«Bizga yadroviy qurolni qaytaring» - Zelenskiy xavfsizlik kafolatlari haqida

Jahon 14:09 4144

5 fevralga o‘tar kechasi Volodimir Zelenskiyning britaniyalik jurnalist Pirs Morganga bergan bir yarim soatlik intervyusi e’lon qilindi. Unda Ukraina prezidenti Rossiya-Ukraina mojarosining hozirgi holati va harbiy harakatlar yakunlanganidan keyin nima bo‘lishi borasidagi qarashlarini batafsil bayon etgan.

Putin bilan muzokaralarga tayyorligi haqida. Zelenskiy «agar bu ukrainlarga tinchlik olib keluvchi va odamlarni yo‘qotmaydigan yagona konfiguratsiya bo‘lsa», Putin bilan muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyorligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday vaziyatda Rossiya prezidentiga shaxsiy munosabati ahamiyat kasb etmaydi: «Unga qanday munosabatda bo‘lishimning nima farqi bor? Men unga mehribonlik qilmayman. Men uni dushman deb bilaman, to‘g‘risi, u ham meni dushman deb biladi».

Halok bo‘lgan ukrain harbiylari haqida. Zelenskiyning qayd etishicha, urush boshlanganidan buyon 45 100 nafar ukrain harbiy xizmatchisi halok bo‘lib, 390 mingga yaqin kishi yaralangan. «Aniq raqamlar biz uchun juda muhim», — deya ishontiradi u. Ukraina prezidenti rossiyaliklarning yo‘qotishlarini 350 ming qurbon, 600-700 ming yarador va 50-70 ming bedarak yo‘qolgan kishiga baholagan. Halok bo‘lganlar va yaralanganlar nisbatidagi farqni Zelenskiy Rossiyaning «dala tibbiyoti ukrainlarnikidan kuchsizroq ekani va ular yaradorlarni olib chiqmasligi, ular yaralangan joyida qoldirilishi» bilan tushuntirgan.

NATOga kirish va yadroviy qurol haqida. Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini muhokama qilarkan, Zelenskiy agar mamlakatning NATOga kirishi yillar yoki o‘nlab yillarga kechiktirilsa, masalani Ukrainada yadroviy qurol bo‘lishi bilan hal etish mumkinligini aytgan. «Keling, bunday qilamiz: bizga yadroviy qurol qaytarilsin, bizga raketa komplekslari berilsin, hamkorlar millionlik armiyani moliyalashtirishda yordam ko‘rsatsin, odamlarimiz xotirjam bo‘lishi uchun kontingentlaringizni biz barqarorlik bo‘lishini istaydigan regionlarga joylashtiring», — degan u. Zelenskiy agar tinchlik kelishuv shartlariga ko‘ra, Ukraina NATOga a’zo bo‘lishdan voz kechishi kerak bo‘lsa, Rossiya anneksiya qilingan barcha hududlarni qaytarishi kerakligini qo‘shimcha qilgan: «[Putin] biz NATO a’zosi bo‘lishimizdan qo‘rqqanidan bostirib kirgandi. Yaxshi, biz NATO a’zosi bo‘lmaymiz — yerlarimizni qaytaring».

Saylovlar haqida. Ukrainada saylovlar harbiy harakatlarning faol fazasi yakunlanib, harbiy holat bekor qilinganidan keyingina o‘tkaziladi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, «harbiy holat hozir bekor qilinishi — aynan Putin istayotgan ish». Zelenskiy agar harbiy holat bekor qilinsa, unda harbiy xizmatchilarning katta qismi uyga qaytish uchun qonunan haqli bo‘ladi — va shunday qilishadi ham . «Ammo unda Ukrainani kim himoya qiladi? Xavfsizlik kafolatisiz Rossiya yana bostirib kiradi», — degan u. Zelenskiy «doimo saylovlar tarafdori bo‘lgani»ga ishontirgan, ammo shunchaki urush davrida ularni o‘tkazib bo‘lmasligini ta’kidlagan. «Okoplardagi askarlar qanday qilib ovoz bersin? Ishg‘ol etilgan hududlarimizdagi millionlab ukrainlar bilan nima bo‘ladi? Yoki ularning ovozi endi ahamiyatga ega emasmi?» — deydi u.

RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 5 fevral kuni Zelenskiyning yadroviy qurol haqidagi so‘zlarini «aqlsizlik chegarasi» deb atadi va «Yevropada baribir bunday mavzuni muhokama qilish absurdligi va ehtimoliy xavfini tushunadiganlar topilishi»ga umid bildirdi. Muzokaralar borasida esa Peskov Moskvadagilar «Zelenskiyning legitimligi borasida de-yure muammolari bor» deb hisoblasa ham, Rossiya tomoni muloqotga tayyorligini aytgan.

Ko‘proq yangiliklar: