Britaniyada Eron foydasiga josuslik qilgan va qamoqxonadan qochib ketgan sobiq harbiyga hukm o‘qildi

Jahon 22:19 / 03.02.2025 1382

Eron foydasiga josuslik qilishda va Uondsvort qamoqxonasidan qochib ketishda ayblangan britaniyalik sobiq harbiy xizmatchi Deniel Xalife 14 yil va uch oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi, deb xabar beradi BBC.

Xalife maxsus bo‘linma harbiylariga oid va boshqa ma’lumotlarni to‘plab, Tehronga topshirish bilan shug‘ullangan.

Xalife Facebook orqali Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusiga aloqador inson bilan bog‘langan. U eronliklar bilan munosabat o‘rnatib, bir safar London shimolidagi bog‘ga qoldirib ketilgan 2 ming dollarni ham olgan.

Deniel Xalife 2019 yilda Qirollik aloqa korpusi — Britaniya armiyasning yordamchi bo‘linmasida kompyuter mutaxassisi sifatida xizmat qilgan. 2021 yil avgustda u xizmatdoshlariga oid maxfiy ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga topshirganlikda gumonlangan. Garov evaziga ozod qilinganidan keyin askar yana xizmatga qaytgan.

2023 yil yanvarda u yana hibsga olingan — bu safar o‘zi xizmat qilgan harbiy baza hududiga bomba mulyajini olib kirishga urinish ayblovi bilan. Old-Beyli markaziy jinoiy sudi, shuningdek, uni maxfiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunni buzishda ham ayblagan.

Shundan so‘ng, u oziq-ovqat yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi yuk mashinasi kuzovida qamoqxonadan qochib ketgan. Ammo oradan ko‘p o‘tmay politsiya xodimlari tomonidan ushlangan.

Hukmni e’lon qilish bo‘yicha eshituvlar davomida ma’lum bo‘lishicha, Xalifening qochib ketishi politsiyaga 250 ming funt sterlingdan ortiq zarar olib kelgan, uni qo‘lga olishda 150 nafardan ortiq ofitser ishtirok etgan.

Ko‘proq yangiliklar: