MRB barcha xodimlariga ishdan bo‘shash va kompensatsiya olishni taklif qildi

Jahon 18:41 2618

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) o‘z xodimlariga sakkiz oylik ish haqi va imtiyozlarni olgan holda ishdan bo‘shash taklifini bildirdi, deb yozadi The Wall Street Journal.

Nashr suhbatlashgan amaldorlarning so‘zlariga ko‘ra, bu idorani Donald Trampning Meksika narkokartellariga qarshi kurashish va Xitoyga qarshi turish borasidagi ustuvor maqsadlariga mos kelishini ta’minlashga urinishdir.

Yanvar oxirlarida federal darajadagi davlat xizmatchilariga ham shu kabi taklif berilgan edi. The Wall Street Journal’ning qayd etishicha, MRB ushbu tashabbus qo‘llangan birinchi razvedka idorasi bo‘lishi mumkin.

MRB direktori Jon Retkliffning yordamchisiga ko‘ra, idora yangi xodimlarni ishga yollashni to‘xtatadi, garchi ularning ba’zilari oldindan taklifni qabul qilgan bo‘lsa ham. Uning qo‘shimcha qilishicha, nomzodning MRBni yangi maqsadlariga mos keladigan tarjibasi bo‘lmasa, takliflarning bir qismi qaytarib olinishi mumkin.

«Direktor Retkliff MRB xodimlari milliy xavfsizlik sohasida AQSh prezidenti administratsiyasining ustuvor vazifalariga javob berishi uchun tezkor choralarni ko‘rmoqda», — deyiladi MRB bayonotida. Maxsus xizmat vakillarining hisoblashicha, ushbu qadam «agentlikka yangi energiya berishga» yo‘naltirilgan strategiyaning bir qismi.

Donald Trampning inauguratsiyasidan keyin AQSh prezidenti ma’muriyatida milliarder Ilon Mask rahbarligi ostida Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) tashkil etilgan. Ushbu tuzilma ortiqcha normativ aktlarni bartaraf etish, amaldorlar va xarajatlarni qisqartirish bilan shug‘ullanadi.

WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyatining kompensatsiya evaziga ishdan bo‘shash to‘g‘risidagi taklifi davlat xizmatchilari orasida katta qiziqish uyg‘otmagan. Hozircha AQSh hukumatining 20 mingdan ziyod federal amaldori (davlat xizmatchilarining qariyb 1 foizi) lavozimdan ketishga rozi bo‘lgan.

Bloombergʼning qayd etishicha, ishdan bo‘shash taklifidan foydalanishni istayotgan xodimlar soni kundan kunga ortmoqda. Tramp jamoasi 6 fevraldan arizalar soni keskin oshishini kutmoqda — bu amaldorlarga taklifni qabul qilish uchun berilgan so‘nggi muddat. O‘z navbatida kasaba uyushmalari allaqachon davlat xizmatchilarini ishdan ketishga ko‘ndirishga urinayotgani uchun Tramp ma’muriyati ustidan da’vo arizalarini kiritgan.

Ko‘proq yangiliklar: