Advokat so‘rovini javobsiz qoldirgan IIV tergovchisi ma’muriy jazoga tortildi

O‘zbekiston 16:47 1725

IIV huzuridagi Tergov departamenti tergovchisi Ulug‘bek Hamdamovga huquqbuzarlik sodir qilgani uchun jarima jazosi qo‘llandi. Kun.uz sud qarori bilan tanishdi.

Sud hujjatida keltirilishicha, advokat A.Akromxo‘jayev qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi O‘tkir Fayziyevning huquq va manfaatlarini himoya qilayotgan bo‘lgan. Ushbu shaxsga nisbatan 2024 yil 22 avgust kuni qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

2025 yil 16 yanvarga kelib Tergov departamenti tergovchisi Ulug‘bek Hamdamov noma’lum sabablarga ko‘ra advokat A.Akromxo‘jayevni ishda ishtirok etishidan chetlashtirish to‘g‘risida asossiz qaror qabul qilgan.

Advokat mazkur qarordan nusxa olishni so‘rab tergovchi Ulug‘bek Hamdamovga advokatlik so‘rovi yuborgan. Ammo so‘rovnomasiga javob ololmagan. Shu sababli, A.Akromxo‘jayev sudga murojaat qilib, Ulug‘bek Hamdamovni ma’muriy javobgarlikka tortishni so‘ragan.

Tegishli tartibda chaqirtirilishiga qaramay Ulug‘bek Hamdamov sud majlisiga kelmagan. Shuning uchun sud ishni uning ishtirokisiz ko‘rib chiqishni lozim topgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining 2025 yil 31 yanvardagi qarori bilan Ulug‘bek Hamdamov MJtKning 197-1-moddasida (advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga BHMning 2 baravari miqdorida, ya’ni 750 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan.  

Ko‘proq yangiliklar: