Ushbu hafta dunyo siyosatida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilishi mumkin. Chunki Amerikaning migrantquvar prezidenti Donald Tramp bir muddat himoyasiz muhojirlar qo‘l-oyog‘iga kishan urishni qo‘yib tashqi siyosat bilan shug‘ullanishini anons qildi. Tramp ertaga qalin do‘sti Binyamin Netanyahuni qabul qiladi. Uning jamoasi Zelenskiy va Putin bilan uchrashuvlar uchun ham tayyorgarlik boshlangan.
Shu uchun ushbu haftadagi voqealarni diqqat bilan kuzatishingizni tavsiya qilaman. Bu borada biz sizga yordam beramiz. Kun.uz yutub kanaliga obuna bo‘lsangiz, dunyoda nimalar bo‘layotganidan aslo bexabar qolib ketmaysiz. Iltimos, bizning mehnatimizni qo‘llab-quvvatlash uchun videolarimizga like bosib, izohlarda fikringizni qoldiring.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning samolyoti Vashingtonga yetib bordi. Haagadagi xalqaro jinoyat sudi G‘azodagi qirg‘inda aybdor deb hisoblab, hibsga olishga order bergan Netanyahu Oq uyga qaytgan do‘sti Donald Tramp bilan uchrashuvni intizor bo‘lib kutayotgandi.
Ertaga Oq uyda AQSh prezidenti Isroil bosh vazirini qabul qiladi. Netanyahu Tramp prezidentlikka kirishganidan keyin qabul qiladigan ilk xorijiy davlat yetakchisi bo‘ladi. Bibi anchadan beri AQShga bormagandi, axir Bayden uni yoqtirmasligini yashirmasdi.
Tramp va isroillik do‘sti eng avvalo G‘azodagi urushni muhokama qilishadi. Ba’zi mish-mishlarga ko‘ra, Tramp Isroil tomonidan urushda g‘alaba qozonganini e’lon qilib, uni tugatishni so‘ragan. Lekin ertangi uchrashuvda Netanyahu Isroil HAMAS ustidan g‘alaba qozondi deb tantanavor gapirmasa kerak. Chunki Isroil hukumatida G‘azodagi urushni davom ettirishni istashmoqda. O‘t ochishni to‘xtatish rejimi bo‘yicha kelishuvga Netanyahu isroilliklar bosimi bilan ko‘nishga majbur bo‘ldi. Chunki ular har qanaqasiga HAMAS qo‘lidagi asirlarni ortga qaytarishni talab qilishdi. Bu ishni sulhsiz qilib bo‘lmasdi.
HAMAS so‘zida turib isroillik asirlarni bosqichma-bosqich qo‘yib yubormoqda. Bu esa barcha rejadagiday davom etsa, Isroil kelishuvning uchinchi bosqichini ham to‘liq bajarishga majbur bo‘lishini anglatadi. Bu bosqichda Isroil barcha qo‘shinlarini to‘liq G‘azodan olib chiqishi kerak. Oxirgi chiqayotgan xabarlarga qaraganda, Isroil asirlarni qaytarib bo‘lganidan keyin yana nima bahona bilan G‘azoda urushni davom ettirishni o‘ylayotganday ko‘rinadi.
Katta ehtimol, hozir Netanyahuning qo‘lida G‘azoda urushni davom ettirish bo‘yicha qandaydir reja bor va uni Trampdan tasdiqlatib olishni istaydi. Chunki Isroil Yaqin Sharqda har qancha ta’siri katta davlat bo‘lmasin AQShning qo‘llovisiz katta ishga qo‘l urolmaydi.
«Prezident Tramp bilan doimiy muloqotda bo‘lish orqali aloqalarimizni yaxshilaymiz. Kuch yordamida xavfsizligimizni mustahkamlashimizga ishonaman», dedi Netanyahu parvoz oldidan.
Haaga orderi-chi?
O‘tgan yili Niderlandiyaning Haaga shahrida joylashgan Xalqaro jinoyat sudi Binyamin Netanyahuni G‘azodagi genotsidda ayblab, uni hibsga olishga order bergandi. Rim statutini ratifikatsiya qilgan davlatlar Netanyahu borgan taqdirda uni hibsga olib Haaga sudiga topshirishga majbur. Dunyodagi ko‘plab davlatlar, xususan, Yevropa Ittifoqidagi 7 davlat bu statutni ratifikatsiya qilgan. Biroq AQSh zamonaviy dunyo davlatlaridan farqli o‘laroq Haaga sudi talablariga bo‘ysunmaydi. Tramp ma’muriyati Haaga sudi Isroil bosh vaziriga order bergani uchun unga qarshi sanksiya ham e’lon qilmoqchi bo‘lgandi, lekin Kongressdagi demokratlar loyihani qo‘llamagani uchun buni uddalay olmadi. Biz Netanyahuning Vashingtonda tashrifini diqqat bilan kuzatamiz va bu haqda, albatta, yana videolar e’lon qilamiz. Kun.uzʼni kuzatib boring.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.