Avstraliya davlat ixtiyorida bo‘lgan barcha qurilmalarda Xitoyning DeepSeek sun’iy intellektidan foydalanishga taqiq joriy etdi, deb xabar beradi Bild. Shaxsiy gadjetlar uchun hozircha cheklovlar yo‘q, ammo hukumat xavfsizlikka jiddiy tahdidlardan ogohlantirmoqda.
«Hukumat milliy xavfsizlik va mamlakat manfaatlarini himoya qilish uchun tez va keskin harakat qilmoqda», — deydi Avstraliya ichki ishlar vaziri Toni Byork.
DeepSeek — ChatGPT’ning xitoycha muqobili bo‘lib, 2025 yil 10 yanvar kuni taqdim etilgandi. Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, ularning texnologiyasi g‘arbdagi raqobatchilaridan qolishmaydi, ammo ulardan ancha arzonga tushadi. Ammo ekspertlarning ogohlantirishicha, foydalanuvchilarning barcha ma’lumotlari Xitoy serverlarida saqlanadi.
Kiberxavfsizlik bo‘yicha avstraliyalik mutaxassis Dana Makkeyning ta’kidlashicha, to‘plangan ma’lumotlardan nafaqat jinoyatlarni tergov qilishda, balki iqtisodiy josuslikda ham foydalanish mumkin.
Bundan tashqari, DeepSeek’da kuchli senzura mavjud. Masalan, u 1989 yilda Tyananmen maydonida sodir bo‘lgan voqealar, Si Jinping yoki Madaniy inqilobga oid savollarga javob bermaydi.
Avstraliyada DeepSeek’ning taqiqlanishi Xitoy texnologiyalariga qo‘yilgan cheklovlarning davomi bo‘ldi. 2018 yilda mamlakat o‘zining 5G-infratuzilmasidan Huawei va ZTE’ni chiqarib tashlagan, 2023 yilda esa TikTok’ni potensial tahdid sifatida tan olgan edi. Endilikda AQSh, Fransiya, Irlandiya va Janubiy Koreya ham DeepSeek’dan foydalanishni cheklash choralarini ko‘rib chiqmoqda.
Avvalroq OpenAI dasturchi kompaniyasi vakillari DeepSeek sun’iy intellekt kompaniyasini o‘g‘irlikda ayblagandi. Texnik mutaxassislarga ko‘ra, gap modellarni tayyorlash uchun zarur vosita bo‘lgan «distillash» deb ataladigan vosita haqida ketmoqda.