Vladimir Putin Ukraina prezidentini «nolegitim» deya hisoblasa ham Rossiya Volodimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazishdan bosh tortmaydi. Bu haqda Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
«Janob Zelenskiy o‘zining legitimligi nuqtayi nazaridan de-yure katta muammolarga ega, ammo hatto shunga qaramay, Rossiya tomoni muzokaralar uchun ochiq», — deydi Peskov.
Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, Ukraina rahbariyati bundan «manfaatdorligini namoyon etishi» va Putin bilan aloqaga qo‘yilgan qonunchilik taqiqini bekor qilishi kerak. Aks holda Kreml Zelenskiyning Rossiya prezidenti bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga tayyor ekani haqidagi bayonotini jiddiy qabul qilmaydi.
«Tayyorlik nimagadir asoslanishi kerak… Shuning uchun hozircha buni quruq gapdan boshqa narsa sifatida qabul qilib bo‘lmaydi», — deydi Peskov.
Ukraina prezidenti 4 fevral kuni urushni tugatish uchun Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi. «Agar bu ukrainlar uchun tinchlikka erishish va odamlarni yo‘qotmaslik yo‘lida yagona konfiguratsiya bo‘lsa, albatta, biz bunga boramiz», — degan Zelenskiy. Shu bilan birga, u Putinga nisbatan «mehribon» bo‘lmasligi, chunki uni «dushman» deya hisoblashini ta’kidlagan. Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, muzokaralar stolida Ukraina va Rossiyadan tashqari AQSh va YeI ham bo‘lishi kerak.
Zelenskiy, shuningdek, britaniyalik jurnalist Pirs Morganga bergan intervyusida agar Ukraina NATOga qabul qilinmasa, yadroviy qurol yetarlicha xavfsizlik kafolati bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan. Zelenskiyning qayd etishicha, agar Ukraina NATO a’zosi bo‘lmasa, «Putin mamlakat hududidan butunlay chiqib ketishi kerak», shundan so‘ng Kiyev barcha yo‘qotishlar uchun moliyaviy kompensatsiya masalasini ko‘taradi.
Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskva Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyor ekanini, ammo uni yakuniy tinchlik bitimini imzolashi mumkin bo‘lgan legitim prezident deya hisoblamasligini ma’lum qilgandi.