Asakalik 13 yoshli qizga qilingan shilqimlik holatini prokuratura tekshirmoqda

Jamiyat 22:04 / 03.02.2025 4813

Andijonda 13 yoshli qo‘shni qizga shilqimlik qilgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan erkak ishini prokuratura o‘rganmoqda. Bu haqda Kun.uz'ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Asaka tumanida istiqomat qiluvchi B.N. IIBga murojaat qilib, voyaga yetmagan farzandi S.M.ga qo‘shnisi A.B va uning xotini Yu.T. shahvoniy shilqimlik qilgani va jinsiy aloqada bo‘lish taklifini bergani sabab, ularga chora ko‘rishni so‘ragan.

Asaka tuman IIB tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasiga ko‘ra, 2024 yil 19 dekabr kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etib, ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Er-xotinga nisbatan MJtKning 41-1-moddasi 1-qismi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan ma’muriy ish ochilib, hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Asaka tumani sudiga yuborilgan.

Sudning dekabr oyidagi qarori bilan, shilqim erkakka 5 sutka ma’muriy qamoq, xotiniga esa 2 BHM (750 ming so‘m) jarima jazosi tayinlangan.

Shilqim erkak sud qaroridan norozi bo‘lib, viloyat sudiga appelyatsiya bergan, viloyat sudi dastlabki qarorni o‘z kuchida qoldirgan.

Hozirda Andijon viloyat prokuraturasi mazkur sud hujjatlarini o‘rganmokda.

Avvalroq Kun.uz voqea haqida sud qaroriga tayanib xabar bergandi. Qarordan ma’lum bo‘lishicha, voqea Asaka tumanining Yuksalish mahallasida ro‘y bergan. 38 yoshli B.A. o‘z uyida voyaga yetmagan qizdan jinsiy ehtiyojini qondirib qo‘yishini so‘rab, buning uchun 100 ming so‘m taklif qilgan.

B.A.ning xotini 33 yoshli T.Yu. esa 13 yashar qizdan erining jinsiy extiyojini qondirib qo‘yishini so‘rab, buning uchun unga 50 ming so‘m berishini aytgan. Qiz ularning bu harakatidan qo‘rqib, uydan qochib chiqib ketgan.

Sud hujjatida er-xotin o‘z ayblarini tan olgani aytiladi.

“2024 yil 9 noyabr kuni turmush o‘rtog‘im mendan jinsiy extiyojini qondirib qo‘yishi uchun qo‘shnimni olib chiqishni so‘radi. Ammo men voyaga yetmagan qo‘shni qizni uyga olib kirib, agar turmush o‘rtog‘imning jinsiy extiyojini qondirib qo‘ysa, 50 ming so‘m berishimni aytdim. Qilmishimdan pushaymonman”, – degan ayol sudda.

Ko‘proq yangiliklar: