqi ishlar vazirligi G‘azodagi o‘t ochishni to‘xtatishdan «Falastin masalasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish» va ikki davlat o‘rtasida tinch-totuv yashash asosida mojaroni hal qilish uchun imkoniyat sifatida foydalanilishiga umid bildirdi.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Trampning AQShning G‘azo sektori ustidan nazorat qilish haqidagi taklifini «qabul qilib bo‘lmas» deb atadi. Yaqin Sharqdagi mojaro uni hal qilish rejalarida falastinliklarning manfaatlari hisobga olinmasa, faqat keskinlashadi, dedi u Anadolu agentligiga.