2024 yilda O‘zbekiston aholisining umumiy daromadlari 896,3 trillion so‘mga yetdi. Bu haqda Statistika agentligi hisobotida keltirib o‘tilgan.
O‘tgan yilda aholi daromadlarining nominal ko‘rinishdagi o‘sishi 18,5 foizni, real o‘sish sur’ati esa 8,1 foizni tashkil etgan.
Aholi jon boshiga umumiy daromadlar esa nominal qiymatda 16,1 foizga, real ko‘rinishda 5,9 foizga ko‘paydi. Natijada 2023 yilda aholi jon boshiga yillik o‘rtacha daromad 20 million so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 24,1 million so‘mga yetdi.
Hududlar kesimida daromadlarning eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (60 mln 594,4 ming so‘m), Navoiy (38 ming 112,3 ming so‘m), Buxoro (27 ming 508 ming so‘m) va Toshkent (25 mln 123,3 ming so‘m) viloyatlarida qayt etilgan. Poytaxt va 3 ta viloyatda aholi jon boshiga umumiy daromadlar respublikadagi umumiy ko‘rsatkichdan baland bo‘lgan.
Bu boradagi eng quyi ko‘rsatkichlar Namangan viloyati (16 ming 849 ming so‘m), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (16 mln 858 ming so‘m) va Surxondaryo viloyatida (17 mln 880 ming so‘m) qayd etilgan.
Aholi jon boshiga daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Toshkent shahri (15,4 foiz), Navoiy (7,9 foiz) va Toshkent (6,4 foiz) viloyatlarida kuzatilgan. Surxondaryo (0,2 foiz), Namangan (0,5 foiz) va Farg‘ona viloyatlarida (1,1 foiz) aholining real daromadlari juda kam miqdorda o‘sgan.
Aholining umumiy daromadlari tarkibi
2024 yilda aholining umumiy daromadlari hajmining sezilarli darajada o‘sishi asosan umumiy daromadlar tarkibida 27,9 foiz ulushga ega bo‘lgan yollanma ishchilarning daromadlari va 35 foiz ulushga ega mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar hamda 26 foizni tashkil etuvchi transfertlardan olingan daromadlarning sezilarli o‘zgarishi hisobiga yuzaga kelgan.
2024 yilning yanvar-dekabr oylari ma’lumotlariga ko‘ra, transfertlardan olingan daromadlarning 2023 yilning mos davriga nisbatan nominal o‘sish sur’ati 13,7 foizni tashkil etgan. Ushbu davrda aholining umumiy daromadlari hajmida transfertlarning ulushi 26 foiz bo‘lgan.