Oq uy USAID’ning eng bema’ni xarajatlari ro‘yxatini e’lon qildi

Jahon 19:36 1488

Oq uy Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) o‘nlab yillar davomida «katta miqdordagi mablag‘larni kulgili va ko‘p hollarda zararli loyihalarga yo‘naltirib kelgani»ni ma’lum qildi. Xususan, USAID «Al-Qoida»ning payoklari uchun ham pul sarflagan.

Oq uy saytida agentlikning shu kabi xarajatlariga 12 ta misol keltirilgan bo‘lib, barcha holatlarda hukumat OAVdagi materiallarga tayangan. Ro‘yxatdan, xususan, quyidagilar o‘rin olgan:

  • Suriyadagi «Al-Qoida» jangarilari uchun «yuz minglab porsiya ovqat» yetkazib berish;
  • «Serbiya ishchi va biznes hamjamiyatlarida tenglik hamda inklyuziyani rag‘batlantirish» uchun 1,5 million dollar;
  • Irlandiyada myuzikl postanovkasi uchun 70 ming dollar;
  • Kolumbiyadagi «transgender opera» uchun 47 ming dollar;
  • Peruda «transgender komiks» uchun 32 ming dollar;
  • rivojlanayotgan mamlakatlarda «personal» kontratseptiv va tug‘ilishni nazorat qilish vositalarini chiqarishni moliyalashtirish;
  • «Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish va geroin ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan sug‘orish kanallari, qishloq xo‘jaligi texnikasi hamda o‘g‘itlarni» moliyalashtirish uchun «yuz millionlab dollar».

USAID — AQSh hukumati huzuridagi mustaqil agentlik bo‘lib, boshqa davlatlarga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. 3 fevral kuni Hukumat samaradorligi departamentiga (DOGE) rahbarlik qilayotgan tadbirkor Ilon Mask USAID tugatilishini e’lon qildi. Davlat kotibi Marko Rubio agentlik direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

Xalqaro taraqqiyot agentligi prezident Jon Kennedi tomonidan sovuq urush vaqtida — 1961 yilda Kongress chet el yordamini taqiqlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qilganidan keyin tuzilgan. U vaqtda agentlik faoliyati faqat SSSRga qarshi turishdan iborat bo‘lgan. Hozir AQSh — gumanitar yordam ko‘rsatuvchi dunyodagi eng yirik donor bo‘lib, mamlakat budjetining qariyb 1 foizini shunga sarflaydi.

Ko‘proq yangiliklar: