Neft eksportchi davlatlari tashkiloti (OPEC+) vazirlar monitoringi qo‘mitasi a’zolari 2024 yil 5 dekabrda neft qazib olishni qisqartirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
Qo‘mita a’zolari fikricha, qazib olishga qo‘shimcha ixtiyoriy tuzatishlar kiritilishi neft bozorida barqarorlikni ta’minlagan.
«Qo‘mita Qozog‘iston va Iroqda talablarga rioya qilish darajasi yaxshilanganini olqishladi», deb qo‘shimcha qildi OPEC+.
Shuningdek, qo‘mita dekabr oyida erishilgan kelishuvlarga rioya etilishi ustidan nazoratni davom ettirishini ma’lum qildi. Uning navbatdagi yig‘ilishi 5 aprel kuni bo‘lib o‘tadi.
23 yanvar kuni Davos forumida so‘zlagan AQSh prezidenti Donald Tramp OPEC tashkilotini neft narxini pasaytirishga chaqirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, narxlarning pasayishi Ukrainadagi urushga barham berishi mumkin. Buning uchun neft qazib olish hajmini oshirish lozim.
2024 yil dekabr oyida OPEC+ davlatlari neft qazib olish hajmini ixtiyoriy ravishda 2025 yil mart oyi oxiriga qadar kuniga 2,2 million barrelga va 2026 yil oxiriga qadar kuniga 1,65 million barrelga qisqartirish haqida qaror qabul qildi.