Asaka tumanida 13 yoshli qo‘shni qizga pul evaziga jinsiy aloqada bo‘lish taklifini bergan er-xotin ishi sudda taftish tartibida qayta ko‘riladi. Bosh prokuratura holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura ma’muriy ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari qonuniyligini o‘rgangan. O‘rganish natijasiga ko‘ra, Bosh prokuratura tomonidan Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga jinoyat ishlari bo‘yicha Asaka tuman sudining 2024 yil 10 dekabrdagi hamda Andijon viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2024 yil 23 dekabrdagi qarorlariga nisbatan taftish tartibida protest keltirilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Asaka tuman sudi qarorida keltirilishicha, 2024 yilning 9 noyabr kuni Asaka tumanining Yuksalish mahallasida erkak voyaga yetmagan qo‘shni qizdan jinsiy ehtiyojini qondirib qo‘yishini so‘ragan. U qizga buning uchun 100 ming so‘m taklif qilgan.
Erkakning 1992 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i esa 13 yoshli qo‘shni qizdan erining jinsiy ehtiyojini qondirib qo‘yishini so‘rab, buning uchun unga 50 ming so‘m berishini aytgan. Qiz ularning bu harakatidan qo‘rqib, uydan qochib chiqib ketgan.
Sud qarori bilan er-xotin shahvoniy shilqimlik qilish huquqbuzarligini sodir etgan deb topilib, erkakka 5 sutka ma’muriy qamoq, uning turmush o‘rtog‘iga esa bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari, ya’ni 750 ming so‘m jarima jazosi tayinlangandi.
Erkak sud qaroridan norozi bo‘lib, viloyat sudiga appelyatsiya bergan, viloyat sudi dastlabki qarorni o‘z kuchida qoldirgan.
Holatga OAV e’tibor qaratishi ortidan prokuratura sud hujjatlarini o‘rgana boshlagani xabar qilingandi.