Jahon | 19:53 / 11.03.2025
8466
6 daqiqa o‘qiladi

Yevropa nimadan qo‘rqmoqda: mintaqa o‘zini himoya qila oladimi?

Tramp boshchiligidagi AQSh ta’bir qilib bo‘lmaydigan davlatga aylandi. Tramp – kayfiyat odami, uning beqarorligiga bir necha bor guvoh bo‘ldik. Yevropa davlatlarini eng ko‘p qo‘rqitayotgan narsa – AQShning Rossiya bilan do‘stlashmoqchi ekani. Tramp Putin bilan yaqinlashib, Xitoyga qarshi AQSh–Rossiya ittifoqini yasash niyatida.

Yevropa Ittifoqi, NATOga a’zo davlatlar Tramp va uning administratsiyasiga ishona olmaydi. Tramp Grenlandiyani tortib olishni orzu qiladi. Grenlandiya – Daniyaning hududi, Daniya esa NATO a’zosi. Kanadani 51-shtat qilish niyatida, Kanada ham NATO a’zosi. Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo davlatlarni shokka solgan narsa – Tramp naqadar osonlik bilan Ukrainadan voz kechgani, uni Rossiyaga, Putinga tortiq qilgani bo‘ldi.

Mana shu fonda, “AQSh Yevropa xavfsizligini naqadar real himoya qiladi?” degan savol yevropaliklarni qattiq qiynamoqda. Chunki inqiroz paytida davlat rahbari bo‘lmish Tramp “yevropaliklarning o‘zida ayb, o‘zlari o‘zlarini himoya qilsin!” deydigan bo‘lsa, Yevropa yengiladi.

Ikkinchi jahon urushi tugagach, 1945 yildan to hozirga qadar Yevropa xavfsizligi AQShning qo‘lida edi, Amerika kafolati ostida edi. Lekin Trampning bayonotlari, vitse-prezident Vens va Pentagon rahbari Hegsetning Yevropadagi chiqishlari shuni ko‘rsatadiki, AQSh bundan keyin Yevropani himoya qilishni o‘zining vazifasi sifatida ko‘rmaydi.

Yaqinda Yevropa xavfsizligi bo‘yicha bir qancha sammitlar bo‘ldi. Yevropa Ittifoqi keyingi yillarda o‘zining xavfsizligi va mudofaasi uchun 800 milliard yevro ajratmoqchi. Lekin bu tizim tezda shakllanib qolmaydi, uzoq yillar va katta urinishlar talab qiladi. Hozircha Yevropa kontinentida xavfsizlik tizimi qaltislashdi.

Sovuq urush davrida AQSh o‘zining yadro arsenalini Yevropaning besh davlatiga joylashtirgan edi, bular: Turkiya, Italiya, Belgiya, Germaniya va Niderlandiya. Va mana shu yadroviy qalqon, boshida SSSRni, keyichalik esa Rossiyani tiyib turdi. Davlatlarning yadroviy arsenaliga kelsak, oxirgi xalqaro manbalarga ko‘ra, Rossiyada 5889 dona yadroviy kallak mavjud, AQShda esa 5244 ta, Xitoy Xalq Respublikasida 410 ta, Fransiyada 290 ta, Birlashgan Qirollik (Britaniya)da 225 dona.

Dunyoda hali yadroviy urush bo‘lmagan. 1945 yil avgustida AQSh Yaponiyaning Nagasaka va Hirosima shaharlariga atom bombasi tashlaganida, Yaponiyada yadro quroli yo‘q edi, shu sabab yadro urushi bo‘lmagan edi. Bugun, agar yadroviy urush boshlansa, u qanday bo‘ladi va natijasi qanchalik halokatli bo‘ladi – hech kim aniq modellashtira olmaydi. Lekin aniqki, yadroviy urushda tomonlar bir-birini kafolatlangan yo‘q qilishga, o‘ldirishga erishadi. Agar Rossiya va Yevropa o‘rtasida yadroviy urush bo‘lsa, Yevropaga inson yashab bo‘lmay qoladigan darajada zarar yetkaziladi.

“Yadroviy tiyib turish” deb, biron davlatning boshqa bir davlatga qaqshatgich yadroviy javob berish qobiliyatiga aytiladi. Ya’ni “agar kimdir bizga yadro quroli orqali hujum qilsa, bilsinki, uning o‘zi ham mutlaq tirik qolmaydi, barcha shaharlari va katta aholi qatlami yer bilan yakson qilinadi” degan javob tahdidi turadi.

Ukraina urushi fonida, va Trampning Putin bilan yaqinlashish, kelishish intilishlari soyasida, Yevropa o‘zining xavfsizligi va yadroviy himoya tizimi haqida o‘ylanmoqda. Yevropada iqtisodiy, demografik va harbiy-strategik jihatdan eng muhim uchta yirik davlat bor, bular: Fransiya, Britaniya va Germaniya. To‘g‘ri, Britaniya Yevropa Ittifoqidan 2016 yilda Brekzit orqali chiqib ketti, lekin Yevropa bilan xavfsizlik borasidagi hamkorligini davom ettirmoqda.

Rossiyaning yadroviy arsenali oldida, Fransiyaniki 20 baravar kichik. Lekin, bugun Yevropada Fransiya va Angliya yadro arsenalini bir kuch sifatida ko‘rish, va birgalikda Rossiyani yadroviy tiyib turish bo‘yicha strategiya ishlab chiqish boshlangan. Angliya va Fransiya yadro arsenalini qo‘shganda, 500 ta yadroviy kallakdan oshadi. Bu esa Rossiyani yadroviy tiyib turish uchun yetarli deb ko‘riladi.

Dunyoda tektonik o‘zgarishlar boshlandi. Dunyo davlatlarida qurollanish poygasi boshlanish arafasida. Yevropa keyingi yillarda, xuddi sovuq urush davridagi kabi, kuchli qurollanish niyatida. Qolaversa, xalqaro munosabatlarda xalqaro huquq ham izdan chiqa boshladi, va “kim kuchli bo‘lsa, shu haq bo‘ladi, qolgan davlatlar kuchlilarni aytganini qilishi kerak bo‘ladi” degan “o‘rmon qonuni” yana qayta tiklanish arafasida.

Har doimgi yakuniy xulosa shuki, yangi davrda Markaziy Osiyo uchun siyosiy va geosiyosiy mustaqillikni saqlash va mustahkamlashning sharti – kollektiv qudrat, kuch bo‘lish, ya’ni turkiy davlatlar birligi va Markaziy Osiyo birlashuvi bo‘lib qolaveradi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid