Rossiyaning Libelar-demokratik partiyasi yetakchisi Leonid Slutskiy boshchiligidagi bir guruh deputatlar mehnat shartnomasi muddati uzaytirilmagan bo‘lsa, xorijliklarning Rossiyani tark etishini talab qiluvchi qonun loyihasi tashabbuskori bo‘ldi, deb yozdi TASS.
«Chet el fuqarosi muddatli mehnat shartnomasining amal qilish muddati tugaganidan keyin yoki muddatidan oldin bekor qilinganidan keyin 10 ish kuni ichida Rossiya hududini tark etishi shart. Chet el fuqarosi oxirgi muddatli mehnat shartnomasining amal qilish muddati tugagan kundan boshlab 20 ish kunidan kechiktirmay yangi muddatli mehnat shartnomasini tuzgan hollar bundan mustasno», deyiladi qonun loyihasida.
Agar chet el fuqarosi ushbu talabni bajarmasa, o‘z hisobidan deportatsiya qilinishi kerak. Agar mablag‘i bo‘lmagan taqdirda, ish beruvchining hisobidan deportatsiya qilinishi lozim. Qonun loyihasi yuqori malakali mutaxassis bo‘lgan chet el fuqarolariga taalluqli emas.
Bundan tashqari, qonun loyihasida xorijiy fuqarolar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi muddatini bir yil bilan cheklash taklif etilmoqda. Amaldagi mehnat qonunchiligida chet el fuqarolari bilan muddatsiz va muddatli asosda mehnat shartnomalari tuzish imkoniyati nazarda tutilgan.