Jyeff Bezos Trampning g‘azabini keltirmaslik uchun iqlim bo‘yicha tashkilotni moliyalashtirishni to‘xtatdi

Jahon 18:41 1127

Amazon kompaniyasi asoschisi Jyeff Bezos AQSh prezidenti Donald Trampning g‘azabini qo‘zg‘amaslik uchun iqlim o‘zgarishi bilan shug‘ullanuvchi SBTi tashkilotini moliyalashtirishni to‘xtatdi, deb xabar beradi Financial Times.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Bezosning kompaniyalar uchun atmosferaga zararli gazlar chiqarilishini nolga tushirish maqsadlarini belgilaydigan 10 milliard dollarlik aktivlarga ega jamg‘armasi Science Based Targets tashkilotini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortmoqda.

«SBTi’ni moliyalashtirishni to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror qisman Bezos avvalroq iqlim o‘zgarishini yolg‘on deya ta’riflagan Trampning g‘azabini qo‘zg‘ashni istamayotgani bilan bog‘liq», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Bezos Meta rahbari Mark Tsukerberg bilan birgalikda antimonopoliya xizmatlari bosimlaridan qutulish va sun’iy intellektni nazorat qilish masalalarida ishtirok etish uchun Tramp ma’muriyati bilan munosabatlarini yaxshilashga urinmoqda.

Bundan oldin Donald Tramp ma’muriyati iqlim o‘zgarishi muammolari ustida ishlaydigan Atrof-muhit muhofazasi agentligining 1,1 mingdna ortiq xodimini istalgan vaqtda ishdan bo‘shatilishlari mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

Tramp lavozimga kirishganining ilk kunidanoq iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish maqsadida tuzilgan, global isishni cheklovchi Parij iqlim kelishuvidan chiqish jarayonini boshlagan va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi doirasida AQShning barcha moliyaviy majburiyatlarini tugatish to‘g‘risidagi buyruqni imzolagan edi. Ushbu kelishuv ishtirokchilarni o‘rtacha global haroratning sanoatgacha bo‘lgan darajaga nisbatan Tselsiy bo‘yicha 1,5 darajadan oshishiga yo‘l qo‘ymaslikka undaydi. Tramp 2017 yilda ham AQShni ushbu kelishuvdan olib chiqishga farmon bergandi.

Ko‘proq yangiliklar: