Rossiyaning Ukraina bo‘ylab zarbalari oqibatida bir kunda 20 kishi halok bo‘ldi
Tungi hujumdan Donetsk, Xarkiv, Poltava, Sumi va Odessa oblastlari jabrlangan.

Nadia Karpova / Reuters / Scanpix / LETA
8 martga o‘tar kechasi Rossiya harbiylari Donetsk oblastidagi Dobropole frontoldi shahriga raketa va dronlar bilan zarba berdi, rasmiylarga ko‘ra, 11 kishi halok bo‘lib, 40 dan ortiq kishi yaralangan. Rossiya harbiylari hujumlari Donbassdagi boshqa aholi yashash punktlarida yana olti kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Xarkiv oblastining Bogoduxov shahrida dronlar hujumi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi. Rossiya harbiylari tinch aholining o‘limiga izoh bermayapti.
Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari shanba kuni ertalab Rossiya shanbaga o‘tar kechasi Ukrainaga 145 ta zarbdor dron va dron-imitatorlar, shuningdek, ikkita «Iskander-M»/KN-23 ballistik raketasi va bitta «Iskander-K» qanotli raketasi bilan hujum qilganini ma’lum qildi.
Tungi hujumdan Donetsk, Xarkiv, Poltava, Sumi va Odessa oblastlari jabrlangan.
Donetsk oblasti: 17 qurbon
Rossiya harbiylari 7 mart, juma kuni kechqurun front yaqinidagi Dobropole shahrini o‘qqa tutdi. Aholi zich joylashgan hudud zarba ostida qolgan.
Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, hujum paytida sakkizta besh qavatli uy, ma’muriy bino va 30 ta avtomobil vayron bo‘lgan yoki shikastlangan. Zarbaga uchragan binolarda yong‘in chiqqan.
Hujum oqibatida shaharda 11 kishi halok bo‘ldi, 47 kishi yaralandi, ulardan besh nafari bolalar, deb xabar berdi qutqaruvchilar va oblast harbiy ma’muriyati.
Donetsk oblasti prokuraturasi ma’lum qilishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, zarbalar «Iskander-M» va «Tornado-S» raketalari, shuningdek, dronlar orqali yo‘llangan.
Rossiya harbiylari Dobropole o‘qqa tutilishi yuzasidan izoh bermadi.
«Bunday zarbalar Rossiyaning maqsadlari o‘zgarmasligini ko‘rsatadi. Shuning uchun insonlar hayotini muhofaza qilish uchun hamma ishni qilishda davom etish, havo hujumidan mudofaamizni mustahkamlash, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish juda muhim», — dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Dobropole shahriga zarba yuzasidan munosabatida.
Rasmiylarga ko‘ra, vayronalarni tozalash va yong‘inni o‘chirish vaqtida shaharga yana zarba berilgan, natijada qutqaruvchi halok bo‘lgan.
Dobropole Rossiya armiyasi egallamoqchi bo‘lgan Pokrovskdan 20 km shimolda joylashgan. Bir kun avval BBC Ukraina qurolli kuchlari bu yo‘nalishda qarshi hujumga o‘tgani haqida xabar bergan edi.

Oblast harbiy ma’muriyati rahbari Vadim Filashkinning ma’lum qilishicha, 8 mart kuni Donetsk oblasti bo‘ylab zarbalar paytida yana olti kishi halok bo‘lgan: uch kishi Pokrovskda, bir kishi yana bir front yaqinidagi Konstantinovka shahrida, bir kishi Mirnogradda va yana bir kishi Ivanopole qishlog‘ida.


Xarkiv oblasti: uch kishi halok bo‘ldi
Xarkov oblastining Bogoduxov shahrida tinch aholi vakillaridan yana uch nafari halok bo‘ldi.
Oblast harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning ma’lum qilishicha, 8 martga o‘tar kechasi go‘sht kombinati hududiga Shaheed tipidagi to‘rtta zarbdor dron kelib tushishi oqibatida yong‘in ro‘y bergan.
Vayronalar ostidan uch kishi jasadi (go‘sht kombinati ishchilari) chiqarib olindi, yana yetti kishi yaralangan.
Rossiya harbiylari Bogoduxov o‘qqa tutilishi yuzasidan izoh bermadi.

Odessa: dron hujumidan keyingi yong‘inlar
Juma kuni kechqurun Rossiya harbiylari Odessaga yana dronlar bilan zarba berdi, dedi oblast harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Kiper.
«Shikastlanish va vayronagarchiliklar bor. Vayronalar qulashi natijasida sanoat binosi va yonilg‘i quyish shoxobchasi yonib ketdi», — dedi u.
Odessa oblastiga ketma-ket beshinchi kecha zarbalar berilmoqda. Rossiya harbiylari Ukrainadagi harbiy harakatlar yuzasidan kunlik hisobotida bu hudud o‘qqa tutilishiga to‘xtalmagan.
8 mart kuni Rossiya Mudofaa vazirligi dronlar va raketalar bilan «harbiy aerodromlar infratuzilmasi, Ukraina harbiy-sanoat kompleksi korxonalari ishini ta’minlovchi energetika obekti, ishlab chiqarish sexlari, saqlash omborlari va uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish punktlari»ga zarba berilganini ma’lum qildi.
E’lon qilingan suratlarda dronlarning yangi hujumi natijasida Odessada kuchli yong‘inlar boshlangani aks etgan. Qutqaruvchilarga ko‘ra,qishloq xo‘jaligi texnikalari joylashgan angar yonib ketgan, muhim infratuzilma shikastlangan, qurbonlar va jabrlanganlar yo‘q.
Ukraina ittifoqchilari Rossiya hujumlarini qoraladi.
O‘nlab tinch aholining o‘limiga sabab bo‘lgan «jirkanch» zarbalar, «vahshiy tajovuz bizning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan qat’iyatimizni yanada kuchaytiradi», deb yozdi Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemm X ijtimoiy tarmog‘ida.
Mavzuga oid

23:40 / 09.03.2025
Ukraina Qrim ko‘prigini butunlay yakson qilish bo‘yicha yangi operatsiya tayyorlamoqda

20:11 / 09.03.2025
Rossiyalik harbiylar Sudjaga gaz quvuri orqali hujum qildi

19:14 / 09.03.2025
Tinchlik metallari: AQSh, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi resurs kelishuvining nimasi g‘alati?

17:05 / 09.03.2025