3 fevral yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekiston 20:18 1245

O‘zbekistonda «Halol» belgisiga ruxsat, 80 ming dollar bilan qo‘lga tushgan mutaxassis, YPX xodimi ustiga mashina haydagan haydovchi va dunyo kezayotgan o‘zbek sayyoh blogerlari — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

O‘zbekistonda «Halol» belgisiga ruxsat berildi

O‘zbekistonda 2025 yil 1 maydan Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti (SMIIC) talablariga muvofiq sertifikatlangan mahsulot va xizmatlarga «Halol» belgisi qo‘yishga ruxsat etildi.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra:

  • «Halol» talablariga muvofiq mahsulot va xizmatlarni sertifikatlashtirish tartibi joriy etiladi;
  • Sertifikatlashtirilgan mahsulotlar davriy baholanadi;
  • O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita «Halol» talablariga muvofiq sertifikatlashtirishni nazorat qiladi.

Shuningdek, «Halol» belgisining rasmiy shakli va o‘lchamini belgilaydigan standart loyiha ishlab chiqiladi. Qaror rasmiy e’lon qilingan sanadan 3 oy o‘tib, ya’ni 1 maydan kuchga kiradi.

DXXning Xorazm va Farg‘onadagi korrupsiyaga qarshi tezkor tadbirlari

Xorazm viloyati Transport boshqarmasi bosh mutaxassisi 80 ming dollar pora olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlandi.

DXX ma’lumotiga ko‘ra, u tadbirkorning ishonchiga kirib, Urganchdagi 960 kvadrat metr yer maydonini kadastr idoralaridagi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish va ko‘p qavatli turar joy qurish uchun hujjatlarni tayyorlash evaziga 135 ming dollar talab qilgan. Shuning 80 ming dollarini olgan paytida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining firibgarlik va pora berishga qasd qilish moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Farg‘ona viloyatida ham korrupsiya holati aniqlangan. Yozyovon tumanining Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi qurilish pudratchisi uchun reyting ballarini oshirish va tenderga taqdim qilish maqsadida soxta hujjatlar tayyorlab berish evaziga 8700 dollar olgan vaqtida ushlangan. Bu xodimga nisbatan ham jinoyat ishi ochilgan.

YPX xodimi ustiga mashina haydagan haydovchi qamoqqa olindi

Samarqand shahrida yo‘l patrul xizmati xodimining talabiga bo‘ysunmagan va uning hayotiga xavf tug‘dirgan haydovchi qamoqqa olindi.

31 yanvar kuni Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida YPX xodimi davlat raqami belgisiz Onix avtomashinasini to‘xtatmoqchi bo‘lgan. Haydovchi esa mashinani inspektor ustiga haydab, tan jarohatlari yetkazgan va voqea joyidan qochib ketgan.

Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 140- va 219-moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi. U protsessual tartibda ushlanib, qamoqqa olindi.

Qonunga ko‘ra, 140-moddaning 3-qismi bo‘yicha 400-600 BHM miqdorida jarima yoki 1 yilgacha ozodlikni cheklash jazosi belgilangan. 219-moddaga ko‘ra esa 3-5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki undan mahrum etish jazosi qo‘llanishi mumkin.

Hozir tergov harakatlari davom etmoqda.

O‘zbekistonlik bloger Spark’da Yevropaga sayohat qildi

O‘zbekistonlik sayohatchi-bloger Mirfayoz Mirboboyev Spark avtomobilida minglab kilometr yo‘l bosib, Yevropaga yetib bordi. U sayohati davomida Qozog‘iston va Rossiya orqali harakatlanib, Yevropaning 15 ta mamlakatiga borishni rejalashtirgan.

Hozirgacha u Latviya, Estoniya va Finlandiyani kezib chiqqanini Instagram sahifasida yoritdi. Ta’kidlanishicha, Toshkentdan Finlandiyagacha bo‘lgan yo‘l unga atigi 600 dollarga tushgan. Mirboboyev ayni kunlarda sovuq Norvegiyada sayohatini davom ettirmoqda.

O‘zbekistonlik blogerlar orasida uzoq masofaga piyoda yoki bitta transportda safar qilish trendga aylanmoqda. Bunga misol tariqasida Why Shoha nomi bilan tanilgan blogerning Andijondan Qoraqalpog‘istonga piyoda safarini ko‘rsatish mumkin. U Nukusga 52 kunda yetib borgan edi. Andijonlik sayohatchi Abu esa shu kunlarda Afg‘oniston va Eron orqali Iroqqa o‘z mashinasida yolg‘iz sayohat uyushtirmoqda.

2024 yilda O‘zbekistonga 8,2 mln sayyoh tashrif buyurdi

2024 yil davomida O‘zbekistonga 8,2 mln xorijlik sayyoh keldi. Bu 2023 yilga nisbatan 1,8 mln nafarga ko‘proq.

Statistikaga ko‘ra, sayyohlarning qariyb yarmini ayollar tashkil etadi, bu 49,8 foiz, ya’ni 4,08 mln bo‘ladi, yarmidan sal oshiqrog‘ini esa erkaklar tashkil etadi — 4,1 mln yoki 50,2 foiz.

Turistlarning asosiy qismini Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiya fuqarolari tashkil qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: