Asaka voqeasi ochib bergan tuynuk
Asaka tumanida 13 yoshli qo‘shni qizga pul evaziga jinsiy aloqada bo‘lish taklifini bergan er-xotin ishi sudda taftish tartibida qayta ko‘riladigan bo‘ldi. Holat OAV e’tiboriga tushganidan so‘ng Bosh prokuratura ma’muriy ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari qonuniyligini o‘rgandi.
O‘rganish natijasiga ko‘ra, Bosh prokuratura tomonidan Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga jinoyat ishlari bo‘yicha Asaka tuman sudining 2024 yil 10 dekabrdagi hamda Andijon viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2024 yil 23 dekabrdagi qarorlariga nisbatan taftish tartibida protest keltirilgan.
Ming afsuski, Asakadagi holat hozircha yagona emas. Jamoatchilik xabar topmagani ortidan sudda imi-jimida “ma’muriy” bo‘lib ketgan jinoyatlar talaygina. Birgina so‘nggi 3 oyda respublikaning turli hududlarida voyaga yetmaganlarga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilish bilan bog‘liq o‘nga yaqin holat kuzatilgan. Ularning ayrimlarini keltirib o‘tamiz.
1-holat: Muzrabot tumani
Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumani Dehqonobod mahallasida yashovchi 35 yoshli Z.E. voyaga yetmagan qo‘shni qizga shahvoniy shilqimlik qilgan. Holat 2025 yilning 31 yanvar kuni sodir bo‘lgan.
Sud qarorida keltirilishicha, Z.E. o‘sha kuni soat 12:00 larda voyaga yetmagan qo‘shni qizni uyiga chaqirib olgan hamda unga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgan. Sudda Z.E. aybiga iqrorlik bildirgan hamda o‘z yashash uyida voyaga yetmagan N.X.ning yuzidan o‘pganini, qilmishidan pushaymonligini aytgan.
Jabrlanuvchining qonuniy vakili sudda voyaga yetmagan qizini qo‘shnisi Z.E. yoniga chaqirib olib, uni quchoqlab o‘pganini hamda shahvoniy shilqimlik qilganini bildirgan. Shuningdek, Z.E.ga nisbatan qonun doirasida chora ko‘rishni so‘ragan.
Sud qarorida voyaga yetmagan qizning yoshi ko‘rsatilmagan. Ammo hujjatda keltirilgan ish tafsiloti mazmunidan qiz 16 yoshga to‘lmaganini tushunish mumkin.
Qarorda erkakning aybi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma, jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etib, ma’muriy javobgarlikka tortish haqidagi qaror, dastlabki surishtiruv davrida va sudda bergan ko‘rsatuvi bilan o‘z tasdig‘ini topgani keltirilgan. Shuningdek, sud dastlabki surishtiruv organi tomonidan Z.E.ning shahvoniy shilqimlik qilishda ifodalangan harakati MJtKning 41-1-moddasi 1-qismi bilan to‘g‘ri malakalangan deb hisoblagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudining 2025 yil 4 fevraldagi qarori bilan erkak 3 sutka ma’muriy qamoq jazosiga tortilgan.
Ishni tergov sudyasi Sherzod Yo‘ldoshev ko‘rgan.
2-holat: Uchtepa tumani
Ushbu holatda 47 yoshli erkak 14 yoshli qizga mashina ichida shahvoniy shilqimlik qilganini ko‘rish mumkin. Ammo sud unga ma’muriy qamoq jazosi tayinlash bilan kifoyalangan.
Sud qarorida keltirilishicha, 1978 yilda tug‘ilgan L.K. 2025 yil 31 yanvar kuni boshqaruvidagi “Matiz” mashinasiga Toshkent shahri Uchtepa tumani hududidagi avtobekatda turgan, 2011 yilda tug‘ilgan R.Sh.ni yo‘lovchi sifatida mindirgan. Erkak yo‘l davomida R.Sh.ning yuz va ko‘krak qismiga qo‘llarini tekkizib, shahvoniy shilqimlik qilgan.
L.K. sudda voyaga yetmagan R.Sh.ni mashinasiga yo‘lovchi sifatida o‘tqazganini, ammo unga shilqimlik qilmaganini aytib ko‘rsatma bergan.
Sud majlisida qonuniy vakil ishtirokida so‘ralgan qiz esa erkak mashina ichida uning yuz va ko‘krak qismiga teginib, shahvoniy shilqimlik qilganini bildirgan.
Sud L.K.ning harakatlari MJtKning 41-1-moddasi 1-qismi bilan to‘g‘ri malakalangan deb hisoblagan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudining 2025 yil 3 fevraldagi qarori bilan erkakka 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Ishni tergov sudyasi Xurshid Sodiqov ko‘rgan.
3-holat: Nishon tumani
Qashqadaryo viloyatida 6-sinfda o‘qiydigan qizga nisbatan shahvoniy shilqimlik 61 yoshli erkak tomonidan sodir etilgan.
Sud qarorida bayon qilinishicha, Nishon tumanining Do‘stlik mahallasida yashovchi, 1964 yilda tug‘ilgan N.B. voyaga yetmagan qo‘shni qizga shahvoniy shilqimlik qilgan. U mast holatda qizaloqning qo‘lidan ushlab, 200 ming so‘m evaziga jinsiy aloqa qilishni taklif etgan.
Erkak sudda o‘sha kuni spirtli ichimlikdan mast holatda bo‘lganini bildirgan.
“Voyaga yetmagan qo‘shnim M.P.ga jinsiy aloqada bo‘lishni taklif qilgan yoki qilmaganimni eslay olmayman. Balkim taklif qilgan bo‘lishim ham mumkin. Hozirgi kunda qilgan ishimdan pushaymonman. Kelgusida bu kabi harakatlarni takrorlamayman”, degan N.B. o‘z ko‘rsatmasida.
Qonuniy vakili ishtirokida so‘ralgan 13 yoshli qiz 2024 yil 25 noyabr kuni ko‘chada o‘ynab o‘tirganida N.B. mast holatda motorollerini boshqara olmasdan yashash uyi oldidagi ekin maydoniga kirib ketganini, unga motorollerini chiqarishga yordamlashganini, shunda erkak qo‘lidan ushlagan holda “200 ming so‘m beraman, men bilan jinsiy aloqada bo‘lib yur”, deganini ma’lum qilgan.
Erkakning harakatidan qo‘rqqan qiz qochib ketgan hamda voqeani onasiga aytib bergan. N.B.ning voyaga yetmagan qizga 200 ming so‘m evaziga jinsiy aloqa qilish taklifini ikkinchi bir qo‘shni erkak ham eshitib qolgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudining 2024 yil 3 dekabrdagi qarori bilan N.B.ga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Ishni jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon sudi raisi Alisher Qahhorov ko‘rgan.
4-holat: Navbahor tumani
Mazkur holat Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi Armijon mahallasida sodir bo‘lgan. Bu holatda ham katta erkak voyaga yetmagan qo‘shni qizga shahvoniy shilqimlik qilgan.
Sud qaroriga ko‘ra, 1991 yilda tug‘ilgan E.R. 2025 yil 18 yanvar kuni o‘z yashash xonadonining orqa tomonida voyaga yetmagan qo‘shni qizga jinsiy a’zosini ko‘rsatib, shahvoniy xususiyatga ega harakatlar qilgan.
Erkak sudda aybiga iqror bo‘lgan.
“Haqiqatan ham 2025 yil 18 yanvar kuni spirtli ichimlik iste’mol qildim. Mast holatda yashash xonadonimning orqa tomonida voyaga yetmagan S.M.ga o‘zimning jinsiy a’zomni ko‘rsatib, behayo qiliqlar qilganimni tan olaman. Qilgan ishimdan pushaymonman. Oilaviy sharoitim va moddiy ahvolimni inobatga olib, qonuniy yengillik berishni so‘rayman”, degan u ko‘rsatmasida.
Jabrlanuvchining qonuniy vakili esa o‘ynab yurgan qiziga mast holatda behayo qiliqlar qilgan qo‘shnisini kechirmasligini aytib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Navbahor tuman sudining 2025 yil 21 yanvardagi qarori bilan E.R.ga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llangan.
Ishni tergov sudyasi Kozim Koziyev ko‘rgan.
Shunday qilmish uchun berilgan jinoiy jazo
Oldinroq Toshkent shahrida 8 yoshli qizga ko‘chada uyatsiz harakatlar qilgan erkak jinoiy jazoga tortilgandi. 63 yoshli erkakning qilmishi Jinoyat kodeksining 129-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 3-qismi bilan malakalangan.
Ish jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining sudyasi S.Abdug‘aniyev raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.
Sud hukmiga muvofiq erkak Jinoyat kodeksining 129-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 50-moddasi (ozodlikdan mahrum qilish) 6-qismi talabidan kelib chiqqan holda 5 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilangan.
Voyaga yetmaganga shilqimlik jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi
16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan shilqimlik qilish to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bu haqda Oliy sud plenumining 2018 yil 30 noyabrdagi qarorida belgilab qo‘yilgan.
Plenum qarorining 11-1-bandida o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan shahvoniy shilqimlik ko‘rinishidagi uyatsiz-buzuq harakatlar Jinoyat kodeksining 129-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.
16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan shilqimlik qilish to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini Bosh prokuratura katta prokurori Laylo Fayzimurodova ham tasdiqlagandi.
“2023 yilda qabul qilingan qonunga muvofiq Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga shilqimlik moddasi kiritilgan edi. Ushbu modda voyaga yetmaganlarga nisbatan shilqimlikni nazarda tutmagan. Jinoyat kodeksida 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish jinoyati nazarda tutilgan 129-modda bor.
Natijada “modda o‘yini” boshlandi: Jinoyat kodeksining 129-moddasi (16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ish qo‘zg‘atiladimi yoki Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi (shahvoniy shilqimlik) asosida faqat ma’muriy javobgarlikmi? Bunday holatlar bo‘ldi. Prokuratura tomonidan tahliliy ishlar amalga oshirildi.
Xorazm viloyatida kuzatilgan holatdan so‘ng bu masala ko‘tarilib, Oliy sud plenum qaroriga agar shilqimlik 16 yoshga to‘lmagan bo‘lgan shaxsga nisbatan bo‘lsa, to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik masalasi ko‘rilishi haqida o‘zgartirish kiritildi”, degan edi Laylo Fayzimurodova.
Mamlakatda qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi hamda odil sudlovni ta’minlashga mas’ul yuqori idoradagilar bu holatga jiddiyroq e’tibor qaratishsa yaxshi bo‘lardi.
Ruslan Saburov,
Kun.uz