Senatning uchinchi yalpi majlisida Tanzila Norboyeva o‘tgan yil mamlakatda barcha sohalarda barqaror rivojlanish sur’atlari ta’minlanganini qayd etdi.
“Joriy yilda ham katta marralar olganmiz. “O‘zbekiston–2030 strategiyasini Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida joriy yildagi maqsad va vazifalar aniq aks ettirilgan.
Davlat dasturi loyihasi ikki hafta davomida keng jamoatchilik, jumladan Senat qo‘mitalarida ham muhokama qilindi. Qator muhim takliflar bildirildi. Endi dastur imzolanishi bilan uning ijrosida barchamiz – parlament, hukumat, mahalliy kengashlar bir bo‘lib harakat qilishimiz, belgilangan har bir vazifa so‘zsiz, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlashimiz zarur”, deya ta’kidladi Tanzila Norboyeva.
Senat raisiga ko‘ra, 2025 yilda mamlakat rivojlanishining ustuvor yondashuvlari sifatida quyidagilar belgilab olingan:
- mahalla, ko‘chalarda yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish;
- aholi salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish;
- tabiiy resurslarni tejash va ulardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash;
- o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash, ko‘paytirish va keyingi avlodga yetkazish;
- “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy qilish, iqtisodiyotni iqlim o‘zgarishiga moslashtirish;
- respublika energobalansida qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirish;
- iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada zamonaviy energotejamkor texnologiyalarni keng qo‘llash;
- ekologik barqarorlikka yo‘naltirilgan hududlar va tarmoqlararo muvofiqlashtiruvni ta’minlash.
Majlisda Senatning joriy yil birinchi yarmiga mo‘ljallangan ish rejasi shakllantirilgani ham ma’lum qilindi. Qayd etilishicha, unda faoliyatning eng asosiy yo‘nalishlarida 100 dan ortiq chora-tadbirlar va ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlari belgilangan.
Jumladan, Senatning qonun ijodkorligidagi roli va tashabbuskorligi kuchaytiriladi. Jamiyat va davlat hayotiga oid muhim masalalarni hal etish bo‘yicha qonunchilik takliflari ilgari suriladi.
Bunda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi, oila, aholi salomatligini saqlash, bolalarni zararli axborotdan himoya qilish, turizm, qurilish sohalarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Parlament nazorati doirasida 50 ga yaqin dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan o‘rganish va tahlillar o‘tkazish rejalashtirilgan. Asosiy e’tibor hududlarga, ya’ni viloyat, tuman, shahar, mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya, tadbirkorlik, kambag‘allikni qisqartirish, bandlik, ta’lim, tibbiyot, ijtimoiy himoya, inson huquqlari, korrupsiyaga qarshi kurashish, tashqi va ichki mehnat migratsiyasini tartibga solish bilan bog‘liq muhim masalalarga qaratiladi.
Bunda faqatgina nazorat bilan cheklanmasdan o‘rganishlar, tahlillar orqali asoslangan takliflar ishlab chiqiladi. Qolaversa, mavjud muammolarni hal qilishda vazirlik, idora va mahalliy davlat hokimiyati organlariga ko‘maklashib boriladi.