“Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
2025 yil 1 martdan tajriba-sinov tariqasida bosqichma-bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida, 2025 yil 1 oktyabrgacha respublikaning qolgan hududlarida 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda nogironligi bo‘lgan bolalar kunduzgi parvarish xizmatiga ularning ota-onalari bilan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari o‘rtasida tuzilgan ijtimoiy shartnoma asosida hamda Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tomonidan belgilangan tartibda berilgan xulosaga muvofiq qabul qilinadi.
2025 yil 1 martdan kunduzgi parvarish xizmatiga oid faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi joriy etiladi:
- kunduzgi parvarish xizmatidan foydalanilgan bir kun uchun 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan har bir bolaga bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi miqdorida va 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan har bir bolaga – 27 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.
- Bunda viloyatlar markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari uchun subsidiya miqdori 1,1 ko‘paytiruvchi koeffitsiyentni qo‘llash orqali aniqlanadi;
- Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning nogironligi bo‘lgan har bir bolasi uchun yuqorida belgilangan subsidiya umumiy miqdorining 30 foizi miqdorida qo‘shimcha mablag‘ to‘lab beriladi.