Euroclear Rossiya aktivlaridan 2 mlrd yevrolik daromadni Ukrainaga o‘tkazadi

Jahon 14:20 824

Belgiyaning Euroclear depozitariysi 2024 yilda bloklangan Rossiya aktivlarini investitsiya qilishdan 6,9 milliard yevro foiz daromad oldi, bu 2023 yilga nisbatan 2,5 milliard yevroga ko‘pdir, deyiladi u tomonidan 5 fevral, chorshanba kuni chop etilgan hisobotda. O‘tgan yili olingan summaning 5,39 milliard yevrosi Rossiya bankining bloklangan aktivlariga, yana 1,5 milliard yevrosi esa Rossiya Federatsiyasi aktivlariga tegishli.

Hujjatda qayd etilganidek, Ukraina mart oyida ushbu summadan 2 milliard yevro oladi. «Kapital va risklarni boshqarish talablarini qondirish uchun 10 foiz favqulodda to‘lovni ushlab qolgach, Euroclear 2024 yilning iyul oyida Ukraina bo‘yicha Yevropa jamg‘armasiga taxminan 1,55 milliard yevro miqdorida 2024 yilning birinchi yarmi uchun birinchi to‘lovni amalga oshirdi. 2024 yilning ikkinchi yarmi uchun ikkinchi to‘lov 2025 yilning mart oyida olinishi kutilmoqda va taxminan 2 milliard yevroni tashkil qilishi kerak», deyiladi bayonotda.

Foiz daromadining pasayishi ehtimoli bor

Shu bilan birga, Euroclear moliyaviy guruhi 2024 yilda jahon iqtisodiyotida stavkalarning bosqichma-bosqich pasayishi Rossiya Markaziy bankining bloklangan aktivlari bo‘yicha foiz daromadlarining o‘sish sur’ati pasayishiga olib kelganini ta’kidlaydi. Belgiyalik iqtisodchilarning prognozlariga ko‘ra, «kelajakdagi foiz daromadlari istiqbollari pasayishda davom etishi mumkin, ammo bu kelajakdagi siyosiy qarorlarga bog‘liq».

2024 yil oxirida Euroclear Rossiyaning 183 milliard yevrolik muzlatilgan aktivlarini o‘zida saqlagan. Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi ortidan G‘arb davlatlari Rossiya Markaziy bankining umumiy qiymati taxminan 260 milliard yevroni tashkil etgan naqd pul va qimmatli qog‘ozlar ko‘rinishidagi aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Ularning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i Belgiya depozitariysida saqlanadi. Shu bilan birga, Rossiya Moliya vazirligi 2022 yilda muzlatilgan aktivlar hajmini taxminan 300 milliard dollar (288 milliard yevro) deb baholadi.

Ko‘proq yangiliklar: