Trampning tinchlikka intilishi - AQSh zaifligining tan olinishi. Ekspert Amerika prezidenti tashqi siyosati haqida
Donald Trampning Ukraina va Rossiyaga nisbatan siyosatini MAGA harakati mafkurasi prizmasidan qaraganda tushunish osonroq. Tramp o‘zidan oldingi ko‘plab prezidentlar kabi demokratiya dushmanlari bilan emas, balki AQSh ichidagi «so‘l radikal tahdid» va butun dunyodagi «globalistlar» bilan kurashmoqda.

Chip Somodevilla / Getty Images
Jurnalist Maksim Trudolyubovning fikricha, shu mantiqdan kelib chiqilsa, Trampning harakatlari qabul qilish mumkin bo‘lmasa-da, hech bo‘lmaganda ancha tushunarliroq bo‘ladi. Tramp yangi jahon tartibini yaratish bilan emas, AQSh faoliyatidagi cheklovlarni olib tashlash bilan shug‘ullanmoqda. Rossiya bilan munosabatlar iliqlashuvi esa aynan shu paradigmaga to‘liq mos keladi — xuddi 50 yil avval Xitoy bilan bo‘lganidek.
Trampning partiyaviy dasturi
Hissiyotlar tufayli Donald Trampning aslida tartibsiz va aqlsiz inson emasligini ko‘rish murakkablashmoqda. U muayyan siyosiy kuch manfaatlarini ifoda etadi va shu ma’noda o‘ziga xos izchillik bilan harakat qilmoqda. Uning MAGA harakati Tramp va uning tarafdorlari «so‘l radikalizm» deb hisoblagan barcha narsaga qarshi kurash olib bormoqda. «Haqiqiy tahdid o‘ng radikallar tomonidan emas. Haqiqiy tahdid so‘l radikallar tomonidan keladi, — degandi Tramp o‘z mitinglarining birida. — Tashqi kuchlardan keladigan tahdid ichki tahdiddan ko‘ra kamroq mudhish, xavfli va jiddiydir. Bizning asosiy tahdidimiz – ichki xatarlardir».
Tramp nishonini «progressivizm» deya aniqroq ta’riflash mumkin. «Progressiv» va «progressivizm» tushunchalari Amerika siyosiy kontekstida bir qator qarashlarni o‘z ichiga oladi: jamiyatda boylik va imkoniyatlarni tengroq taqsimlashga intilish; ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal qilishda davlatning faol roli; biznesni kuchliroq tartibga solish; ozchiliklar, ayollar va boshqa zaif qatlamlar huquqlarini himoya qilish; ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish. Avvalgi ma’muriyatlarning bu yo‘nalishlardagi qarorlarini Tramp ma’muriyati hozir izchil ravishda 180 darajaga o‘zgartirmoqda.
Tashqi siyosatda esa vaziyat murakkabroq. AQShning hozirgi ma’muriyati o‘zidan oldingilarning, jumladan, Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda ham respublikachilar, ham demokratlar qo‘llab-quvvatlagan siyosat asoslariga putur yetkazmoqda. Bu asoslar prezident Vudro Vilson davridan boshlab shakllangan. Ular qatoriga internatsionalizm; ittifoqchilar bilan yaqin aloqalar; qadriyatlar asosida ularni qo‘llab-quvvatlash (dunyoda demokratiyani qo‘llab-quvvatlash); erkin savdo tamoyillariga sodiqlik; davlat chegaralari orqali odamlarning nisbiy erkin harakatlanishi kiradi.
Avvalgi sakriyat ma’muriyatlar nuqtayi nazaridan bularning barchasi Amerikaga foyda keltirgan — G‘arb dunyosida AQShning siyosiy va butun dunyoda harbiy ustunligini mustahkamlagan; Amerika biznesiga yordam bergan; AQShga turli malakaga ega ishchi kuchini — fermerlardan tortib muhandislargacha jalb qilish imkonini bergan.
