Toshkentda hokim yordamchisi fuqarolar nomiga kredit rasmiylashtirib, pulni ishlatib yuborgani aniqlandi

Jamiyat 20:57 / 03.02.2025 9018

Shayxontohur tumanida faoliyat yuritgan hokim yordamchisi o‘zgalar nomiga kredit rasmiylashtirib, qo‘lga kiritilgan mablag‘larni talon-toroj qilgani aniqlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, hokim yordamchisi M.F. 20 nafar fuqaroga elektron tarzda bergan tavsiyanomalariga asosan qabul qilib olgan elektron kalitlardan foydalanib, jami 427,7 million so‘mlik kredit mablag‘larini qo‘lga kiritgan va o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Shuningdek, M.F. o‘zining qarindoshlari va boshqa besh nafar fuqaroga mahalla hududida yashamagan bo‘lsa-da, qalbaki tavsiyanomalar orqali jami 207,7 million so‘m miqdoridagi kredit mablag‘lari ajratilishiga erishib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi «a» bandi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Toshkent shahar hokimligi esa mazkur xabarlar yuzasidan bayonot berib, Toshkent shahrida bunday tavsifga mos keladigan mansabdor shaxs mavjud emasligini ma’lum qilgan.

«Tarqatilayotgan ma’lumotlarda M.F. deb aytilayotgan shaxs o‘tgan yilning noyabr oyida o‘z xohishiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etilgan», deyiladi rasmiy munosabatda.

Bosh prokuratura esa bu xabar yuzasidan munosabat bildirib, M.F. aynan hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan davrida muqaddam e’lon qilingan xabardagi qilmishlarni sodir etganini bildirdi.

«Shuni ma’lum qilamizki, M.F. 2022 yilning 7 oktyabr kunidan 2024 yilning 29 noyabr kuniga qadar Shayxontohur tumani "Kamolon Darvoza" mahalla fuqarolar yig‘inining mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritib, tuman hokimining 14.12.2024 yildagi tegishli qarori bilan egallab turgan lavozimidan ozod qilingan. M.F. aynan hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan davrida muqaddam e’lon qilingan xabardagi qilmishlarni sodir etgan», deyiladi xabarda.

Avvalroq Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida hokim yordamchisi 33 mln so‘mlik kreditdan ikki marta olib berish evaziga 4,5 mln so‘m pora olayotganda ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: