Moskvada Armen Sarkisyan o‘ldirildi. U «Vagner»ga muqobil bo‘lishi ko‘zda tutilgan tuzilma yaratgandi

Jahon 21:35 11658

3 fevral tongida Moskvadagi «Aliye parusa» turar joy kompleksida portlash ro‘y berib, buning oqibatida Donetsk oblastining ishg‘ol etilgan Horlivka shahridan bo‘lgan tadbirkor hamda jinoiy avtoritet Armen Sarkisyan halok bo‘ldi. Tergov versiyasiga ko‘ra, qotillikka Sarkisyanning biznesi bilan bog‘liq ta’sir doiralari qayta taqsimlanishi sabab bo‘lgan, ammo «ukrain izi» ham istisno etilmaydi: Yevromaydan voqealari vaqtida u muxolifat tarafdorlarini tarqatish uchun yollanma kuchlar yollagan, 2014 yil voqealaridan keyin esa hayotini o‘zini o‘zi e’lon qilgan «DXR» va Rossiya o‘rtasida o‘tkazgan, 2022 yilda keng ko‘lamli urushni qo‘llab-quvvatlab, ko‘p o‘tmay RF armiyasi tarkibiga kirgan «Arbat» nomli ko‘ngillilar batalyoniga asos solgan, Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu tuzilma Sarkisyanning sadoqati tufayli Rossiya hukumati tomonidan Yevgeniy Prigojinning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga muqobil sifatida ko‘rilgan. «Meduza» Armen Sarkisyanning chekka hududdagi uyushgan jinoiy guruh a’zoligidan Rossiya-Ukraina urushidagi katta ta’sir doirasiga ega dala qo‘mondoni darajasigacha bo‘lgan yo‘lini hikoya qildi.

Donbassda Sarkisyan yirik uyushgan jinoiy to‘da a’zosi bo‘lgan — bu unga prezident Yanukovich davrasiga qo‘shilishiga yordam bergan

Armen Sarkisyan 1978 yilda Armanistonda tug‘ilgan, ammo go‘dak chog‘ligidayoq oila Horlivka shahriga ko‘chib borgan —Donetsk oblastidagi ushbu sanoat shahri SSSR davrida «Stirol» kimyoviy kombinati hamda konlar uchun burg‘ilash uskunalari ishlab chiqariladigan korxonalari bilan mashhur edi. «Donbassni men ikkinchi vatanim deb hisoblayman», — degandi Sarkisyan.

Sarkisyan 1990-yillardayoq Horlivkadagi jinoiy guruhlarga qo‘shilgandi, o‘shanda u yashirin biznes bilan shug‘ullanishni boshlagan. 2000-yillarga kelib esa jinoiy doiralarda aloqalarga ega bo‘lgan avtoritet darajasiga ko‘tariladi. Ukraina nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, Sarkisyan «yenakiyevchilar»dan bo‘lgan Aleksandr Baturin (Batur)ga ishlagan jinoiy to‘dani boshqargan, keyinroq esa «yenakiyevchilar» yetakchisi Yuriy Ivanyushchenko (Yura Yenakiyev)ning ishonchli vakiliga aylangan. Yenakiyev uni «nazoratchi» sifatida tayinlagan — va Sarkisyan Armen Gorlovskiy sifatida tanilgan. 

«Yenakiyevchilar» Horlivkadagi eng jiddiy guruhlardan sanalgan. Ular spirtli ichimliklar va taksi biznesini boshqargan, shahardagi ko‘mir va metarllurgiya sanoatiga ta’sir o‘tkazgan, shuningdek, mish-mishlarga ko‘ra, rossiyalik jinoiy guruhlar bilan hamkorlikda Rossiya-Ukraina chegarasi orqali giyohvand moddalar o‘tkazishni yo‘lga qo‘ygan. Donetskdagi «Vchasno» nashriga ko‘ra, Sarkisyanning ishi asosan «jinoiy faoliyat, odamlarni, biznesmenlarni qo‘rqitish va shu kabilardan iborat bo‘lgan».

2010 yilda hokimiyatga Viktor Yanukovich kelganidan so‘ng Sarkisyan yangi prezidentning do‘sti bo‘lgan Yuriy Ivanyushchenko orqali Ukraina IIV rahbariyati bilan aloqa o‘rnatgan. Bundan tashqari, Ivanyushchenko Sarkisyanga Donetsk va Luhansk oblastlaridagi ko‘mir biznesini nazorat qilishni ishonib toshpirgan. Xususan, Donetskdagi «Artemugol» korxonasi rasman davlatniki hisoblansa-da, amalda Ivanyushchenko va Sarkisyan tomonidan boshqarilardi. 2013 yilda «Gorlovka.ua» nashri Sarkisyanni shaharda hashamatli hayot tarziga ega bo‘lgan va metsenatlik bilan shug‘ullanuvchi (jurnalistlar ular aynan qaysi sohalarga homiylik qilganiga aniqlik kiritmagan) elitada ko‘plab aloqalarga ega mahalliy «kulrang kardinal» deb atagandi. 

«Gorlovki.ua» bosh muharriri Oleksandr Bilinskiy o‘sha davrni Donbassdagi «nazoratchilar»ning nazoratsiz hukmronlik yillari deb ta’riflaydi. «Ivanyushchenkoning odamlari shaharni nazorat qilardi va merning, prokurorning yoki militsiya boshlig‘ining familiyasi qandayligi muhim emasdi. U [Sarkisyan] militsiya boshlig‘i oldiga borib, ko‘rsatma berardi», — deya xotirlaydi jurnalist. Shu bilan birga, Sarkisyan rasman mahalliy Boks federatsiyasi rahbari hamda xalq deputati — 2012 yilda Regionlar partiyasi ro‘yxati bo‘yicha Oliy radaga o‘tgan, bir yil oldin «Korrespondent» nashri versiyasi bo‘yicha eng nufuzli ukrainlar yuzligida ikkinchi o‘rinni egallagan o‘sha Yuriy Ivanyushchenkoning yordamchisi sifatida ko‘rsatilgandi. 

Yevromaydan Sarkisyanga Donbass ayirmachilari orasidagi mavqeyini yanada mustahkamlash imkonini beradi

Yevromaydan vaqtida hukumat Sarkisyanga «titushkilar» — Kiyevdagi namoyishlarni kuch bilan bostirish uchun yollanma kuchlarni yollashni ishonib topshiradi. Tergov versiyasiga ko‘ra, aynan Sarkisyan yollagan odamlar poytaxtda «Vesti» gazetasi jurnalisti Vyacheslav Veremiyni o‘ldirishgan. 2014 yil bahorida ukrain muxolifati g‘alaba qozongach, Sarkisyanning jangarilari Donbassda Yevromaydan tarafdorlariga qarshi aksiyalarda ishtirok etadi. O‘sha yil mayida Ukrainaning yangi hukumati Sarkisyanga qidiruv e’lon qiladi — shu vaqtdan boshlab u Donbassning Kiyev nazoratida bo‘lmagan hududlarida hamda Rossiyada yashay boshlaydi.

O‘zini o‘zi e’lon qilgan DXRda Sarkisyan Horlivkaning Rossiya ta’siridagi ma’muriyati rahbari Ivan Prixodko bilan tez til topishib ketadi hamda shaharning soyadagi iqtisodiyoti ustidan ta’sirini saqlab qoladi. Bundan tashqari, u qidiruvga berilgan hamda Ukrainadan tashqariga chiqib ketgan («Ukrainskaya pravda»ga ko‘ra — Monakoda) Ivanyushchenko bilan ham aloqalarini davom ettiradi,
xususan, unga Odessadagi mulkini qayta taqsimlashda ishtirok etishga yordam beradi va uning DXRdagi mulklariga qarab turadi (Ivanyushchenkoning o‘zi «respublika»ning yangi rahbariyati bilan til topisha olmagan, buning uchun ularning «sanksiyasi»ga uchragandi). 

Sarkisyan DXR bok federatsiyasi rahbari sifatidagi lavozimida ham qoladi, 2020 yilda esa uni Horlivkaning faxriy fuqarosi deb e’lon qilishadi. Bu vaqtda Armen Gorlovskiy Rossiyadagi bizneslarga ham faollik bilan kirib keladi: RBK ma’lumotiga ko‘ra, u Moskvadagi «Riteyl Grupp» (xususiy yoki ijaradagi ko‘chmas mulk ijarasi va boshqaruvi) va «Tklab» (tamaki mahsulotlarining ulgurji savdosi) firmalari hammuassisi bo‘lgan, shuningdek, «AB Grupp» investitsiya kompaniyasida 99,64 foizlik ulushga ega edi. 

2022 yilda Sarkisyan Rossiya-Ukraina urushida nufuzli dala qo‘mondoniga aylanadi — va Yevgeniy Prigojinga raqobat qilishi mumkin edi

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin Sarkisyan Rossiya agressiyasini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlaydi. 2022 yil sentabrida u ko‘ngillilardan «Arbat» batalyoni («Arman batalyoni») tuzadi, bu tuzilma RF armiyasi saflarida Donetsk oblasti hududida harakatlana boshlaydi. Ukrain razvedkasiga ko‘ra, o‘sha yil noyabrida Rossiya hukumati Sarkisyanga Rossiya va Ukrainaning ishg‘ol etilgan hududlaridagi qamoqxonalardan mahbuslarni urushga yollash bo‘yicha topshiriq bergan — Ukraina razvedka boshqarmasi taxminiga ko‘ra, bundan maqsad, o‘z ta’sirini kengaytirib borayotgan «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojinga raqobat qiluvchi, shu bilan birga, Kremlga sadoqatli kuchga ega bo‘lish edi. Ukraina razvedkasi Sarkisyan faoliyatiga oid hech qanday tafsilotlar keltirmagan.

