Tinchlik muzokaralari: kimdir yon beradimi?

Jahon 18:46 2438

Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush uchinchi yilki davom etmoqda. AQShda prezident o‘zgargach tinchlik muzokaralari haqida tobora ko‘proq gapirilmoqda. Chunki Vashington Kiyevga harbiy yordamni to‘xtatdi, Ukraina amerikaliklar yordamisiz uzoq mudofaalana olmaydi. Rossiyaning ham iqtisodiy holati havas qilarli emas va shu uchun katta kuch bilan oldinga o‘tolmaydi. YouTube kanalimizdagi navbatdagi videoda tinchlik kelishuviga erishish ehtimollari haqida gaplashamiz. Iltimos, videoni tomosha qilib, sizga yoqsa, unga like bosing va izohlarda fikringizni qoldiring.

Tramp bir kunda tugatolmadi

Respublikachi Donald Tramp saylov kampaniyasi davrida Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushni bir kunda tugataman deb aytganini eslasangiz kerak. Tramp prezidentligining uchinchi haftasi ketmoqda, lekin urush tugagani yo‘q. Dunyoda AQSh prezidenti kabi siyosiy ta’sir doirasi katta lavozim yo‘q. Ha, Amerika prezidenti katta odam, lekin dunyoning narigi chekkasida uch yildan buyon davom etayotgan urushni bir kunda tugata oladigan darajada katta emas. Janob Tramp prezidentlikka kirishganidan keyin bir kun ichida mana, nimalarga ulgurdi: Oq uydagi oval kabinetga Uinston Cherchill byustini hamda ish stoliga shakarsiz Coca-Cola chaqiradigan tugmani qaytardi.

Tramp bir kunda urushni tugataman deb amerikalik saylovchilarni o‘ziga og‘dirish uchun aytgani aniq edi. Axir Amerikada prezident bo‘lish uchun nimalar deyishmaydi. Chunki saylovni yutish uchun dono siyosatchi bo‘lishning o‘zi yetarli emas.

Ana shu bir kunda urushni tugatishini aytib katta ketgan Tramp endi urushni 100 kunda tugatish bo‘yicha maxsus vakillariga topshiriq bergani aytilmoqda. Tramp tez orada Zelenskiy va Putin bilan uchrashishini anons qildi. Katta ehtimol u avval Rossiya, keyin Ukraina prezidenti bilan uchrashadi. Undan keyin balki uddalay olsa, Zelenskiy va Putinni bir kabinetga chaqirib muzokara o‘tkazar, lekin bu oson bo‘lmaydi.

«Tinchlik har qachongidan yaqin»

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy oxirgi intervyusida tinchlik muzokaralari haqida gapirdi. Uning fikricha, bu borada AQSh va Rossiya Ukrainasiz muzokara o‘tkazsa, bu juda xavfli ish bo‘ladi. Zelenskiy Putin oxirgi vaqtlarda jon-jahdi bilan muzokaralarga tayyorligini takrorlayotgani, lekin to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukraina bilan gaplashishga qo‘rqishini aytdi. Shuningdek, Ukraina prezidenti Rossiya bilan muzokaralarda AQSh va Yevropa Ittifoqi vakillari qatnashishi kerakligini ta’kidlab, shundan keyin ruslar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri gaplashish mumkinligini aytgan.

Putin nima deydi?

Vladimir Putin chindan oxirgi vaqtlarda tobora ko‘proq muzokaralar haqida gapirmoqda. Biroq u Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazib bo‘lmaydi deb hisoblaydi. Birinchidan, Putin uni nolegitim deb biladi, chunki harbiy holat sabab Kiyev o‘tgan yili prezidentlik saylovi o‘tkazmagandi. Ikkinchidan, Putin Kiyev u bilan muzokara o‘tkazishga qonuniy taqiq qo‘yganini eslatgan. Rossiya Ukrainaning 4 oblastini hali bosib olinmagan hududlarigacha o‘ziniki deb e’lon qilib, buni konstitutsiyasiga ham kiritganidan keyin Ukraina xavfsizlik va mudofaa kengashi Putin bilan muzokara o‘tkazishni rasman taqiqlagan. Bu taqiq hamon amalda.

Sulh bo‘ladimi?

Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush oxirgi yillarda dunyoda kuzatilgan boshqa urushlardan keskin farq qiladi. Masalan, G‘azodagi urushda AQSh Isroilga bosim qilish orqali tezda tugatishi mumkin edi. Yoki Suriyadagi voqealarni olaylik: Asad va uning armiyasi Jo‘laniyning kam sonli qo‘shiniga deyarli qarshiliksiz taslim bo‘lib, qochib qoldi. Lekin Ukrainada vaziyat butunlay boshqacha. Ruslar Ukrainaning hech bir yerini qarshiliksiz olayotgani yo‘q. Okopda kechayotgan urushni hech kim osongina tugata olmaydi. Hozir Ukrainaga G‘arb qurol bermasa, tabiiyki, Kiyevning ruslarga kuchi yetmaydi, lekin ukrainlar yutqazsa ham, okopda yutqazadi, Asad armiyasi kabi qochib qolmaydi. Valeriy Zalujniy o‘z vaqtida xuddi shu gapni aytgandi.

Bu urushga Rossiya va Ukraina nomus masalasi deb qaraydi. O‘rtaga shunchaki quruq yer tikilmagan. Bu urush ildizi juda uzoq yillik g‘oyaviy farqlilikka borib taqaladi. Hozir Kiyev o‘z yerlarini berib bo‘lsa ham tinchlik kelishuviga rozi bo‘lishi mumkin, chunki qo‘shnisiga kuchi yetmasligini biladi. Lekin Rossiya bir qarich ham orqaga tisarilmasligi aniq. Chunki Putin butun tamaddunga taalluqli juda katta da’voni o‘rtaga tashlagan. Bu yo‘lda u har qanday yon berishni mag‘lubiyat, Rossiyaning yo‘q bo‘lishi deb biladi. Putinning o‘zi shunaqa degan axir.

Bunday holatda kelishish oson bo‘lmaydi. Lekin anig‘i shuki, odamlarning jonini saqlab qolish uchun dushmanga yon berish qo‘rqoqlik emas, mardlik deyiladi...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Ko‘proq yangiliklar: