Ukraina qo‘shini roppa-rosa olti oy muqaddam, 6 avgustga o‘tar kechasi Kursk oblasti hududiga bostirib kirgandi. RF mudofaa vazirligi va region rasmiylari dastlabki kunlarda vaziyat nazorat ostida ekani va Ukraina qurolli kuchlari «bir metr ham oldinga yurmayotgani»ni ta’kidladi. Faqat 9 avgust kuni Rossiya harbiy idorasi ilk bor janglar allaqachon chegaradan 10 kilometr masofadagi besh ming kishi yashovchi Sudja rayoni markazi chekkalarida olib borilayotganini ma’lum qildi. Kursk oblastida federal miqyosda favqulodda holat rejimi e’lon qilindi. Jumladan, rasmiylarning tinchlantiruvchi bayonotlari tufayli ko‘pchilik Ukraina qurolli kuchlari hujumining dastlabki kunlarida uylarini tark etmadi va yakunda ishg‘ol etilgan hududlarda qoldi.
Avgust o‘rtalariga kelib Rossiyaning 1100 kilometr kvadratdan ortiq hududi Ukraina qurolli kuchlari nazoratiga o‘tgandi. Keyingi oylarda RF armiyasi Kursk oblastiga Ukrainadagi kuchlarning bir qismini olib o‘tdi va qarshi hujum boshladi. Hozirda 500 kilometr kvadrat hudud Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostida qolmoqda.
Ishg‘ol etilgan hududlarda qancha aholi bor?
Ukraina qurolli kuchlari egallab olgan hududlarda hamon mahalliy aholi vakillari qolmoqda, ular Ukraina yurishining ilk kunlarida evakuatsiya qilinmagan. Ularning qarindoshlari hisob-kitobiga ko‘ra, gap taxminan uch ming kishi haqida bormoqda. Yanvar oyi o‘rtalarida Ukraina qurolli kuchlari o‘z nazorati ostidagi hududda yashovchilar sonini ikki ming kishiga baholagan edi.
Ishg‘olda qolayotgan odamlarning qarindoshlari RF rasmiylarini harakatsizlikda ayblab keladi. Moskvadagilar biror marta Ukraina tomoni bilan gumanitar yo‘lak tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borilgani yoki hatto bunday muzokaralar o‘tkazish niyati haqida ochiq e’lon qilmagan.
Faqat bir marta — noyabr oyida — ombudsman Tatyana Moskalkova muzokaralar natijasida regionning okkupatsiya qilingan qismida yashovchi 46 nafar fuqaro Rossiya nazorati ostidagi hududga qaytarilganini ma’lum qildi. Yanvar oyi boshida Moskalkova chegara hududlarida bedarak yo‘qolgan aholi ro‘yxatini e’lon qildi — ammo bu juda ko‘p noaniqliklar va takrorlanishlar tufayli ularning qarindoshlari tomonidan qattiq tanqid qilindi. Faqat yanvar oyi oxirida, deyarli uch hafta o‘tgach, gubernator vazifasini bajaruvchi Aleksandr Xinshteyn yangi ro‘yxat tuzishga va’da berdi.
Qancha odam halok bo‘lgan?
Yanvar oyi o‘rtalarida Ukraina qurolli kuchlari komendaturasi okkupatsiya boshlanganidan beri tinch aholi vakillaridan 112 nafari halok bo‘lganini ma’lum qildi. Ulardan kamida 40 nafar keksa yoshli kishilar «shiddatli raketa hujumlari tufayli stressga uchrab» yurak xurujidan vafot etgan, yana 36 nafari, Ukraina qurolli kuchlari da’vo qilishicha, Rossiya zarbalari qurboniga aylangan, qolganlarning o‘lim sabablariga aniqlik kiritilmagan.
1 fevral kuni ro‘y bergan havo hujumi oqibatida Sudjadagi o‘nlab tinch aholi vakillari yashiringan maktab internat binosi vayron bo‘ldi. Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, to‘rt kishi halok bo‘lgan, yana bir necha kishi og‘ir yaralangan. Ukraina va Rossiya harbiylari hujum uchun javobgarlikni bir-biriga yukladi.
19 yanvar kuni Rossiya davlat nashrlari Rossiya qurolli kuchlari tomonidan ozod qilingan Russkoye Morechnoye qishlog‘ida Ukraina qurolli kuchlari harbiylari tomonidan o‘ldirilgan tinch aholi vakillarining jasadlari topilgani haqida xabar berdi. Rossiyalik harbiylar voqea joyida olgan videolar e’lon qilindi — biroq bu kadrlarga asoslanib o‘lim sabablari haqida ham, bu odamlarning shaxsiyati haqida ham xolis xulosa chiqarib bo‘lmaydi.
Bir necha kun o‘tgach, Rossiya tergov qo‘mitasi ishg‘ol qilingan hududda qotillik va zo‘rlash sodir etganini tan olgan ukrainalik asirni so‘roq qilish tasvirlarini namoyish etdi. Shundan beri Rossiya rasmiylari o‘z versiyasi foydasiga boshqa hech qanday dalil keltirmagan — ammo jahon hamjamiyatini «tilini yutib yuborish»da ayblagan. Ukrainadagilar esa vaziyatni Rossiya propagandasining «dezinformatsiya kampaniyasi davom ettirilishi» deb atashdi.
Hozirda nimalar bo‘lmoqda?
5 fevral kuni Kreml RF prezidenti Vladimir Putinning Aleksandr Xinshteyn bilan uchrashuvi haqida xabar berdi. Ular mulk yo‘qotilgani va «chegara hududlar infratuzilmasini tiklash» uchun pul kompensatsiyalarini, shuningdek, 2032 yilda nishonlanadigan Kurskning ming yilligini muhokama qilishgan. Ishg‘ol ostida qolgan Rossiya fuqarolarining taqdiri va ularni evakuatsiya qilish istiqbollari haqida lom-mim deyilmagan.
6 fevral tongida rossiyalik harbiylashgan telegram-kanallarning bir qanchasida Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastida yangi yurish boshlagani to‘g‘risida xabar tarqatdi. «Hozircha zarba cheklangan, Ukraina qurolli kuchlarining bir oy oldin Berdin xutori hududida hujum qilishga urinishini eslatadi», — deya yozgan «Voyenniy osvedomitel» kanali.
Telegram-kanallarga ko‘ra, 350-400 ukrain harbiysi va 50 ga yaqin texnika Sudja rayonidan janubi-sharqdagi Belovskiy rayoni yo‘nalishida harakatlangan. Ulanok posyolkasi (Sudjadan 10 kilometr janubi-sharqda) atrofida janglar bo‘lib o‘tgan. RF mudofaa vazirligi rasmiy xabarida «mahalliy vaqt bilan soat 14:00 holatiga Ukraina qurolli tuzilmalari hujumlari qaytarilgani, barcha aholi yashash punktlari Rossiya qo‘shini nazorati ostida qolgani» aytilgan.