«Uning o‘rnida har kim ham shu ishni qilgan bo‘lardi» - Tramp Ukrainani bombardimon qilayotgan Putin haqida
AQSh prezidenti Oq uydagi chiqishi davomida Putinga ishonishini va Ukrainadan ko‘ra Rossiya bilan ish olib borish «osonroq» ekanini ma’lum qildi.

Foto: AP
Vladimir Putin AQSh Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatish va razvedka ma’lumotlarini almashishni to‘xtatganidan keyin ham «har qanday odam qilgani kabi» Ukraina infratuzilmasiga hujumlarini davom ettirmoqda. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp Oval kabinetdagi chiqishi davomida ma’lum qildi.
«Menimcha, u har qanday boshqa odam qilishi mumkin bo‘lgan ishni qilmoqda. U buni to‘xtatishni va muammoni hal qilishni xohlaydi, deb o‘ylayman va hisoblashimcha, u avvalgidan ham qattiqroq zarbalar bermoqda. Va menimcha, uning o‘rnida bo‘lgan har qanday kishi hozir aynan shunday yo‘l tutgan bo‘lardi», — deya Tramp jurnalistning savoliga javob qaytargan.
AQSh prezidenti Ukrainaga qurol yetkazilishini to‘xtatgani va bu urushga yakun yasashiga ishonchi komil ekanini ma’lum qildi. «Men ular bitim tuzishni xohlashayotganini bilishim kerak», — deydi prezident. Uning qo‘shimcha qilishicha, agar Kiyev urushni hal etishni istamasa, AQSh Ukrainadan chiqib ketadi.
Trampning fikricha, Ukrainadan ko‘ra Rossiya bilan ish olib borish «osonroq». U Vladimir Putinga ishonishini qo‘shimcha qildi. «Bizda Rossiya bilan hammasi yaxshi deb o‘ylayman, ammo ayni vaqtda ular go‘yo la’natlanganlardek, Ukrainani bombardimon qilmoqda. Ukraina bilan esa to‘g‘risini aytsam, menga ish olib borish qiyin va ularning qo‘lida qarta yo‘q», — dedi Tramp.
Shu bilan birga, Tramp Moskva Ukrainada jangovar harakatlarni to‘xtatmasa va Kiyev bilan muzokaralar olib borishni istamasa, Rossiya «keng ko‘lamli» sanksiyalarga uchrashini aytdi. «Rossiya hozir jang maydonida Ukrainani ezib tashlayotganini inobatga olgan holda, men Rossiyaga nisbatan keng qamrovli bank sanksiyalari va bojxona to‘lovlarini joriy etishni jiddiy ko‘rib chiqyapman. Bu choralar o‘t ochishni to‘xtatish va yakuniy tinchlik kelishuviga erishilgunga qadar davom etadi», — deb yozadi Tramp.
4 mart kuni AQSh Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni, keyinroq esa razvedka ma’lumotlarini taqdim etishni to‘xtatgani ma’lum bo‘lgandi. Xususan, Kiyev Rossiyadagi nishonlarga uzoq masofadan turib zarba berishda zarur bo‘lgan ma’lumotlarni olmay qo‘ygan.
Shundan keyin Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning qator energetika tizimlari va fuqarolik obektlariga hujumlar uyushtirdi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, 7 martga o‘tar kechasi Rossiya armiyasi 70 ga yaqin raketa va qariyb 200 ta dron uchirgan.
Mavzuga oid

13:19
Mask: Starlink hech qachon Ukrainadagi o‘z terminallarini o‘chirib qo‘ymaydi

01:10
Tramp: Ukraina AQSh yordami bilan ham omon qolmasligi mumkin

23:40 / 09.03.2025
Ukraina Qrim ko‘prigini butunlay yakson qilish bo‘yicha yangi operatsiya tayyorlamoqda

20:11 / 09.03.2025