Hozirgi ma’muriyat esa, aksincha, bu narsalarning barchasi faqat Amerikani zaiflashtirgan, deb hisoblamoqda. Ittifoqchilar Ikkinchi jahon urushidan keyingi o‘nlab yillar davomida o‘z rivojlangan iqtisodiyotlarini qurib, «tinchlik dividendi», ya’ni aslida AQShning yadroviy qalqoni va NATOning jamoaviy xavfsizlik tizimiga tayangan, lekin ularni qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli darajada hissa qo‘shmagan. Erkin savdo esa arzon ishchi kuchiga ega mamlakatlarga o‘z mahsulotlari bilan AQSh bozorini to‘ldirib, Amerika ishlab chiqaruvchilarini siqib chiqarish imkonini bergan. Migratsiya masalasi esa har qanday jamiyatda salbiy jihatdan ko‘rsatish oson bo‘lgan o‘ta og‘riqli mavzu va Tramp harakati buni katta muvaffaqiyat bilan amalga oshirmoqda.
Tramp sulhi: AQSh zaifligini tan olish
MAGA harakatining nuqtayi nazaridan qaraganda, bugungi AQSh o‘nlab yillar davom etgan xato tashqi siyosat tufayli zaiflashgan va Amerika endi bunday siyosatni olib borishga qurbi yetmaydi. Shu sababli Tramp doimiy ravishda krizis, zaifliklar, muammolar haqida gapirib, AQShni «uchinchi dunyo mamlakati», deb atab keladi, bu esa uning muxoliflarini g‘azablantiradi, chunki ular buni vatanparvarlikka zid, deb hisoblaydi. Amerikaning «ulug‘vorligi»ni qayta tiklashga chaqiruvchi balandparvoz shiorlar, aqlga sig‘mas darajada mubolag‘alar, Tramp doimo oshirib-toshirib ko‘rsatadigan boshqa mamlakatlarga, jumladan, Ukrainaga yordam miqdorlari («350 milliard dollar» — bu raqam uch barobar oshirib ko‘rsatilgan), xalqaro yordamning ko‘plab turlaridan voz kechish — bularning barchasi AQSh imkoniyatlarining cheksiz emas, balki cheklanganligini tan olishdir.
«Amerikani yana buyuk qilaylik» shiorini aynan shu nuqtayi nazardan tushunish mumkin — ya’ni Amerika buyukligini yo‘qotdi va bu buyuklikni qayta tiklash kerak. Yaqinda AQShda faoliyat olib borayotgan shotlandiyalik tarixchi Nil Fergyuson shu haqda yozgan edi. U targ‘ib qiladigan «Fergyuson qonuni»ga ko‘ra, har qanday buyuk barqudrat davlat mudofaa xarajatlaridan ko‘ra, qarzni yopish uchun ko‘proq mablag‘ sarflasa, buyuk barqudrat davlat maqomini yo‘qotish xavfiga ega. Bugungi AQShda vaziyat aynan shunday: Kongress budjet boshqarmasi baholariga ko‘ra, 2025 yilda qarzlar bo‘yicha foiz to‘lovlari 950 milliard dollardan oshadi, mudofaa xarajatlari esa taxminan 860 milliard dollarni tashkil qiladi.
Ko‘plab ekspertlar fikricha, qarzni yopish uchun xarajatlar o‘sib borayotgani sababli Amerika iqtisodiyoti o‘zining barcha qudrati va dollarning jahon zaxira valutasi sifatidagi barqaror pozitsiyasiga qaramasdan, bunga dosh berolmaydi. Bugungi AQSh endi dunyodagi yagona buyuk barqudrat davlat emas, yagona qutb ham emas, balki oqilona xalqaro siyosat asoslarini unutgan mamlakatdir, deb yozgandi yaqinda AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha sobiq elchisi va bir necha prezident ma’muriyatlarida (ham respublikachi, ham demokrat) Milliy xavfsizlik kengashi xodimi bo‘lib ishlagan Dennis Ross.
