Jahon | 00:42
5533
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Ukraina moliya vazirlari darajasida nodir metallar bo‘yicha bitimni kelishib oldi

Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan muzokaralarda Kiyev va Vashington nodir metallar bo‘yicha bitimni imzolamadi. Ta’qidlanishicha, har ikki mamlakat prezidentlari o‘z hukumatlariga «ushbu masalani oxiriga yetkazishni» topshirgan.

Foto: Telegram / Andrey Yermak

AQSh va Ukraina o‘rtasida nodir metallar bo‘yicha bitim har ikki davlat moliya vazirlari tomonidan kelishib olindi, ammo Saudiya Arabistonidagi muzokaralarda muhokama qilinmadi. Bu haqda AQSh davlat kotibi Marko Rubio ma’lum qildi.

«Prezidentlarimiz o‘z hukumatlarining tegishli a’zolariga buni oxiriga yetkazish va yakunlashni topshirdi», — dedi Rubio muzokaralarda nima uchun bitim imzolanmagani to‘g‘risidagi savolga javoban.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Jiddada Amerika va Ukraina delegatsiyalari «tinchlik ortidan quvgan», ammo bu bitim u qadar muhim emasligini anglatmaydi. «Shuhbasiz, muhim va biz buni qo‘shma bayonotda bildiramiz», — dedi Rubio.

AQSh va Ukraina prezidentlari muhim mineral resurslarni qazib olish bitimini «imkon qadar tezroq» tuzishga kelishib olgani haqida muzokaralar yakunida Ukraina prezidenti ofisining rahbari Andrey Yermak ham ma’lum qildi.

Saudiya Arabistonining Jidda shahrida 11 mart kuni AQSh va Ukraina delegatsiyalari muzokaralar o‘tkazdi. Muzokaralar yakunida Ukraina tomoni 30 kunga o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etishga rozi bo‘ldi. O‘z navbatida Vashington Kiyevga razvedka ma’lumotlari va harbiy yordam «zudlik bilan» tiklanishini bildirdi.

Muzokaralardan keyin Volodimir Zelenskiy videomurojaat bilan chiqib, Ukraina takliflarini tushunayotgani uchun Donald Trampga minnatdorchilik bildirdi.

Reuters agentligining yozishicha, Donald Tramp AQSh va Rossiya vakillari Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish masalasini muhokama qilish uchun 11 yoki 12 mart kuni uchrashishini aytgan. Tramp, shuningdek, Ukraina prezidenti Zelenskiyni yana Oq uyga taklif qilishini bildirgan. «Chunki biz Ukrainadagi urushni tugatishni xohlaymiz», — degan u.

Mavzuga oid