Ukraina Qrim ko‘prigini butunlay yakson qilish bo‘yicha yangi operatsiya tayyorlamoqda
Ukrainaliklar bundan oldin Qrim ko‘prigini ikki marta yo‘q qilishga uringan. Birinchi safar ko‘prikda yuk mashinasi portlatilgan bo‘lsa, ikkinchi holatda ekipajsiz dengiz kateridan foydalanilgan holda hujum uyushtirilgan.

Foto: The Moscow Times
Ukrainalik harbiylar Qrim ko‘prigini butunlay yakson qilish imkonini beradigan yangi operatsiyani tayyorlamoqda. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) Harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni vitse-admiral Aleksey Neijpapa The Observer’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
U oldingi hujumlar vaqtida avtomobil yo‘liga, shuningdek, temiryo‘l konstruksiyasiga shikast yetkazilganini eslatib, natijada rossiyalik harbiylar ko‘prik orqali og‘ir vagonlarni o‘tkaza olmayotganini ta’kidladi. Neijpapa Ukraina bu safar Qrim ko‘prigini yakson etishiga umid qilishini bildirdi. «Rossiyaliklar biz uchinchi operatsiyani faol muhaokama qilayotganimizni tushunadi», — deydi u.
Ukraina bundan oldin ikki marta Qrim ko‘prigini yo‘q qilishga uringan. 2022 yil 8 oktyabrda, RF prezidenti Vladimir Putinning 70 yillik yubileyi nishonganlangan sananing ertasi kuni ko‘prikda yuk mashinasi portlatilgan edi, natijada, ikkita avtomobil yo‘li qulab tushgan, temiryo‘l qismida yong‘in yuz bergan. O‘shanda Rossiya tomoni yetkazilgan zararni 7 milliard rubldan ziyodga baholagan edi. Ta’mirlash ishlari 8 oy davom etgan. Ikkinchi urinish 2023 yil 17 iyulda amalga oshirilgan — bu safar ekipajsiz dengiz katerlaridan foydalanilgan edi. Ushbu hujum natijasida ko‘prikning avtomobillar harakatlanadigan qismi yana shikastlangandi.
Keyinroq Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Malyuk hujumlarni shaxsan o‘zi rejalashtirib, unga rahbarlik qilganini tan olgandi. Uning aytishicha, birinchi holatda o‘tkazish punktidagi skanerlar aniqlay olmasligi uchun yuk mashinasiga plastik plyonkalar orasiga yashirilgan 21 tonna geksogen yuklangan. Shuningdek, ukrainalik mutaxassislar GPS-koordinatalarni buzib ko‘rsatishga qodir radioelektron kurash vositalarini chetlab o‘tadigan maxsus tizimni ishlab chiqqan. Malyukning so‘zlariga ko‘ra, yukni yetkazish uchun tasodifiy odamlar tanlangan.
Ikkinchi hujumda maxsus dengiz dronlari — 850 kilogramm portlovchi moddani tashishga qodir Sea Baby kamikadzelari yaratilgan. Uning ta’kidlashicha, Ukrainaning yakuniy maqsadi ko‘prikni butunlay yakson qilish hisoblanadi. Bu haqda mamlakat rahbariyati, jumladan, Volodimir Zelenskiy ham bir necha bor gapirgan.
2014 yilda Qrim anneksiyasidan keyin 19 kilometrli ko‘prik yarimorolning Rossiya bilan integratsiyalashuvida muhim omil bo‘ldi. Uni qurish ishlari 2016 yil fevralda boshlangan edi. Ko‘prik rossiyaliklarga Ukrainaning janubiy hududlarini egallab olgan guruhlarni askar va qurollar bilan ta’minlashda yordam ko‘rsagan.
Mavzuga oid

20:11 / 09.03.2025
Rossiyalik harbiylar Sudjaga gaz quvuri orqali hujum qildi

19:14 / 09.03.2025
Tinchlik metallari: AQSh, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi resurs kelishuvining nimasi g‘alati?

17:05 / 09.03.2025
Ukraina Pokrovsk va Toretsk atrofida qarshi hujumga o‘tdi. Bu nima bilan bog‘liq?

13:44 / 09.03.2025