Rossiya siyosatchilari va propagandachilari Amerika gegemonligini qoralay boshlaganda, hozirgi Oq uy ular bilan bahsga kirishmaydi. Joriy ma’muriyatning o‘zi ham bu gegemonlikdan unchalik rozi emas va uni ta’sir qilish vositasi emas, balki ortiqcha yuk deb hisoblaydi. Amerikaning xorijdagi so‘nggi yirik harbiy operatsiyalari to‘lqini — Afg‘oniston, Iroq va Liviya Amerika imkoniyatlari zaxirasini tugatishga xizmat qildi.
Endi esa resurslarni ichki muammolarni hal qilishga yo‘naltirish lozim. Bu pozitsiya qo‘llab-quvvatlayotgan eng yorqin vakil — AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vensdir. «Biz iqtisodiyotimizni o‘zimiz istaganimizdek kuchli, deya ortiq yolg‘ondan ko‘rsata olmaymiz. Uoll-stritning baxtiga qarshi, biz dollarlar va derivativ shartnomalar bilan urushlarni olib bora olmaymiz, — degan edi u Vens Senatda chiqish qila turib. — Barcha pullarimizni Ukrainada sovurishdan ko‘ra o‘z ishlab chiqarish salohiyatimizni qayta tiklaganimiz yaxshi emasmi?»
American Enterprise Institute konservativ tadqiqot markazi vakili, tadqiqotchi Metyu Kontinettining ta’kidlashicha, Tramp «nol summali o‘yin» toifasidagi tushuncha bilan fikrlaydi. Uning nuqtayi nazaridan qaraganda, har qanday munosabatlarda, har qanday ziddiyat va bitimlarda g‘olib va mag‘lub tomon bor — har ikki tomonni qoniqtiradigan manfaatli «win-win» ssenariy Tramp uchun mavjud emas. Boz ustiga, u shaxsiyatning, eng avvalo o‘zining kuchiga qattiq ishonadi. Har qanday muloqot va muzokaralarda uning uchun suhbatdosh bilan yaxshi aloqa muhim, bu esa suhbatdosh tomonidan Tramp shaxsiyatining ulug‘vorligini tan olish lozimligini anglatadi, garchi bu artistlik yoki odamlarning ko‘zi uchun bo‘lsa ham.
Ukraina va Rossiya Tramp uchun nimani anglatadi?
Ukrainadagi urush muhimligi jihatidan Tramp uchun birinchi darajali masala emas. AQSh Kongressiga yaqinda qilgan murojaatida u bir soatlik ichki masalalarga bag‘ishlangan monologdan so‘ng Ukraina va Rossiyani eslab o‘tdi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi Tramp vaqtida boshlanmagan va buni u o‘zining emas, Jo Baydenning urushi deb hisobaydi, shu sababli bekor qilinishi lozim bo‘lgan narsalarning uzun ro‘yxatidan joy olgan.
Bunda «Tramp olami»da Ukrainaning pozitsiyasi unchalik havas qilarli emas. Tramp uchun Ukraina — ittifoqchi, biroq u qaram ittifoqchi, ya’ni xarajat obekti, daromad manbayi emas. Volodimir Zelenskiyning harakatlarini Tramp AQShdan pul va xavfsizlik kafolatlarini olishga intilish sifatida qabul qiladi va ularni berishni istamaydi. Chunki hozir Ukraina juda og‘ir vaziyatda, shuning uchun Tramp mantig‘iga ko‘ra, buni tan olish va urushishni bas qilish kerak, chunki har qanday mojaroda g‘olib va mag‘lub bo‘ladi. Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi o‘nglanmagan shaxsiy munosabatlar ham Ukraina foydasiga bo‘lmayapti.