Sarkisyanning faoliyati Moskvada yuqori baholanadi: 2023 yil iyul oyida «Arbat» batalyoni rasman Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi tuzilmalariga kiritildi va uning jangchilarini Moskva arman cherkovi yepiskopi duo qiladi. O‘shanda sobiq jinoyatchi Ayk Gasparyan «Arbat»ning yangi qo‘mondoni bo‘ladi — u qurolli talonchilik uchun sakkiz yilga qamalgan, ammo qamoqxonadan «Vagner» XHK safiga yollanib, muddatidan oldin ozodlikka chiqqan, 2022 yil dekabrida Vladimir Putin uni «Jasorat uchun» medali bilan taqdirlagandi.

2024 yil kuzida batalyon Ukraina qurolli kuchlari tomonidan qisman ishg‘ol etilgan Kursk oblastiga ko‘chiriladi. Shu bilan birga, Armaniston Tergov qo‘mitasi Rostov-Dondagi «Arbat» harbiy bazasida Moskvadan uzoqlasha boshlagan Armaniston rahbari Nikol Pashinyanni ag‘darish uchun jangarilar tayyorlanayotganini ma’lum qildi.

«Arbat» batalyoni jangchilari Kursk oblastidagi o‘rmonda gaubitsani panalamoqda. 2024 yil 5 noyabr
Sergey Bobilev / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia

Sarkisyanning o‘zi harbiy harakatlar zonasida amalda ko‘rinish bermagan — u vaqtining ko‘p qismini Moskvada o‘tkazgan va u yerda biznes bilan shug‘ullangan. 2024 yil fevral oyida Sarkisyan familiyasi kriminal xronikada paydo bo‘ldi: uning qo‘riqchilari chechenistonlik MMA jangchisi Rasul Ochayev bilan otishma keltirib chiqaradi — sportchining mashinasi Sarkisyanning qizi Emiliyaning mashinasi bilan to‘qnashib ketgandi. O‘shanda Sarkisyan chechen elitalari bilan ziddiyatga borgani haqida mish-mishlar tarqaldi — holbuki u 2022 yil may oyida Adam Delimxanov bilan suratga tushgan va 2024 yil oktyabr oyida Ramzan Qodirovning ukasi Visitani tug‘ilgan kuni bilan tabriklagandi. Biroq, Sarkisyan va chechenlar o‘rtasida tushunmovchilik yuzaga kelgan taqdirda ham, mojaro donbasslik biznesmen foydasiga hal bo‘ladi: Rasul Ochayev sog‘likka qasddan og‘ir shikast yetkazishda ayblanib, uchun uch yarim yilga qamaladi.

O‘sha otishmadan bir yil o‘tib, 3 fevral kuni ertalab Armen Sarkisyan yashovchi «Aliye parusa» turar joy majmuasida portlash sodir bo‘ldi. Bu vaqtda u o‘tmishda Ukraina bilan ham aloqador bo‘lgan ikki hamrohi — Yanukovichning sobiq qo‘riqchisi Sergey Shkryabatovskiy va Qrim maxsus topshiriqli kuchlarining sobiq ofitseri, 2014 yilda Rossiya tomoniga o‘tgan va Sarkisyanning qo‘riqchisi bo‘lib ishlagan Oleg Kasperovich bilan birga liftdan chiqqandi. Shkryabatovskiy, Kasperovich, shuningdek, shu uyda yashovchilardan biri, portlash vaqtida pod’yezdda bo‘lgan Darya Karseladze og‘ir yarador bo‘lgan. Sarkisyan jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Tergov qo‘mitasi qotillik va ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ldirishga suiqasd qilish (RF JK 105-moddasi) moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, portlashni Armanistonda tug‘ilgan xudkush terrorchi amalga oshirgan bo‘lishi mumkin. Tergov qo‘mitasi ilgari surgan asosiy versiyaga ko‘ra, qotillik sababi Sarkisyanning biznesi bilan bog‘liq hududiy ta’sir doiralari uchun kurash bo‘lishi mumkin. Ammo tergovchilar «Ukraina izi»ni ham istisno qilmayapti. O‘tgan yil dekabr oyida Ukraina xavfsizlik xizmati Sarkisyanga ikkita jinoiy modda — «noqonuniy qurolli tuzilmalarda ixtiyoriy ishtirok etish» va «tajovuzkor davlatga yordam berish» bo‘yicha ayblovlar qo‘ygan edi. Agar bu versiya tasdiqlansa, ish boshqa moddaga qayta malakalanadi, deyiladi TQ xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: