Toshkentda 9 yoshli qizga shilqimlik qilgan erkak 5 sutkaga qamaldi
24 yoshli erkak rassomchilik to‘garagida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. U to‘garak paytida o‘quvchi qizga shilqimlik qilgan. Bolalar ombudsmani Toshkent shahar prokuraturasiga sud qarori ustidan apellyatsiya tartibida protest kiritish haqidagi iltimosnoma jo‘natgan.

Foto: Darya Pona / 74.RU
Toshkent shahridagi 9 yoshli o‘quvchiga shilqimlik qilgan 24 yoshli erkak ma’muriy jazoga tortildi. Kun.uz sud qarori bilan tanishdi.
Sud hujjatida keltirilishicha, holat 2025 yil 16 fevral kuni soat 13:30 da Yakkasaroy tumanidagi rassomchilik to‘garagi maktabida sodir bo‘lgan. To‘garak o‘qituvchisi D.M. voyaga yetmagan qizning yelkalarini ushlab, uqalab, qo‘llarini ushlagan holda quchoqlagan hamda unga shahvoniy shilqimlik qilgan.
Sud majlisida D.M. aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan. U o‘quvchisini topshiriqlarni bajarib, yaxshi natija ko‘rsatgani uchun quchoqlaganini aytgan hamda bu kabi holat boshqa takrorlanmasligini bildirib, suddan o‘ziga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.
Jabrlanuvchining qonuniy vakili T.B. sudda 16 fevral kuni qizi uyga kelib, o‘qituvchisi D.M. dars vaqtida shilqimlik qilganini hamda uni quchoqlab olganini aytgan. Shundan so‘ng T.B. IIBga ariza bilan murojaat qilib, D.M.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Sud D.M. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan (shahvoniy shilqimlik) huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topdi. Unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Bolalar ombudsmanining Kun.uz’ga bildirishicha, mazkur holatda qabul qilingan sud qarori bola huquqlarini ta’minlash nuqtai nazaridan o‘rganilgan. Ayni paytda mazkur qaror bolaning manfaatiga muvofiq emasligi yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasiga sud qarori ustidan apellyatsiya tartibida protest kiritish haqidagi iltimosnoma yuborilgan.
Mavzuga oid

14:02 / 04.03.2025
Navoiyda 8-sinf o‘quvchisi farzandli bo‘ldi

18:11 / 02.03.2025
O‘zbekistonda maktablarda bir nafar o‘qituvchiga qancha o‘quvchi to‘g‘ri kelayotgani ma’lum qilindi

17:14 / 23.02.2025
Surxondaryoda piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan 8 yoshli o‘quvchi YTH qurboni bo‘ldi

12:14 / 13.02.2025