Rossiya esa Tramp uchun mutlaqo boshqa o‘rinni egallaydi. Moskva ittifoqchi emas, balki AQSh bilan iqtisodiy jihatdan minimal darajada bog‘liq bo‘lgan mustaqil barqudrat davlatdir. Rossiya sharqiy tomonidan AQSh bilan chegaradosh, qadriyatlar jihatidan esa Tramp unchalik xushlamaydigan Yevropaga moyil emas, balki unga qarshi bo‘lgan davlatdir. «Nol summali o‘yin» nuqtayi nazaridan, Ukrainaga qarshi urushda Rossiyaning qo‘lida ko‘zir qartalar bor, Ukrainada esa hech vaqo yo‘q.
Bunga qo‘shimcha ravishda Putin allaqachon amerikalik hamkasbining xususiyatlarini puxta o‘rganib olgan va unga xushomad qilishni kanda qilmaydi va Tramp ham buni darhol sezadi. Tramp Rossiya bilan urushishni istamaydi va buni bema’nilik deb hisoblaydi. Shu bilan birga, Rossiya tarixiy jihatdan AQShning antagonisti bo‘lib qoladi, shuning uchun uning harbiy, gaz va Arktika sohasidagi imkoniyatlarini cheklash AQSh siyosiy kun tartibida mavjud bo‘lib qolaveradi.
Ko‘plab odamlar Trampning harakatlarida yanada nozik mantiqni ko‘rishga intilmoqda va Rossiya bilan munosabatlarni tiklashga urinish ortida Rossiya va Xitoy o‘rtasida nizo keltirib chiqarish istagi yotishiga e’tibor qaratmoqda. Bunday bayonotlar Tramp jamoasi tomonidan ham bildirilgan. «Biz Putinni o‘z xohishiga zid bo‘lgan harakatlarga majbur qilamiz... Biz uning Shimoliy Koreya bilan ilgari bo‘lmagan ittifoqini buzishga urinamiz. Uning Eron bilan ham avval bo‘lmagan ittifoqi bor. U Xitoy bilan ham ko‘p yillardan beri kuzatilmagan ittifoq tuzdi», — degandi Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog o‘z intervyularidan birida.
Kremlparast tahlilchilar bu mavzuni yaxshi bilishadi va oldindan tayyorgarlik ko‘rishgan. «Trampning maxsus harbiy operatsiyani yakunlashga intilishi ortida kelajakda Xitoy va Rossiyani ajratish istagi yashiringan bo‘lishi mumkin, — deydi qattiq loyalist va Yevropaga nisbatan preventiv yadro zarbasini qo‘llab-quvvatlovchi shaxs Sergey Karaganov. — Bu mutlaqo ratsional hisob-kitobdir. Ammo, Tramp Rossiya va Xitoyni ajratishga muyassar bo‘la olmasligi boshqa masala».
Kremlga moyil bo‘lmagan tahlilchilar ham bu strategiya ish bermasligini ta’kidlashmoqda. «Rossiya baribir Xitoy bilan qoladi, chunki Xitoy ishonchli va Putindan hech narsa talab qilmaydi. Amerikaning esa ertaga yangi prezidenti kelib, yana Putinni yetarli tarzda demokrat emas, deyishi mumkin», — degan edi «Meduza» nashriga intervyuda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining sobiq xodimi, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqiniga qarshi norozilik sifatida davlat xizmatidan iste’foga chiqqan Boris Bondaryov.
Tinchlantirish o‘rniga vayrongarchiliklar
AQSh-Rossiya-Xitoy uchburchagida hozirgiga o‘xshash bir holat avval ham bo‘lgan. Bu «tinchlantirish» deb atalgan va 1970-yillar boshlarida respublikachi prezident Richard Nikson rahbarligida Amerika o‘sha vaqtda omma qo‘llab-quvvatlamayotgan Viyetnam urushiga nuqta qo‘yishga urinayotgan edi. AQSh hamda SSSR o‘rtasidagi bu urush va qurollanish poygasi iqtisodiyotga katta bosim o‘tkazgandi.
