“U Turkiyaning qo‘g‘irchog‘i emasligiga arablarni ishontirishi kerak” - ekspertlar ash-Shar’aning ilk safarlari haqida

Jahon 23:09 / 05.02.2025 1858

Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a ilk xorijiy tashrifini asosiy homiysi ekani aytiladigan Turkiyaga emas, Saudiya Arabistoniga amalga oshirdi. Shu bilan birga, Ar-Riyoddan to‘g‘ri Anqaraga uchdi. Bu tashriflar Damashqdagi yangi hokimiyatning tashqi siyosati haqida qanday mujdalar beradi? Tashriflarda nimalar muhokama qilindi? “Geosiyosat”da – tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Shavkat Ikromov sharhi.

Saudiya Arabistoni AQShni Suriyaga qo‘yilgan sanksiyalarni yechishga ko‘ndiradimi?

Shavkat Ikromov:

— O‘tgan yili 8 dekabr kuni Suriyada Ahmad ash-Shar’a boshchiligidagi hukumat o‘rnatilgan bo‘lsa, dastlabki haftalarda yetakchi davlatlarning vakillari bu hukumat bilan uchrashishga va aloqalarni keyingi bosqichi qanday bo‘lishini belgilab olishga harakat qildi. Shuning bilan birga, Suriyaning o‘zida ham yangi tartibotga moslashish va Asad rejimidan farqli, qanday tashqi va ichki siyosatni shakllantirish jarayoni kechdi. Shu nuqtada asosiy e’tibor endilikda Eron yoki Rossiyaga emas, balki ko‘rfaz arab davlatlariga, Turkiyaga va umuman G‘arbga, Qo‘shma Shtatlarga va hattoki Isroilga qaratilishining namoyishi sifatida, Turkiya tashqi ishlar vaziri, Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri, Qatar hukumati rahbari yangi hukumat qabul qilgan ilk xorijiy delegatsiyalar bo‘ldi.

Umuman olganda, Ahmad ash-Shar’a uchun Saudiya Arabistoni begona emas. U Saudiyada tug‘ilgan, bolalik yillari Saudiyada o‘tgan. Doimiy ravishda Saudiya bilan aloqalari bo‘lgan. Uning dastlabki intervyusi G‘arb matbuoti yoki Al Jazeera'ga emas, balki Saudiya Arabistonining dunyoqarashini ifodalaydigan Al Arabiya telekanaliga berilgani diqqatga sazovor. Bu intervyuda u asosiy e’tiborni Saudiya Arabistoniga qaratgan, mintaqada Turkiya bilan bir qatorda va teng maqomda bu mamlakatni o‘zining asosiy hamkori sifatida ko‘rishga intilayotganini bildirgan edi.

Uning Saudiyaga tashrifi doirasida har ikki tomon o‘rtasida qandaydir bir burilish nuqtasini belgilab beradigan darajadagi yirik shartnoma yoki katta miqdordagi moliyaviy kelishuvlar imzolangani yo‘q. Ammo ekspertlar aytadiki, Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirining Suriyaga bo‘lgan tashrifida bir va’da berilgan edi: xalqaro hamjamiyat tomonidan Suriyaga qo‘llangan sanksiyalar endilikda mantiqsiz va adolatsiz deb hisoblanishi kerak. Bu saknsiyalarni olib tashlashda Saudiya Arabistoni vositachi sifatida qatnashadi va xalqaro hamjamiyatni bunga ko‘ndirishga harakat qiladi.

 

 

Kamoliddin Rabbimov:

— Nazarimda, Ahmad ash-Shar’a Saudiyaga borishdan oldin Turkiyani xabardor qilgan, ya’ni Turkiya bilan ma’lum bir kelishuv bo‘lgan. Lekin Turkiyaga hech qanday o‘rtada tanaffus qilmasdan boraman deb aytgan bo‘lishi kerak, u Saudiyadan to‘g‘ri Turkiyaga bordi, o‘rtada hech qanday to‘xtalish qilib o‘tirgani yo‘q.

Birinchi tashrif Ar-Riyodga bo‘lganini to‘rtta yo‘nalish bilan izohlash mumkin.

Birinchisi, Saudiya Arabistoni arab va musulmon dunyosining baribir lideri. U yerda Makka va Madina bor, u yerda juda ham katta tarix shakllangan diniy kapital mavjud.

Demak, Saudiyaga borib birinchisi, arab musulmon dunyosining lideri hisoblanmish Saudiya bilan munosabatlarni normallashtirish kerak. Chunki Saudiya Arabistoni elitasi qattiq arazlasa, o‘zining vetolarini qo‘yib boshlashi mumkin.

Ikkinchidan, mintaqadagi Amerikaga eng yaqin arab-musulmon dunyosidagi davlatlardan biri – Saudiya Arabistoni. Suriya masalasida Saudiya AQSh bilan vositachi rolini o‘ynay oladi. Yangi Suriya hokimiyati Saudiyaga: “Biz sen bilan do‘st bo‘lamiz, lekin Vashingtonga ayt, mana bu sanksiyalarni olib tashlasin va bizni xalqaro hamjamiyatga qo‘shsin” degan mujdani yo‘llashi aniq.

Uchinchisi, Saudiya Arabistonida arab va musulmon dunyosining diniy qarashlarini shakllantiruvchi ulamolar qatlami mavjud. Demak, Ahmad ash-Shar’a asli jihodchi bo‘lgan “Tahrir Hay’at ash-Shom”dan chiqqan radikal deya tanqid qilingan siyosiy liderlardan biri bo‘lar ekan, endi uning diniy qarashlarini legitimlashtirish kerak. “Bu radikal emas, bu normal bola, bu bilan gaplashsa bo‘ladi, islomni radikal talqin qilmaydi, mo‘’tadil musulmon” degan status olib berishni aynan Saudiyaning ulamolari yaxshiroq bajara oladi.

To‘rtinchi yo‘nalish, Saudiya Arabistoni – mintaqadagi eng boy davlatlardan biri. Ash-Shar’aga esa fuqarolik urushida yakson bo‘lgan mamlakatni tiklash uchun yuz milliardlab dollar kerak bo‘ladi. Bunday katta pullar avvalo Saudiyada bor, Qatarda, BAAda bor. Suriya ularning uchalasi bilan ham yaxshi munosabatda bo‘lishga majbur.

Avvalo arab davlatiga tashrif buyurish Ash-Shar’aga “Turkiyaning qo‘g‘irchog‘i emas” degan imijni yaratish uchun ham kerak. Arab davlatlari Suriyaga avval Eronning qo‘g‘irchog‘i deb qaragan, endi esa Turkiyaning qo‘g‘irchog‘i deb qaray boshlasa, Damashq bilan munosabatlarni sovuq saqlab qolishi mumkin. Bu esa Suriyaning uzoq muddatli manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi.

Suhbatni to‘liq holatda rasmiy sahifalarimizda tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: