DXX hamda IIV tuzilmalari tomonidan 3-4 fevral kunlari O‘zbekiston bo‘ylab «Qoradori» keng ko‘lamli tadbirlarining dastlabki bosqichi o‘tkazildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu bosqichda giyohvandlik va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasi bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxslar va jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida jami 653 ta maxsus tadbirlar o‘tkazilgan.
«O‘tkazilgan tadbirlar davomida jami 112 kgdan ortiq giyohvandlik vositalari (geroin, opiy, gashish, sintetik turdagi giyohvandlik vositalari) hamda 8 ming 601 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining aholi orasida tarqatilishi to‘xtatib qolindi. Giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasidan olingan 287 ming 460 dollar va 569 million so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirildi», deyiladi IIV bayonotida.
Shuningdek, qo‘zg‘atilgan 222 ta jinoyat ishi doirasida 228 nafar shaxslar jinoiy javobgarlikka tortildi. 64 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi. 47 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi. 357 nafar shaxslar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, 231 nafari rasmiy ogohlantirildi.
Bundan tashqari, keng ko‘lamli tadbirlar doirasida 175 ta «tig‘», 58 ta «bita», 24 ta «kastet» va 77 ta qurol huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan olingan.
IIVning ma’lum qilishicha, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi tezkor tadbirlar boshqa yo‘nalishlarda ham davom ettiriladi.