SSSR Chexoslovakiyaga bostirib kirib, g‘arb davlatlarining g‘azabiga duchor bo‘layotgan paytlar edi, lekin shunga qaramasdan, AQSh sovet ittifoqi bilan munosabatlarni iliqlashtirishga tayyor edi. Natijada AQSh, SSSR va G‘arbning 33 mamlakati Helsinki yakuniy aktini imzoladi. Bu hujjat Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropada shakllangan chegaralarni belgilab berdi. Mohiyatan bu kelishuv SSSRning Sharqiy va Markaziy Yevropadagi ta’sir doirasini legitimlashtirish to‘g‘risidagi kelishuv edi.
AQSh va SSSR ko‘magi bilan ikki Germaniya bir-birini mavjud chegaralarda tan oldi, bu esa ulkan davlatlar o‘rtasidagi qarama-qarshilikni yumshatdi. Strategik qurollarni qisqartirish bo‘yicha muzokaralar boshlanib, SSSR Amerikadan g‘alla sotib ola boshladi, kosmosni o‘zlashtirishda hamkorlik qildi va Yevropaga neft hamda gaz yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi. Shu bilan birga, AQSh Nikson tashrifi orqali Xitoyning diplomatik izolyatsiyasini bekor qildi, bu esa keyinchalik iqtisodiy aloqalar va Xitoy iqtisodiy mo‘jizasi uchun zamin yaratdi.
Bugungi vaziyat o‘sha davrga o‘xshash bo‘lib, faqat Rossiya va Xitoy o‘rin almashgan. Xitoy endi o‘sha paytdagi SSSR kabi dunyo siyosatidagi ikkinchi qutbdir. Vashington ehtimoliy ravishda Rossiyani xalqaro izolyatsiyadan chiqarish va G7’ga qaytarishga tayyor, biroq bu Pekin bilan aloqalarni sovuqlashtirish evaziga bo‘lishi mumkin. Lekin Moskva ham, Pekin ham oldingi xatolarni takrorlamaslikka qaror qilgan — bu safar ular bir vaqtning o‘zida ham G‘arb, ham qo‘shnisi bilan nizoga kirishishni istamaydi.
Niksonning Xitoy bilan munosabatlarni yaxshilashi internatsionalizm siyosati merosi bo‘lib, bugun Tramp aynan shu tizimni buzishga harakat qilmoqda. Nikson AQSh qudratini dunyo diplomatiyasidagi faol ishtirok orqali mustahkamlashni maqsad qilgan bo‘lsa, Tramp o‘z strategiyasini xalqaro majburiyatlardan voz kechish va AQShning xalqaro alyanslardagi ishtirokini minimallashtirish ustiga qurmoqda. 1945 yildagi Yalta-Potsdam jarayoni yoki yangi Helsinki jarayonlari namunasida qandaydir katta geosiyosiy kelishuv konturlari hozircha ko‘zga tashlanmayapti.
Hozircha ma’lum narsa shuki, Vashington yirik barqudrat davlatlarning xatti-harakatlari uchun xalqaro cheklovlarni bekor qilishni istamoqda. Bu cheklovlar BMT Nizomi va XX asrning ikkinchi yarmida qabul qilingan xalqaro shartnomalarda belgilab qo‘yilgan. Rossiya allaqachon bu cheklovlarni o‘ziga nisbatan ma’lum bir darajada bekor qilib bo‘lgan.
«Chegara rus askari qadami yetgan joydan o‘tadi va bu holda davlat bundan parokanda bo‘lmasligi kerak», — degan gap bor ruslarda. Tramp esa shunga o‘xshash mantiq bo‘yicha harakat qilmoqda, faqat to‘g‘ridan to‘g‘ri urush emas, diplomatik va savdo usullari bilan.